Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:57

Tojikiston Suriyadagi fuqarolarini qaytarishga hozirlanmoqda


Suriyaning kurdlar nazoratidagi Al-Hovl lageri - 17 -oktabr, 2019
Suriyaning kurdlar nazoratidagi Al-Hovl lageri - 17 -oktabr, 2019

Tojikiston Suriyaning kurdlar nazorati ostidagi hududlarida joylashgan qochqinlar lagerlaridan yuzlab fuqarosini – asosan halok bo‘lgan «Islomiy davlat» jangarilarining bevalari va ularning farzandlarini vataniga qaytarishga hozirlik ko‘rmoqda.

Ozodlikka gapirgan tojik diplomatlariga ko‘ra, lagerlarda qolib ketgan 800 ga yaqin tojikistonlikning birinchi guruhi «bir necha hafta ichida» vataniga olib kelinadi.

Tojikistonning Quvaytdagi elchisi Zubaydullo Zubaydzoda 8 va 9 - dekabr kunlari Suriyaning shimoli-sharqidagi Al-Hovl va Al-Roj lagerlariga tashrif buyurib, yuzlab tojik ayol va ularning farzandlari bilan uchrashdi.

«Biz vatanga qaytishni istagan 200 ga yaqin Tojikiston fuqarolari ismlarini ixtiyoriy ravishda qaytarish dasturi doirasida ro‘yxatga oldik», - deb aytdi elchi 9 - dekabr kuni Ozodlik bilan suhbatda.

Ammo Zubaydzodaning aytishicha, lagerlardagi tojikistonlik ayollarning ba’zilari vatanga qaytishni istamasliklarini aytib, Zubaydzoda va uning hamkasblari bilan uchrashishdan bosh tortishgan.

So‘nggi bir necha kun ichida Zubaydzoda lagerlarni nazorat qiluvchi kurd rasmiylari bilan uchrashgan va ulardan Tojikiston fuqarolarini vataniga qaytarish uchun ruxsat olgan.

Zubaydzoda, shuningdek, Suriya hukumati rasmiylari va Xalqaro Qizil xoch va Qizil yarim oy jamiyatlari federatsiyasi vakillari bilan uchrashib, Dushanbening o‘z fuqarolarini vataniga qaytarish rejasini muhokama qilgan.

Diplomatning aytishicha, birinchi guruh Yangi yil kuni arafasida yoki yanvar oyining boshlarida Dushanbega olib kelinadi.

Tojikiston hukumati Suriya va Iroqdagi qamoqxona va qochqinlar lagerlarida qolayotgan barcha tojikistonlik ayollar va ularning bolalarini uyga qaytarishga qaror qilganini bildirgan.

Tojikiston rasmiylari IShID jangarilarining oila a’zolari chet elda qolib ketsa, ular kelajakda mamlakat xavfsizligiga tahdid solishi mumkinligidan xavotirda.

2014 - yildan buyon 2000 ga yaqin tojikistonlik Suriya va Iroqda IShID jangarilari saflariga qo‘shilgan.

2019 - yildan buyon amalga oshirilayotgan yirik dastur doirasida Tojikiston Iroqdan o‘nlab yosh bolani vataniga qaytardi. Ammo 2020 - yilda koronavirus pandemiyasi tufayli chegaralar yopilishi ortidan dastur to‘xtab qolgan edi.

Al-Hovl lageridagi 27 yoshli tojik ayol Zubaydzodaning ayrim ayollar Suriyada qolishni istashi haqidagi gaplarini tasdiqladi.

«Ular nafaqat Tojikistonga qaytishni xohlashmaydi, balki boshqa tojik ayollariga ham bosim o‘tkazishmoqda: bizni diplomatlar bilan uchrashmaslikka va o‘z ismlarimizni vatanga qaytishni istovchilar ro‘yxatiga kiritmaslikka chorlashmoqda», - dedi o‘zini Madina deb tanishtirgan ayol.

«Ular Tojikistonga qaytishimiz bilan bizni hibsga olishlarini aytishmoqda», - dedi 9 - dekabr kuni Ozodlik bilan WhatsApp orqali suhbatlashgan Madina.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Al-Hovldagi tojik ayollar «ikki guruhga bo‘lingan»: bir guruh ayol vatanga qaytishga oshiqayotgan bo‘lsa, ikkinchi guruh Tojikiston rasmiylariga ishonmayapti.

Tojikiston hukumati ikkinchi guruhni farzandlari bilan birga Tojikistonga qaytishga ishontirishga urinish-urinmasligi noma’lum.

Bu holat xavfsizlik borasida xavotir tug‘diradi, chunki Al-Hovl lagerida ekstremistik guruhning qaytishiga hanuz umid qilayotgan beva ayollar soni ko‘p. Xabarlarga ko‘ra, IShID jangari guruhining ashaddiy tarafdorlari qochqinlar lagerlarini «keyingi xalifalikning beshigi» deb atamoqda.

Madina radikal bevalar tahdidlaridan qo‘rqmasligini aytdi. U Ozodlikka ikki kichik bolasi bilan uyiga qaytib, IShID va Suriyada boshdan kechirgan dahshatlarni unutib, yangi hayot boshlash istagida ekanini bildirdi.

Madinani birinchi eri 2015 - yilda bolasi bilan Rossiya va Turkiya orqali Iroqqa olib borgan. Madina eri uni «aldagani», ko‘p o‘tmay Mosulda halok bo‘lganini aytdi. Madina eri o‘limi ortidan uyg‘ur jangariga turmushga chiqqan va ikkinchi o‘g‘lini tuqqan.

Madinaning hikoyasi lagerdagi boshqa tojik ayollar hikoyalariga o‘xshaydi: ular ham erlari yolg‘onlari tufayli Suriya va Iroqqa borishganini so‘zlab berishdi.

Al-Hovl lageridagi tojikistonliklardan biri Ozodlikka ba’zi ayollar erlari o‘ldirilganidan keyin olti martalab boshqa-boshqa jangariga erga tekkanini so‘zlab berdi.

Ismini oshkor qilishni istamagan ayol Al-Hovldagi ba’zi ayollarda boshqa-boshqa erlaridan tuqqan beshtagacha farzandi borligini aytdi.

Rasmiy Dushanbe bolalarning otalari qaysi millatga mansub bo‘lishidan qat’i nazar, Iroq yoki Suriyada tug‘ilgan bolalarni, agar ularning onalari tojikistonlik bo‘lsa, Tojikiston fuqarosi sifatida qabul qilishini bildirgan.

Dushanbe hisoblariga ko‘ra, 800 ga yaqin tojikistonlik Suriya lagerlarida yashamoqda. Lagerlardagi tartibsizlik, hujjatlar yo‘qolib ketgani va ayrimlar asl shaxsi va vatanini oshkor qilishni istamayotgani uchun ularning sonini aniqlash mushkul.

Tojikistonlik qochqinlarning aksariyati Al-Hovl lagerida qolmoqda. Tojikistonlik diplomatlar Al-Hovl lagerida odamlar «dahshatli sharoitlarda» yashayotgani haqida so‘zlab berdilar: lagerda oziq-ovqat, dori-darmon va elektr energiyasi yetishmaydi.

«Juda sovuq. Chodirlari ichiga teshiklardan suv o‘tadi», - dedi Zubaydzoda.

Kichikroq Al-Roj lagerida sharoit yaxshiroq ekanligi aytilmoqda.

«Kuniga 24 soat elektr toki bor, chodirlar ichida elektr isitgichlardan foydalanamiz», - dedi Tojikistondan kelgan 31 yoshli ayol.

Tojikiston, Qozog‘iston va O‘zbekiston Suriya va Iroqdan o‘z fuqarolarini qaytarish siyosatini tanladi.

Ko‘plab Yevropa davlati esa ekstremist guruh saflariga qo‘shilgan fuqarolari oila a’zolari vataniga qaytarilsa, xavfsizlikka tahdid solishini aytib, ulardan yuz o‘girdi.

Ayrim terrorizm bo‘yicha mutaxassislar bunday siyosat teskari natija berishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Britaniyadagi Qirollik birlashgan xizmatlar institutining katta ilmiy xodimi Rafaello Pantuchchi:

«Ularni lagerlarda qoldirib qo‘yish kamroq radikal yoki vatanidan ozroq alamzada shaxslarga aylantirmaydi», - dedi.

Bu orada Iroqdan Tojikistonga qaytarilgan o‘nlab bola Dushanbe yaqinidagi bir necha yopiq muassasada puxta ishlab chiqilgan reabilitatsiya jarayonidan o‘tmoqda.

Bu bolalarning ayrimlari Iroqda o‘ldirilgan tojik jangarilarning yetimlari. Boshqalari esa IShID bilan aloqasi bo‘lgani uchun Iroqda qamalgan tojik ayollarining bolalaridir.

Mazkur jarayon bilan tanish bo‘lgan tojikistonlik rasmiy ismini oshkor qilmaslik sharti bilan Ozodlikka o‘qituvchilar, psixologlar va boshqa mutaxassislar bu bolalarning Tojikistonda yangi hayotga moslashishiga yordam berish ustida ishlayotganini so‘zlab berdi.

Tojikiston hukumati Suriya va Iroqda IShID saflariga qo‘shilish uchun ketgan fuqarolariga kechirimli munosabatda bo‘lib kelmoqda.

2015 - yilda hukumat janglarda qatnashmagan va vataniga ixtiyoriy ravishda qaytib kelib, qilmishidan tavba qiladigan fuqarolariga amnistiya e’lon qildi. Ushbu siyosat e’lon qilinishi ortidan o‘nlab tojikistonlik uyiga qaytdi va qisqa muddatli so‘roqlardan keyin normal hayotga qaytdi.

XS
SM
MD
LG