Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:05

Tojikiston va Qirg‘iziston Rossiya bilan savdoda rublga o‘tdi. Foyda va zarari


Qirg‘iziston Rossiya bilan o‘zaro hisob-kitobda rubldan foydalanishga o‘tdi. Gaz va yoqilg‘i-moylash mahsulotlari ham Rossiya valyutasida xarid qilinadi.

Ukrainada urush boshlanishi bilan G‘arb mamlakatlari Moskvaga qarshi qator sanksiyalarni joriy etgan edi. Shundan so‘ng Rossiya asosiy hamkorlari bilan tashqi savdoni rublda yuritadigan bo‘ldi. Ular sirasida Tojikiston va Qirg‘iziston ham bor.

Qirg‘iziston Rossiya rublida hisob-kitob qiladi

Rossiya Qirg‘izistonning iqtisodiy va siyosiy hamkori sanaladi. Tomonlar o‘zaro savdoda rubldan foydalanishga o‘tdi. Qirg‘iziston iqtisodiyot va savdo vaziri Daniyar Amangeldiev mazkur qarorga Moskvaga qarshi joriy etilgan G‘arb sanksiyalari sabab bo‘lganini tasdiqladi. Mulozimga ko‘ra, Rossiya-Qirg‘iziston savdo aylanmasidan tashqari, yoqilg‘i-moylash mahsulotlari (YoMM) xaridlari ham to‘liq rublda amalga oshiriladi.

“Rublga to‘liq o‘tdik, desak ham bo‘ladi. Chunki Rossiya SWIFT tizimidan uzilgan, amaliyotni boshqa valyutada amalga oshirish imkoni yo‘q. Rossiya bilan bojxona ittifoqida boj to‘lovlari rublda va somda o‘tkaziladi”, dedi Daniyar Amangeldiyev.

Ilgari Qirg‘iziston gaz va yoqilg‘i-moylash mahsulotlarini Rossiyaning “Gazprom”idan dollarga sotib olardi. Mulozim bu oldi-sotdida rublga o‘tish natijasida Rossiya valyutasi kursi bir oz ko‘tarilganini qo‘shimcha qildi.

Rublga o‘tishning foydasi va zarari

Rossiya iqtisodiyoti hamda valyutasi og‘ir sinovlarga duch kelgan ayni damda Qirg‘iziston-Rossiya savdosining rublga o‘tkazilishi nimalarga olib keladi?

Iqtisodiy masalalar bo‘yicha ekspert Temirbek Ajiqulov Qirg‘iziston oldin ham Rossiyadan ayrim mahsulotlarini rublga xarid qilganini eslatadi. Rossiya valyutasiga to‘liq o‘tishning foydali va xatarli tomonlari xususida u shunday fikr bildirdi:

“Masalan, Rossiyadan texnika va qurilish materiallarini rublga sotib olardik, lekin gaz va benzinga faqat dollarda haq to‘lanardi. Gaz bilan YoMM uchun rublda pul to‘lay boshlasak, bu bizga foydali bo‘ladi. Arzonroqqa tushadi. Ayni chog‘da Xitoy, Turkiya va Yevropa mamlakatlari bilan ham tijoratimiz borligini va ular dollarda hisob-kitob qilishlarini unutmasligimiz kerak. Yana bir katta masalalardan biri – Rossiya ko‘pdan beri YeOII hududida yagona valyutaga o‘tishga qistab kelayotganidir. Bu biz uchun xayrli emas. Chunki iqtisodiyotimiz kichik, YeOIIga a’zo boshqa mamlakatlar iqtisodiyoti bilan raqobatga dosh berolmaymiz. U holda chetdan keltirilajak barcha mahsulotlarni Rossiya orqali olib kirishga majbur bo‘lamiz”.

2021-yilda Qirg‘izistonning mahsulot aylanmasi 7,2 mlrd dollarni tashkil qilgan, shundan 2,2 mlrd dollari (31,2 foizi) Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan edi. O‘tgan yilda Rossiyadan Qirg‘izistonga jami 1,9 mlrd dollarlik mahsulot import qilingan.

So‘nggi yillarda Qirg‘iziston tashqi savdo aylanmasida Xitoyning ulushi tobora ortayotgan bo‘lsa-da, eng muhim strategik tovarlar – gaz, neft mahsulotlari, qurilish ashyolari va g‘alla hanuz Rossiyadan keltirilmoqda. Moskva Bishkek uchun nafaqat savdo-iqtisodiy, balki harbiy sohada ham asosiy hamkorlardan biridir.

Rossiya Tojikistondagi vaziyatni kuzatmoqda

Qirg‘iziston bilan bir paytda Tojikiston ham tashqi savdoda rubldan foydalanishga o‘tdi. Mamlakat tashqi ishlar vaziri Zavqi Zavqizoda o‘tgan haftada tojik shirkatlarining 70 foizi Rossiyadan import qilinadigan mahsulotlar uchun rublda haq to‘lashga doir shartnomaga imzo chekkanini ma’lum qildi.

“Bu juda yaxshi ko‘rsatkich. Joriy yilning may oyida MDH Iqtisodiy kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi. Mazkur anjuman davomida a’zo davlatlar tomonidan o‘zaro hisob-kitobda milliy valyutalardan foydalanishdek muhim hujjat qabul qilingan”, dedi Zavqizoda.

Tojikistonlik ekspert Abdumannon Sheraliyev Tojikiston bilan Rossiyaning o‘zaro hisob-kitobda rublga o‘tganini valyuta bozorini tartibga solish uchun yaxshi sharoit o‘laroq baholaydi. Uning fikricha, mazkur chora mamlakat iqtisodiyotining dollar defitsitidan qutulishiga yordam beradi.

Moliyaviy tahlilchi Foziljon Fatulloyev esa Rossiya rublining barqarorligi migrantlar uchun foydali bo‘lishi bilan birga, eksport bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarning sarf-xarajatlarini ko‘paytirishini aytadi.

Tojikiston va Rossiya prezidentlari joriy yilning 28-iyunida uchrashishgan. O‘shanda 2022-yilning dastlabki 5 oyida ikki mamlakat o‘rtasida mahsulot aylanmasi 50 foizga oshgani qayd etilgan, biroq bunday keskin o‘sish xususida biron izoh berilmagan edi.

Rossiya YeOII doirasida yagona valyuta – rublga o‘tish tashabbusini ilgari surib keladi. Masala ko‘pdan beri muhokama qilinmoqda, Qozog‘iston va boshqa a’zolar ushbu taklifni kelajak loyihasi o‘laroq dastaklamadi.

Yaqinda AQSh Moliya vazirligi sanktsiyaga kiritilgan tovarlarning Rossiya va Belarus bozorlariga yetkazishda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatini e’lon qilgan edi. Ro‘yxatda Qirg‘iziston va Tojikiston ham bor. Hujjatda bu mamlakatlar sanktsiya ostidagi tovarlarni xomashyo sifatida qonuniy tarzda sotib olishi mumkinligi, biroq ularni Rossiya yoki Belarusga eksport qilish taqiqlanishi urg‘ulangan.

XS
SM
MD
LG