Линклар

Шошилинч хабар
09 декабр 2025, Тошкент вақти: 19:08

Tojikistonda muxolifatchi 30 yilga qamaldi


 Suhrob Zafar (chapda) va Nasimjon Sharifov.
Suhrob Zafar (chapda) va Nasimjon Sharifov.

Dushanbe shahri sudi Tojikiston muxolifatining ikki faoli – “Gruppa 24” yetakchisi Suhrob Zafarni 30 yil, uning safdoshi Nasimjon Sharifovni esa 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi.

Sud hukmi 10-oktyabr kuni yopiq eshiklar ortida e’lon qilingan.

Tojikiston rasmiy idoralari bu xabarni na tasdiqlagan, na rad etgan.

Ozodlikning tojik xizmati suhbatlashgan ikki manba “sudya mahbuslarga prokuror talab qilgan jazoni tayin qilgani”ni aytgan.

30 yilga ozodlikdan mahrum qilish Tojikiston qonunchiligidagi eng qattiq jazolardan biri bo‘lib, u kamdan-kam hollarda qo‘llanadi. So‘nggi bosqich umrbod qamoqdir.

Manbalarga ko‘ra, Suhrob Zafar sudda pora olmagani, birovni o‘ldirmagani, umuman, nadomat chekishga arziydigan qilmishlarni sodir etmaganini aytgan. U, shuningdek, “Gruppa 24” terroristik yoki ekstremistik tashkilot emasligini urg‘ulagan.

Hukm tafsilotlari noma’lum.

“Gruppa 24” vakillari avvalroq Suhrob Zafar va Nasimjon Sharifov nohaq ravishda “konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik yo‘li bilan o‘zgartirishga da’vat etish”da ayblanayotganini ma’lum qilgandi.

Har ikki muxolifatchi so‘nggi yillarda Turkiyaning Istanbul shahrida yashab kelgan. Ular birin-ketin fevral va mart oylarida g‘oyib bo‘lgan. Tojikiston bosh prokurori oradan yarim yil o‘tganidan keyingina Suhrob Zafar va Nasimjon Sharifov Dushanbeda ekani, ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini tan olgan.

“Gruppa 24” faollari ularni Tojikiston huquq-tartibot idoralari xodimlari o‘g‘irlagan deb hisoblaydi. Muxolif harakat o‘z rahbariga nisbatan sud jarayoni adolatli o‘tganini ham shubha ostiga olgan.

“Gruppa 24” 2014-yilda Tojikiston Oliy sud qarori bilan “ekstremistik tashkilot” deb e’lon qilingan. Ushbu tashkilotga a’zolik sabab Tojikiston, Rossiya va boshqa mamlakatlarda o‘nlab kishi qamoqqa olingan.

XS
SM
MD
LG