Линклар

Шошилинч хабар
24 октябр 2021, Тошкент вақти: 23:49

Tojikistonning toliblar Afg‘onistoni bilan aloqalari qanday bo‘ladi?


Prezident Emomali Rahmon Tojikiston chegara qo‘shinlarini ziyorat qilmoqda - 16 - iyul, 2021

Afg‘onistonda Tolibon harakati tuzgan hukumat, jahon hamjamiyati va qo‘shni mamlakatlar kutganiga va hatto talab qilganiga qaramay, mutlaq tolibparast hukumat bo‘ldi.

Avvalroq Tojikiston bu tariqa shakllantirilgan hukumatni tan olmasligini ochiq aytgan edi. Xo‘sh, Dushanbe yangi voqelikka rozi bo‘ladimi, Tojikistonning toliblar hukumati bilan o‘zaro aloqalari qanday bo‘lishi mumkin?

Tolibon Afg‘onistonning yangi hukumatini tuzgani haqida 7 - sentabr kuni harakat matbuot kotibi Zabihulla Mujohid e’lon qilgan edi. Tayinlovlarga qaraganda barcha muhim vazirliklar toliblar vakillariga taqsimlab berilgan. Vazir yoki unga tenglashtirilgan boshqa lavozimlarga o‘tirganlardan ayrimlari terrorchilik xurujlarida ishtirok etganlikda gumon qilinib, yaqin-yaqinlargacha xalqaro qidiruvda edi.

Tolibon o‘z hukumatini Afg‘onistonning bir qator shaharlarida bo‘lib o‘tgan aksiltolibon va aksilpokiston norozilik chiqishlari manzarasida hamda dunyo va mintaqadagi yetakchi davlatlarning inklyuzivlik borasidagi umidlariga zid o‘laroq shakllantirdi. Ayni chog‘da Tolibon ushbu tayinlovlarni “vaqtincha” deb atamoqda.

Dushanbening qarshiligi

Tojikistonning Tolibon muvaqqat hukumatiga nisbatan munosabatini 8 - sentabr kuni, Afg‘onistonga qo‘shni mamlakatlar tashqi ishlar vazirlarining onlayn uchrashuvi chog‘ida Tojikiston TIV rahbari Sirojiddin Muhriddin yana bir karra ma’lum qildi. “Biz referendumsiz va barcha etnik guruhlar vakillarisiz shakllantirilgan hech bir hukumatni tan olmaymiz”, dedi mamlakat tashqi siyosat mahkamasi boshlig‘i.

Avvalroq, Pokiston tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiy bilan uchrashuvi chog‘ida prezident Emomali Rahmon ham ayni mazmunda bayonot bergandi.

Mustaqil siyosatshunos Parviz Mullajonov tojik rasmiylari Afg‘onistondagi toliblar hukumatini uzil-kesil tan olish yoki olmaslik masalasini KXShT va ShHTdagi ittifoqchilarining kayfiyatiga, xususan Moskva, Pekin va Tehronning bu boradagi munosabatiga ko‘ra hal qilishi mumkinligini ta’kidlaydi.

“Ammo har qanday holatda yaxshi aloqalar bo‘lmaydi, hatto Tojikiston ularni tan olgan taqdirda ham. Qolaversa, Tolibon ham turfa ekstremistik guruhlardan xalos bo‘la olmaydi, binobarin biror mamlakat ular bilan chinakamiga do‘stlashishi mahol”, taxmin qiladi ekspert.

Boshqa qo‘shnilar toliblarga moyilmi?

Bu orada Toshkent toliblar muvaqqat hukumati tuzilganini olqishlab Dushanbega tamom ters pozitsiyani tanladi. “Umid qilamizki, mazkur qaror mamlakatda keng ko‘lamli milliy kelishuvga erishilishi hamda mustahkam tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishi tomon ilk qadam bo‘lib qoladi”, deyiladi O‘zbekiston TIV rasmiy saytida 8 - sentabr kuni e’lon qilingan xabarnomada.

O‘zbekiston “Afg‘onistonning yangi davlat idoralari bilan konstruktiv muloqot va amaliy o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga tayyor”ligini bildirdi.

Xitoy ham Afg‘onistondagi Tolibon hukumati bilan muloqot olib borishga tayyorligini e’lon qildi.

Pekin toliblar tuzgan hukumat terrorizmga qarshi kurash olib borishiga umid qiladi, deya bayonot berdi 8 - sentabr kuni XXR Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Van Venbin.

Kremlning matbuot kotibi Dmitriy Peskovga ko‘ra, Rossiya hozircha Afoniston yangi hukumatining dastlabki qadamlarini kuzatadi. “Ushbu hukumatning ilk va keyingi qadamlari qanday bo‘lishini va kelgusida Afg‘onistonda nimalar yuz berishini tushunib olish biz uchun muhim”, urg‘uladi u.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken esa AQSh va uning hamkorlari bo‘lmish 20 dan ortiq mamlakat Tolibon o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini bajarishini kutishayotganiga shama qildi.

“Afg‘oniston mavzusida 20 dan ziyod ittifoqchilarimiz va hamkorlarimiz ishtirokida vazirlar darajasida sermahsul uchrashuv o‘tkazdik. FIkrlarimiz bir joydan chiqdi. Biz Tolibonning inklyuzivlik, yo‘llar xavfsizligi, inson huquqlari va terrorizmga qarshi kurash borasida xalqaro hamjamiyat oldida o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini bajarishini kutyapmiz”, deb yozgan yuqori martabali amerikalik mulozim “Twitter”dagi sahifasida.

Dushanbe o‘z munosabatlarini qay tarzda quradi?

Dushanbelik siyosatshunosga ko‘ra, Tojikistonning toliblar hukumatiga munosabati ko‘plab omillarga bog‘liq bo‘lib, hozircha komil ishonch bilan biror nima deyish qiyin. “Basharti toliblar hokimiyatni to‘la-to‘kis o‘z qo‘llariga olishni qasd qilgan bo‘lsa, biz, o‘zbeklar va turkmanlar kabi, bunga rozi bo‘la olmaymiz va so‘nggi 25 yil mobaynida tutgan yondashuvimizdan voz kecholmaymiz. Agarda qarshilik davom etsa, Tojikiston Afg‘onistonga nisbatan siyosatini rivojlantirsa kerak”, deydi suhbatdoshimiz.

Shu bilan birga, Parviz Mullajonov aytishicha, tahdidlar qatorida muayyan istiqbollar ham mavjud. “Xitoy bilan Pokiston birgalashib Kulma – Ishkashim – Fayzobod – Kobul transport yo‘lagi qurilishini tezlashtirishi mumkinki, agar bu yo‘lak Chitrol bilan bog‘lansa, biz uchun katta iqtisodiy ustunlik beradi. Ilgari Kobul mazkur loyihaga to‘sqinlik qilar edi, hozir esa afg‘on siyosatining kaliti Pokiston qo‘lida”, urg‘ulaydi ekspert.

Biroq Dushanbening toliblarni tan olmaslikka urinishini respublika rahbariyati uchun siyosiy imkoniyat o‘laroq ko‘rayotgan tahlilchilar ham bor.

“Tolibonni mutlaqo tan olmaslik va afg‘on tojiklari bilan birdamlik Millat Peshvosi uchun tilla topilmadek bo‘ldi. U anchadan beri jamiyatni Tojikistonning o‘z muammolaridan chalg‘itib, bu qadar jipslashtira olmayotgan edi”, deb yozdi “Telegram”dagi kanalida Afg‘onistonga oid masalalar bo‘yicha rossiyalik ekspert Aleksandr Knyazev.

8 - sentabr kuni Tojikiston mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali yig‘ilishda so‘zlagan nutqida Emomali Rahmon Afg‘onistondagi beqarorlik va fojia – xorijiy mamlakatlar aralashuvining natijasi ekanini aytib, “afg‘on xalqiga ko‘mak berishda tashabbus ko‘rsatmayotgani uchun” xalqaro huquqbonlik tashkilotlarini tanqid qildi.

Siyosatshunos Parviz Mullajonov Tojikiston aksitolibon muxolifatni dastaklash maydoni bo‘lishi mumkinligini istisno etmaydi. “Ehtimol, Rossiya Tojikistonni afg‘on muxolifati bilan norasmiy aloqa platformasi sifatida qo‘llashi mumkindir. Bir tomondan, bunday yondashuv Rossiyaning Afg‘onistondagi manfaatlari xavfsizligini kafolatlasa, ikkinchi tomondan – muvozanatni saqlashga va vaziyat o‘zgarishiga tayyor turishga imkon beradi”, mulohaza qiladi ekspert.

Avvalroq Ozodlik radiosi tojik xizmatining Afg‘onistondagi manbalari Panjshirni makon tutgan aksiltolibon qarshilik fronti vakillari Rossiya maxsus xizmatlari va harbiylari bilan aloqada bo‘lib, ular bilan Dushanbeda uchrashganini ma’lum qilgandi. Shunga qaramay, rasmiy Moskva Panjshirdagi voqealar yuzasidan anchagina bosiq bayonot berdi.

Bugungi kunda dunyoning hech bir mamlakati Kobuldagi Tolibon hukumatini rasman tan olmagan.

XS
SM
MD
LG