Линклар

Шошилинч хабар
05 декабр 2024, Тошкент вақти: 04:42

“Tolibon” Afg‘onistonida sudlangan shaxs stadionda qatl etildi


"Tolibon"ning qurolli jangchisi (arxiv surati)
"Tolibon"ning qurolli jangchisi (arxiv surati)

Afg‘onistonning Paktiya viloyatidagi Gardez shahri stadionida 13-noyabr kuni avvalroq qotillik ayblovi bilan sudlangan shaxs qatl etildi. Ozodlik afg‘on xizmatining stadiondagi qatlga guvoh bo‘lgan France Presse agentligi muxbiri so‘zlariga tayangan holda xabar qilishicha, qatlni tomosha qilish uchun minglab mahalliy turg‘un to‘plangan. Sudlangan shaxs ko‘ksiga uchta o‘q otish bilan o‘ldirilgan. Qayd etilishicha, o‘qlar sudlangan shaxs tomonidan o‘ldirilgan kishining oila a’zosi tomonidan otilgan.

Afg‘onistonda hokimiyat tepasida bo‘lgan “Tolibon” radikal harakati nazoratidagi Oliy sud sudlangan shaxs o‘z qurbonini otib o‘ldirgani uchun, shariat talablariga muvofiq, unga ham aynan shunday jazo berilganini bildirgan. Sud hukmi “Tolibon” lideri mulla Haybatulloh Oxunzoda tomonidan tasdiqlangan. Qatl marosimida toliblar shakllantirgan hukumatning ichki ishlar vaziri Sirojiddin Haqqoniy ishtirok etgan.

2021-yilda hokimiyat tepasiga qaytgan toliblar an’anaviy islom shariati talablariga rioya qilayotganlik iddaosi bilan mamlakatda qator keskin me’yorlarni joriy qilishgan. Bu keskin choralar ayniqsa ayollar huquqlarini cheklashda namoyon bo‘lmoqda. Shuningdek, “Tolibon” Afg‘onistonning katta qismini birinchi marta nazorat qilgan 1996-2001-yillarda keng qo‘llanilmish omma ko‘z oldidagi qatl amaliyoti ham tiklangan. Biroq hozirda qatllar soni ancha kamaygan – uch yil ichida qatl bilan bog‘liq oltita holat to‘g‘risida ma’lum, xolos. Bu qatllarning har biri xalqaro hamjamiyat tanqidiga sabab bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG