Линклар

Шошилинч хабар
18 сентябр 2021, Тошкент вақти: 03:00

Tolibon hokimiyatga qaytdi. Bu yog‘iga nima bo‘ladi?


Afg‘oniston, Tolibon.

Tolibon Kobulga bostirib kirib, prezident saroyini egallab oldi. Shahardagi vaziyat tez sur’atda o‘zgarib bormoqda. 16 - avgustga o‘tar kechasi Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani mamlakatdan qochib ketdi, shahardagi xavfsizlik kuchlari g‘oyib bo‘ldi.

Hozircha ko‘p narsa noma’lum bo‘lsa-da, quyida Tolibon qo‘liga o‘tgan Afg‘oniston oldida turgan muhim savollarni ko‘rib chiqamiz.

Demokratik yo‘l bilan saylangan Afg‘oniston hukumatiga nima bo‘ldi?

Kobuldagi xalqaro miqyosda tan olingan hukumat deyarli quladi.

Prezident G‘ani 15 - avgust kuni Afg‘onistonni tark etdi. Bu bilan prezident Kobulni Tolibonga topshirdi. G‘ani qo‘shni Tojikistonga qo‘ngani va uchinchi davlatga yo‘l olishni rejalayotgani xabar qilindi.

G‘ani ma’muriyatining asosiy a’zolari, jumladan, milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Hamdulloh Mohib va prezident ma’muriy idorasi rahbari Fazil Fazliy ham mamlakatni tark etdi.

Hukumatning ba’zi yuqori lavozimli amaldorlari, jumladan, vazirlar mahkamasi vazirlari shaharda qolmoqda.

Hozir mamlakatni kim boshqaryapti?

15 - avgust kuni oqshom Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari shaharni qisman nazorat qilayotgani aytilgandi, lekin ular ham tezda Tolibonga taslim bo‘lishdi.

Kobul atrofida vaqti-vaqti bilan o‘q otilgani haqida xabar tarqaldi, lekin yirik to‘qnashuvlar sodir bo‘lmadi.

Ba’zi afg‘on askarlari va politsiya xodimlari postlarini tashlab, formalarini yechayotgani va qochib ketayotgani kuzatildi.

Tolibon jangchilari tez sur’atda asosiy hukumat binolarini qo‘lga oldi. Tolibon qo‘mondonlari G‘ani idorasida Afg‘oniston bayrog‘ini olib tashlayotgani aks etgan tasvirlar tarqaldi.

Kobul xalqaro aeroportini hali-hanuz bir necha ming AQSh harbiysi nazorat qilmoqda. Ular chet ellik diplomatlar, xorij fuqarolari va chet el tashkilotlarida ishlagan afg‘onlarning Kobuldan xavfsiz chiqib ketishini ta’minlamoqdalar.

Afg‘onistonning Yevropadagi sobiq diplomatlaridan biri Umar Samad «hamma joyda xavfsizlik bo‘linmalari bor, lekin mamlakat rahbarlari qochib ketganidan keyin, ularni boshqaruvchi qo‘mondon yo‘q», dedi.

15 - avgust kuni Afg‘onistonning nufuzli sobiq prezidenti Hamid Karzay «Muvofiqlashtiruvchi kengash» tuzilishini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu organ hokimiyat tinch yo‘l bilan o‘tishini nazorat qiladi.

Uch kishidan iborat kengash tarkibiga Kobuldagi hukumatning ikkinchi yuqori lavozimli rasmiysi Abdulla Abdulla va taniqli sobiq dala qo‘mondoni Gulbiddin Hikmatyor kirishi aytildi.

Qanday hukumat yuzaga kelishi mumkin?

Afg‘oniston ichki ishlar vaziri Abdul Sattor Mirzakaval hokimiyat o‘tish davri ma’muriyatiga o‘tkazilishini ta’kidladi. Ammo Tolibon bu da’volarni bekor qilib, guruh hokimiyat to‘liq topshirilishini kutayotganini bildirdi.

«Men Tolibon to‘g‘ridan-to‘g‘ri hokimiyatni o‘z qo‘liga oladi yoki toliblarning ishonchli vakillaridan iborat muvaqqat hukumat tuziladi, deb qo‘rqaman», dedi Kobuldagi Afg‘oniston Amerika universiteti professori Xarun Rahimiy.

«Bunday holatda kelajakdagi siyosiy tizim inklyuziv bo‘lishi ehtimoldan yiroq. Bu esa afg‘on hukumati kuch bilan o‘rnatilgan va noqonuniy, deb hisoblanishiga olib keladi».

AQSh rasmiylari agar Tolibon hokimiyatni zo‘rlik bilan egallab olsa, Vashington bunday hukumatni tan olmasligini aytgan.

Tolibon bundan oldin G‘ani iste’foga chiqsa, o‘tish davri hukumatini tuzishni yoqlashini izhor qilgan edi. Ammo ular o‘z va’dalarini bajarishlari noma’lum.

«G‘ani qochganidan keyin, biz bir-ikki kun ichida keng qamrovli tizimga yoki bir partiyali tizimga o‘tayotganimizni bilib olamiz», dedi Samad.

Афғонистон: Кобулда хаос, Толибон Ислом Амирлигини эълон қилишга ҳозирланмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:20 0:00

Afg‘oniston hukumatining sobiq maslahatchisi Torek Farhodiyning aytishicha, agar vaqtinchalik tuzilma inklyuziv bo‘lsa, Tolibon unda asosiy rolni egallashini kutish mumkin, lekin boshqa siyosiy kuchlarga ham izn berilishi mumkin. Farhodiy bunday kuchlar Kobuldagi hozirgi siyosiy elita vakillaridan emas, balki taniqli bo‘lmagan shaxslar va manfaatdor tomonlarni o‘z ichiga olishini taxmin qiladi.

«Tolibon, ehtimol, biz tanlagan siyosiy arboblardan emas, balki barcha viloyatlar va etnik guruhlar vakillaridan iborat hukumatni tuzadi», dedi Farhodiy.

Kelajak haqida nima deyish mumkin?

Tahlilchilarning so‘zlariga ko‘ra, Kobulda Tolibon hukmron bo‘lgan hukumat paydo bo‘lishi ehtimoli katta.

Tolibon 1990‑yillarda hokimiyatga kelganida boshqaruv «amir ul-mo‘minin», ya’ni mo‘minlar amiri qo‘lida markazlashtirilgandi. Oliy rahbar davlat boshlig‘i bo‘lib, eng yuqori hokimiyatga ega edi. Bu lavozimni Tolibonning ruhoniy rahbari va asoschisi Mulla Umar egallagandi.

Tolibon demokratiya va saylovlar «xorijiy importlar» ekanini aytib, ularni rad etib keladi.

Tolibon o‘zining shafqatsiz sobiq rejimini tiklaydimi yoki yo‘q, noma’lum. Guruh 1996 - yildan 2001 - yilgacha Afg‘onistonni boshqargan davrda fundamentalist dindorlar ayollarga zulm o‘tkazgan, etnik va diniy ozchiliklarni qirg‘in qilgan, musiqa va televideniyeni taqiqlagan.

Dastlabki ma’lumotlardan toliblar Afg‘onistonning boshqa qo‘lga olingan shaharlari va qishloqlarida kuzatilgani kabi, Kobulda ham ko‘plab repressiv va eskicha qonunlarni qayta joriy qilishini xulosa qilish mumkin.

Tolibon ayollarga uydan tashqarida ishlashni taqiqladi, qizlarning ta’lim olishini keskin cheklab qo‘ydi, ayollarga mahramsiz ko‘chaga chiqishni taqiqladi. Yosh qiz-kelinlar Tolibon jangarilariga erga tegishga majburlanayotgani haqida ham xabarlar tarqalmoqda.

Lekin toliblar ayollarning huquqlarini hurmat qilishlarini va chet elliklarni ham, afg‘onlarni ham himoya qilishga va’da berib, o‘zlarini mo‘’tadil ko‘rsatishga harakat qilishmoqda.

«Biz aholi, xususan, Kobul shahridagilar mol-mulki, hayoti xavfsiz ekanini kafolatlaymiz», dedi Tolibon matbuot kotibi Suhail Shahin 15 - avgust kuni.

Tashqi kuchlar ta’siri qanday?

G‘arb kuchlari 31 - avgustga qadar barcha xorijiy kuchlar mamlakatdan olib chiqib ketilganidan keyin ham Afg‘onistonda qolishni va’da qilishgan edi.

«Va’da qilinganidek, xalqaro hamjamiyat 1989–2001 - yillardagidek Afg‘onistonni tark etmasligi juda muhim», dedi Samad.

«Shuningdek, Tolibon xalqaro e’tibor va qo‘llovni saqlab qoladigan tarzda o‘zini tutishi juda muhim, ayniqsa, inson huquqlari siyosati va so‘z erkinligi kabi ba’zi asosiy erkinliklar bo‘yicha».

Tahlilchilar fikricha, AQSh va boshqa xorijiy davlatlar qashshoq mamlakatga xalqaro yordam va guruhni rasman tan olish orqali Tolibon harakatiga ta’sir qilishi mumkin. Ayrimlar Vashington Tolibon 1990‑yillardagi kabi yakkamoxov davlatga aylanishni istamasligidan umid qilmoqda.

Tolibon butun mamlakatni qo‘lga olish arafasida turganini hisobga olsak, xalqaro legitimlik toliblar uchun qanchalik muhim yoki muhim emasligi noma’lum.

XS
SM
MD
LG