Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:52

Tolibon Panjshir ustidan g‘alabani e’lon qildi - qarshilik kuchlari toliblar iddaosini rad etmoqda (VIDEO)


Milliy qarshilik jabhasi askarlari. Afg‘oniston, Panjshir - 30 - avgust, 2021
Milliy qarshilik jabhasi askarlari. Afg‘oniston, Panjshir - 30 - avgust, 2021

Tolibon Panjshir darasida qarshilik kuchlari ustidan g‘alaba qozonganini e’lon qildi. Toliblar iddaosicha, ular mintaqani to‘liq nazorat qilmoqda.

Panjshir Afg‘onistonda Tolibon iqtidorga kelganidan beri ularning qo‘li yetmagan yagona hudud edi.

Panjshirdagi muxolifat toliblar uni uzil-kesil mag‘lubiyatga uchratgani haqidagi iddaolarni rad etmoqda. Biroq u yerdan kelayotgan biror ma’lumotni mustaqil manbalar orqali tasdiqlash imkoniyati hozircha yo‘q. Radikal islomiy harakat jangchilari telefon aloqasi, internet va elektr simlarini uzib qo‘ygan.

Afg‘onistonning katta qismi uch hafta oldin toliblar qo‘liga o‘tgan edi. 15 - avgustda ular mamlakat poytaxti Kobulni ishg‘ol qildi. Bu g‘arblik ittifoqchilar qo‘llovidagi hukumatning qulashiga olib keldi.

Toliblar yaqin kunlarda yangi hukumat tuzilganini e’lon qilishi kutilmoqda. Kobuldan shimoli-sharqqa tomon yuz chaqirim masofada joylashgan Panjshir vodiysida og‘ir janglar davom etmoqda edi. Islomiy harakat muxoliflari Panjshirni makon tutgan holda Afg‘oniston Milliy qarshilik frontiga birlashib, Tolibonni kurashga chaqirdi.

Tolibon vakili Zabihulla Mujohid 6 - sentabr kuni Panjshir ayni paytda to‘liq yangi hokimiyat nazoratida ekanini ma’lum qildi. “Ushbu g‘alaba orqali mamlakatni urush botqog‘idan sug‘urib olishga muvaffaq bo‘ldik”, deb urg‘uladi Mujohid.

Biroq qarshilik kuchlari vakili Maysam Nazariy uning so‘zlarini inkor etdi. Uning Ozod Yevropa/Ozodlik radiosiga bildirishicha, Milliy front Panjshirda hamon barcha strategik nuqtalarni egallab turibdi va kurashni davom ettirmoqda. O‘xshash mazmundagi xabarlar internetda ham yoyinlangan.

6 - sentabr kuni Zabihulla Mujohid matbuot anjumani berayotgan paytda Milliy qarshilik fronti yetakchisi Ahmad Mas’ud o‘zining hozirda xavfsiz joyda ekanini “Twitter” orqali ma’lum qildi.

Qarshilik kuchlari hanuz mintaqaning Tolibon jangchilariga taslim bo‘lgani haqidagi har qanday iddaolarni rad etmoqda, qayd etadi Bi-bi-si.

Ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan ayrim fotosuratlarda Tolibon jangchilari Panjshir viloyati gubernatorining Bazarakdagi qarorgohi ro‘parasida turgani aks etgan.

5 - sentabr kuni qarshilik kuchlari yetakchisi Ahmad Mas’ud qurolli harakatlarni to‘xtatish maqsadida Panjshir masalasida muzokaralar o‘tkazish tashabbusi bilan chiqqan diniy yetakchilarning rejasini qo‘llab-quvvatlashini e’lon qildi. Shu bilan birga, Mas’ud Tolibon rahbariyatini mintaqadagi barcha harbiy amaliyotlarni tugatishga chaqirgan. Tolibon bunga rasmiy munosabat bildirgani yo‘q.

Shuningdek, 5 - sentabr kuni Milliy front vakili toliblar bilan otishmalarda ikki ko‘zga ko‘ringan safdoshlari – general Abdulla Vudod Zara hamda matbuot kotibi, jurnalist Fahim Dashtiy halok bo‘lganini tasdiqladi.

"Panjshir aholisi qurollarini tashlab, normal hayotlariga qaytishlari kerak. Biz ularning xavfsizligini ta’minlash majburiyatini oldik. Panjshir aholisi ham Afg‘oniston fuqarolari, shuning uchun ularning hayoti biz uchun muhim", - deb aytgan yakshanba kuni toliblar so‘zchisi Xitoy Markaziy televideniyesiga bergan intervyusida(CCTV).

Tolibon so‘zchisi poytaxt Kobuldan 100 kilometr shimoli sharqdagi Panjshir viloyatida qaqshatqich janglar kechganini aytgan.

Ayni paytda Zabihulla Mujohid tinch aholi orasida qurbonlar bo‘lmagani va tez orada hukumat e’lon qilinishini bildirgan.

5 - sentabr kuni Afg‘oniston Milliy qarshilik jabhasi rahbari Ahmad Ma’sud Facebook dagi sahifasida Tolibon harakatining ziddiyatni bartaraf qilish uchun muzokaralarni boshlash taklifini olqishlab chiqqan edi.

Ma’sud 6 - sentabr kuni Tvitterda o‘zining xavfsiz joyda ekani haqida yozdi.

Fuqarolar urushi xavotirlari

Ayni paytda AQSh Qurolli kuchlarining Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi Mark Milli Afg‘onistonda fuqarolar urushini keltirib chiqaruvchi shart-sharoit yuzaga kelishi "ehtimoli juda katta”, deb hisoblaydi.

General AQShning “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida Afg‘onistonda terrorchi guruhlar yana paydo bo‘lishi xavfi haqida ogohlantirdi.

AQShning eng muhim harbiy rahbarlaridan biri bo‘lmish Milli hamon o‘z hukumatini shakllantira olmagan toliblar butun hokimiyatni o‘z qo‘lida jamlashiga va samarali boshqaruv o‘rnatishiga shubha bildirdi. Uning fikricha, bu fuqarolar urushiga olib borishi va, o‘z navbatida, “al‑Qoida”ning tiklanishiga yoki “Islom davlati” terrorchilik tashkiloti bosh ko‘tarishiga zamin yaratishi mumkin.

Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi Mark Milli. Vashington, 1 - sentabr, 2021
Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi Mark Milli. Vashington, 1 - sentabr, 2021

General Mark Milli Afg‘onistonda terrorizm o‘zini tiklab olishi uchun bir yildan uch yilgacha vaqt kerak bo‘lishi mumkinligini aytdi, deya xabar qilmoqda “Amerika ovozi”.

Afg‘onistonda toliblar hokimiyati 2001 - yil oxirida AQSh qurolli kuchlarining ushbu mamlakatga bostirib kirishi ortidan qulagan edi. Prezident Jorj Bush ma’muriyati terrorizmga qarshi urush e’lon qilib, Afg‘onistonga o‘n minglab askar jo‘natgan.

Bu 2001 - yil 11 - sentabr kuni AQShga qarshi uyushtirilgan yirik terrorchilik hujumlariga Vashingtonning javobi bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG