Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:55

Tolibon universitetlarda talaba qizlar uchun cheklovlar joriy qildi


Kobuldagi Shahid Rabboniy Universiteti - 11 - sentabr, 2021
Kobuldagi Shahid Rabboniy Universiteti - 11 - sentabr, 2021

Tolibon muvaqqat hukumati a’zosi Afg‘onistonda ayollarga faqat alohida sinflarda tahsil olishga ruxsat berilishi hamda ularga islomiy libos kiyish majburiy bo‘lishini ma’lum qildi.

Abdulboqiy Haqqoniy yangi siyosatni 12 - sentabr kuni Kobulda o‘tkazilgan matbuot anjumanida e’lon qildi.

Butun dunyo 1990- yillarning ikkinchi yarmida Afg‘onistoni boshqargan Tolibon bu safar qanday yo‘l tutishini diqqat bilan kuzatmoqda. Tolibonning ilk hukmronligi davrida qizlar va ayollarga ta’lim olish man etilgan hamda ular jamoat hayotidan chetlashtirilgandi.

Tolibon o‘zgargani, shu jumladan, ayollarga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirganini iddao qiladi.

Ta’lim masalalari uchun mas’ul etib tayinlangan Haqqoniyning aytishicha, toliblar vaqtni 20 yil orqaga qaytarishni xohlamaydilar.

«Biz bugun mavjud narsalarga tayanib ish boshlaymiz», dedi u.

Ammo universitet talabalari Tolibon hukmronligi ostida turli cheklovlarga duch keladilar. Haqqoniy hijob majburiy bo‘lishini aytdi, lekin ro‘mol yetarli bo‘lishi yoki ayollar yuzlarini butunlay yopishlari kerak bo‘lishini ochiqlamadi.

Shuningdek, Haqqoniy o‘g‘il bolalar qizlardan alohida tahsil olishini aytdi.

«O‘g‘il bolalar qizlar bilan birgalikda o‘qishiga ruxsat bermaymiz», dedi u.

Haqqoniy agar o‘qituvchi ayollar bo‘lmasa, jinslarni ajratish uchun maxsus choralar ko‘rilishini aytdi.

«Haqiqiy zarurat tug‘ilganda, erkaklar ham ayollarga ta’lim bera oladilar, lekin shariatga binoan. Parda bo‘lishi kerak bo‘ladi», dedi u.

Erkak va qiz talabalarni ajratish uchun sinflarda pardalar ilinadi. Bundan tashqari, talabalarga dars internet yoki televizor orqali berilishi ham mumkin.

O‘tgan oy Kobuldagi G‘arb tomonidan dastaklangan hukumat qulab, Tolibon hokimiyatni bosib olganidan buyon ko‘plab joyda sinflar allaqachon pardalar bilan ajratilgan.

Tolibonning ta’lim bo‘yicha mulozimi jurnalistlarga universitetlarda o‘qitiladigan fanlar ham qayta ko‘rib chiqilishini aytdi, ammo tafsilotlarni ochiqlamadi. Tolibon avvalgi hukmronligi davrida musiqa va san’atni taqiqlagandi.

Kobul va Afg‘onistonning boshqa joylarida ayollarning katta va kichik guruhlari Tolibon hukmronligi va o‘z huquqlarini cheklash harakatlariga qarshi norozilik namoyishlarini o‘tkazmoqda.

Ayrim hollarda toliblar namoyishchilarni kuch bilan tarqatgan. Jangarilar ayollarni qamchi va tayoq bilan kaltaklagani hamda havoga ogohlantiruvchi o‘q uzgani xabar qilingan.

XS
SM
MD
LG