Линклар

Шошилинч хабар
17 сентябр 2021, Тошкент вақти: 19:24

Tolibon yangi dress-kod joriy qildi, universitetlarda yigit va qiz talabalarni ajratishni buyurdi


Kobuldagi xususiy universitet talabalari - 6 - sentabr, 2021

Tolibon Afg‘onistondagi xususiy universitet va kollejlarda yangi kiyinish qoidalarini joriy qilib, ayollar va erkaklarni ajratishni buyurdi. Guruhning bu haqda chiqargan farmoni nusxasi Ozodlikka kelib tushdi.

Toliblarning Ta’lim vazirligi 5 - sentabrda tarqatgan keng ko‘lamli hujjatga ko‘ra, barcha talaba qizlar, o‘qituvchilar va xodimlar sochlari, tanasi va yuzining aksar qismini yopadigan islomiy libos va niqob kiyishlari shart. Shuningdek, kiyimlar rangi qora bo‘lishi, ayollar qo‘llarini yashirish uchun qo‘lqop kiyishlari kerak.

Sinflar esa talabalar jinsiga qarab bo‘linishi, yoki hech bo‘lmaganda, o‘g‘il bolalar qizlardan parda bilan ajratilishi kerak. Bundan tashqari, qizlarga muallimalar dars berishi kerak. Agar ayol o‘qituvchi bo‘lmasa, ularning o‘rnini «yaxshi xulqli keksa domlalar» egallashi mumkin.

O‘tgan oy xalqaro miqyosda tan olingan hukumat qulaganidan keyin hokimiyatni qo‘lga olgan Tolibon «ayollar va qizlarning barcha huquqlari islom doirasida himoyalanishini» aytib keladi.

Tolibon o‘zini mo‘’tadil qilib ko‘rsatishga hamda afg‘onlarni va butun dunyoni o‘zgarganiga ishontirishga urinmoqda. Jangari guruh 1996–2001 - yillardagi hukmronligi davrida xotin-qizlarga zulm o‘tkazib, qizlarning ta’lim olishini keskin cheklagandi.

Tolibonning 6 - sentabr kuni kuchga kirgan yangi qoidalari mamlakatda ayollar taqdiri yana o‘zgarishidan dalolat beradi.

«Repressiyaning yaqqol belgisi»

«Maktablar va universitetlarda jinslarni ajratish kabi yangi o‘zgarishlar qo‘rquvga sabab bo‘lmoqda hamda ayollar va qizlarga nisbatan kamsitish madaniyatini keltirib chiqarmoqda», deydi Tolibon tahdidi tufayli Afg‘onistondan qochib ketgan huquq faoli Samira Hamidiy.

«Qora niqob kiygan ayollar afg‘on madaniyatiga mos tushmaydi», deya qo‘shimcha qildi u.

«Bu ayollar va qizlar hayotidagi repressiyaning yaqqol belgisidir».

Tolibon hokimiyatga qaytishidan oldingi 20 yil davomida Afg‘onistonda ayollar erkaklar bilan birga tahsil ola boshlagan, ularga erkak o‘qituvchilar saboq bera boshlagan edi. Ayollarni yopinishga majburlaydigan tartib ham yo‘q edi.

Ammo ayollar uchun hammasi o‘zgarmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda keng ulashilgan fotosuratlarda Kobuldagi xususiy Ibn Sino universitetida erkaklar va ayollar parda bilan ajratilganini ko‘rish mumkin. Rasmdagi ko‘plab ayollar qora libos va hijob kiyib olgan. Ammo ularning yuzlari ochiq bo‘lib, bu holat yangi kiyinish kodeksiga ziddir.

Tolibon chiqargan farmonga ko‘ra, ayollar butun tanani qoplab turadigan abaya hamda ayol chehrasining ko‘zdan boshqa barcha qismini yopib turadigan niqob kiyishi kerak.

Xo‘st shahridan Maryam Ozodlik radiosi afg‘on xizmatiga bergan intervyusida ko‘p ayollar boshini yopadigan hijob kiyishga tayyor ekanini aytdi. Ammo u niqob yoki burqa «afg‘on ayollari uchun to‘g‘ri kelmasligini» qo‘shimcha qildi.

«Xulq-atvori yaxshi» keksa domlalar

Tolibon 1990-yillarda ham burqa kiyishni majburiy qilgan edi.

Tolibon farmonida erkaklar va ayollar universitet va kollejlarga alohida darvozalardan kirib chiqishi shartligi aytiladi. .

«Universitetlar ayol talabalar uchun o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda ayol o‘qituvchilarni yollashlari shart», deyiladi hujjatda.

Agar ayol o‘qituvchilarni ishga olishning iloji bo‘lmasa, muassasalar «xulq-atvori yaxshi» keksa o‘qituvchilarni yollashga harakat qilishi kerak.

Ayollar nafaqat alohida tahsil olishi, balki tashqarida erkaklar bilan ko‘rishmasligi uchun ularning darslari besh daqiqa oldin yakunlanishi kerak.

Hujjatlarda, shuningdek, erkak sinfdoshlari binodan chiqmaguncha ayollar kutish xonalarida qolishlari shartligi ta’kidlanadi.

18 yoshli Salgi Baron yangi cheklovlarga qaramay, Tolibon ayollarga ta’lim olishga ruxsat berayotgani ijobiy holat ekanini aytdi. Baron joriy yilda oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan.

«Tolibon o‘z va’dalarini bajarishi kerak. Universitet professorlarini rag‘batlantirish va qadrlash kerak, biz kelajakka umid bilan qarashimiz kerak», dedi u Ozodlikka bergan intervyusida.

Ayollar huquqlarining buzilishi

Ammo boshqalar Tolibon o‘zgarganiga hamda ayollarning ta’lim olish va ishlash huquqini himoya qilishiga ishonishga oshiqmayapti.

AQSh boshchiligidagi koalitsiya Afg‘onistonga bostirib kirganidan keyin, mamlakatda talabalar soni keskin oshdi, ayniqsa, ayollar orasida. Ayollar ta’limidagi yutuqlar asosan shaharlarda bo‘lsa-da, har xil yoshdagi millionlab qizlar maktabga qaytdi.

Ayollar, shuningdek, vazir, parlament a’zosi va viloyat amaldori sifatida jamoat hayotida muhim rol o‘ynay boshladi. Bundan tashqari, ular ovoz berish va uylaridan tashqarida ishlash huquqini qo‘lga kiritdilar.

Tolibon 1996–2001 - yillarda Afg‘onistoni boshqarganida ayollarni boshdan-oyoq yopinishga majburlab, ularga uydan tashqarida ishlashni hamda mahramsiz ko‘chaga chiqishni taqiqlagan edi.

Tolibon bugunga qadar bu kabi repressiv qonun va cheklovlarning aksarini qayta joriy qildi.

Tolibon Kobulda ayollarga asosan uy ichida qolishni maslahat bermoqda. Jangarilar davlat televideniyesida ishlayotgan ayol jurnalistlarni ishdan bo‘shatdi. Tolibon, shuningdek, ko‘plab sobiq ayol hukumat ishchisiga ishga qaytmaslikni buyurdi. Bundan tashqari, poytaxtda ko‘plab qizlar maktablari yopildi.

So‘nggi kunlarda ayollar Kobul, Hirot va Mozori Sharif shaharlarida huquqlari himoya qilinishini talab qilib namoyishga chiqdilar.

Namoyish tashkilotchilarining aytishicha, 6 - sentabr kuni Tolibon jangarilari Mozori Sharif ko‘chalariga chiqib, o‘z huquqlari himoya qilinishini talab qilgan ko‘plab ayollarni zo‘ravonlik bilan tarqatib yuborgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan fotosuratlarga ko‘ra, ayollar "Ayollar huquqlarining buzilishi = Inson huquqlarining buzilishi" va "Biz barcha tabaqada siyosiy ishtirokni xohlaymiz" kabi shiorlar yozilgan plakatlar bilan namoyishga chiqqan.

XS
SM
MD
LG