Линклар

Шошилинч хабар
03 феврал 2023, Тошкент вақти: 16:21

Toqayev Pekinga bordi. Bu uning yanvar voqealaridan buyon xorijga ilk safaridir


Qasim-Jomart Toqayev Xitoy rahbari Si Szinpin bilan Pekinga tashrifi chog‘ida, 11 -sentabr, 2019

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev ishchi tashrif bilan Pekinga keldi. Toqayevning matbuot xizmati ma’lum qilishicha, 4 - fevral kuni u qishki Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimida ishtirok etadi – marosimga uni Xitoy rahbari Si Szinpin taklif qilgan.

5 - fevralda Toqayev bilan Si Szinpin o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilishi kutilmoqda, uchrashuvda “ikki mamlakatning barcha sohalarda strategik hamkorligini rivojlantirish istiqbollari” muhokama qilinishi belgilangan.

Bu kamida 227 kishi nobud bo‘lgan yanvar voqealaridan so‘ng Toqayevning ilk xorijiy safaridir. O‘tgan oy avvalida butun mamlakatni qamrab olgan tinch norozilik bir necha shaharda talon-toroj, to‘polonlar va xunrezlikka ulanib ketdi. Qozog‘iston rasmiylari “tashqi tajovuz” va chet elda yetishtirilgan “terrorchilar hujumi”dan bahs etishsa-da, ishonchli dalil keltirishgani yo‘q.

Toqayev yana, mamlakatda hokimiyatni kuch bilan bosib olishga urinish bo‘lganini iddao qildi, biroq muhtamal tashkilotchilar ismlarini tilga olmadi, davlat telekanaliga bergan intervyusida esa “tergov tugamasdan shov-shuv ko‘tarish”ni xohlamasligini aytdi.

Rasmiy Pekin Toqayevning Qozog‘istondagi tartibsizliklar allaqanday xalqaro terrorchilar ko‘magida davlat to‘ntarishini amalga oshirishga urinish natijasi bo‘lgani haqidagi iddaolarini dastaklab, shu bahonada mintaqada terrorizmga qarshi hamkorlikni yanada mustahkamlashga chaqirdi.

Xitoy rahbarlik qiladigan, Qozog‘iston va Rossiya ham a’zo bo‘lgan xavfsizlik va iqtisodiy masalalar bo‘yicha mintaqaviy blok – Shanxay hamkorligi tashkiloti (ShHT) vakillari Qozog‘istondagi zo‘ravonliklar terrorizm, separatizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashni kuchaytirish zarurligiga dalolat berishini ta’kidladilar; shu bilan birga, ular ShHTning mintaqadagi ishtirokini kengaytirishni taklif qilishdi.

G‘arb mamlakatlari, xususan, AQSh, Buyuk Britaniya, Avstraliya va Kanada Pekin Olimpiadasiga diplomatik boykot e’lon qildi. Mazkur qarorga Xitoy hukumati Shinjon viloyatida tub aholi – aksari islom diniga e’tiqod qiluvchi uyg‘ur, qozoq, qirg‘iz va boshqa xalqlarni kamsitayotgani va ta’qib etayotgani sabab bo‘ldi. Qator xalqaro tashkilotlar va bir qancha davlatlar hukumatlari XXRning Shinjondagi siyosatini “genotsid” deb baholagan.

Qishki Olimpiya o‘yinlari 4 - fevraldan 20 - fevralgacha bo‘lib o‘tadi. Ma’lum qilinishicha, musobaqalarda 95 mamlakatdan to‘rt mingdan ortiq sportchi qatnashishi kutilmoqda. Qozog‘istonni Olimpiadada 34 nafar sportchi tamsil etadi.

XS
SM
MD
LG