O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Mirziyoyev oliy darajada tuzilma ta’sis etilishini “tarixiy voqea” deb atagan.
Majlis davomida O‘zbekiston rahbari xalqaro tuzilmalar doirasida pozitsiyalarni muvofiqlashtirish va umumiy manfaatlarni samarali ilgari surish muhimligini ta’kidlagan. Shuningdek, u sanoat kooperatsiyasining yangi strategiyasini qabul qilish zarurligini aytgan.
Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev esa qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, energetika, aloqa va raqamlashtirish kabi istiqbolli tarmoqlarda hamkorlik salohiyati to‘liq ishga solinmayotganiga e’tibor qaratgan.
“Shu nuqtayi nazardan, Qozog‘iston–O‘zbekiston chegarasida “Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini imkon qadar tezroq ishga tushirish zarur”, degan Toqayev.
Muzokaralar yakunida xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini ishga tushirishni jadallashtirish va istiqbolli loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma jamg‘arma tashkil etishga kelishgan.
Tomonlar energetika quvvatlari va infratuzilmasini qurish, muqobil energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyorligini bildirishgan.
Transchegaraviy daryolarni tasarruf etish Markaziy Osiyoning eng og‘riqli muammolaridan biri sanaladi. Kengash majlisida transchegaraviy daryolarning suv resurslaridan kompleks va oqilona foydalanish masalasi ham muhokama qilingan. Suvdan foydalanish bo‘yicha yagona yondashuv, ishonchli huquqiy bazani shakllantirish, suv xo‘jaligi obyektlarini avtomatlashtirish va raqamlashtirish muhimligi ta’kidlangan.
Rasmiy axborot manbalariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyevning 7-avgust kuni boshlangan Qozog‘istonga davlat tashrifi doirasida ikki mamlakat o‘rtasida o‘ndan ortiq bitim, kelishuv va dasturlar qabul qilingan.
Prezidentlar uchrashuviga qadar energetika, transport va logistika, metallurgiya, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalari bo‘yicha umumiy qiymati 7 milliard dollarlik bitim va shartnomalar portfeli ishlab chiqilgan. Shuningdek, 2034-yilga qadar strategik sheriklik va ittifoqchilik dasturi tayyorlangan.
Ostona va Toshkent o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazish rejasini e’lon qilgan. Buni yana bir karra esga olgan prezidentlar o‘zaro bozorlarni shakllantirish va uchinchi mamlakatlardan importning o‘rnini bosish lozimligini uqtirishgan.
Sirdaryo viloyatida Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi qurilishi rejasi ham o‘zaro savdoni oshirishga qaratilgan choralar sirasiga kiradi. Prezident Mirziyoyev Ostona safari arafasida – 6-avgust kuni imzolagan qarorga muvofiq, ikki davlat korxonalari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini amalga oshirishga qaratilgan xalqaro markaz erkin iqtisodiy zona formatida faoliyat yuritadi. Markaz uchun alohida soliq, bojxona imtiyozlari va boshqa preferensiyalar tatbiq etiladi.
An’anaga ko‘ra, davlat tashrifi doirasida turli yo‘nalishdagi loyihalarning ishga tushirilishi marosimlari uyushtirilgan. Jumladan, prezidentlar Toqayev va Mirziyoyev Olmaota shahrida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti hamda Chirchiq shahrida Janubiy Qozog‘iston davlat universitetining filiallarini tantanali ravishda ochishgan.
Ikki prezident “Sian – Xorg‘os – Olmaota – Sariyog‘och – Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha birinchi yuk poyezdining yetib kelishiga bag‘ishlangan marosimda ham qatnashgan.
Mezbon Qasim-Jomart Toqayev mehmon hamkasbi Shavkat Mirziyoyevni “Oltin qiron” (“Oltin burgut”) ordeni bilan ham taqdirladi. Qayd etilishicha, mazkur orden Qozog‘iston bilan do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga ulkan hissa qo‘shgan davlat arboblariga beriladi.