Toshkent shahri hokimi Shavkat Umrzoqovning 100 milliard so‘mlik qarzdorliklar va kutilayotgan xarajatlarni qoplashga doir qarori “E-qaror” yagona elektron tizimi platformasida yashirib qo‘yilgan.
Daryo.uz nashrining yozishicha, 2024-yilning 10-oktyabr kuni qabul qilingan 709-14-0-Q/24 sonli qaror “shaxsga doir ma’lumotlar, vasiylik va homiylik yoki amaldagi qonunchilikka muvofiq boshqa turdagi foydalanishi cheklangan axborot mavjudligi” vajidan maxfiylashtirilgan.
Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida oktyabr oyida Yakkasaroy, Shayxontohur, Sirg‘ali, Uchtepa, Mirzo Ulug‘bek, Yangihayot, Bektemir, Chilonzor, Yunusobod tumanlari hokimlarining qarorlari ham qabul qilingan va har bir tumanga 2 milliard so‘mdan 14 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratilgan.
Deyarli barcha tuman hokimlari qarorlari ham yashirib qo‘yilgan.
Ta’kidlanishicha, respublika budjetidan issiqlik energiyasi va issiq suv ta’minoti xarajatlari uchun Toshkent shahri budjetiga ajratilgan 100 milliard so‘m sarfiga doir hujjatni jamoatchilikdan berkitib qo‘yish g‘ayriqonuniy harakatdir.
“Qonunchilikka muvofiq Toshkent shahri hokimining ushbu qarori budjet taqsimotiga doir bo‘lganligi bois ochiq ko‘rinib turishi shart. Mahalliy davlat hokimiyatlari faoliyatini nazorat qilib borishi lozim bo‘lgan hududiy adliya organlari nega muntazam ravishda o‘rganishlar olib bormayapti?” deya savolga tutgan adliya idorasini Daryo.uz.
So‘nggi vaqtlarda vazirlik va hokimliklarning ko‘plab hujjatlarni jamoatchilik hukmiga havola etmay maxfiylashtirayotgani e’tirozga sabab bo‘lmoqda.
Ozodlik avvalroq Samarqand viloyati hokimligi 630 million so‘mlik avtomobil xaridiga oid qarorni yashirib qo‘ygani haqida xabar qilgan edi.
Shuningdek, gardanida 6,6 milliard so‘m qarzi bo‘lgan Andijon tumani hokimligi qimmatbaho avtoulov sotib olishga doir hujjatni jamoatchilik nazaridan pana qilgani ma’lum.