Линклар

Шошилинч хабар
23 январ 2025, Тошкент вақти: 19:56

Toshkent maktablarida virusli gepatit qayd etildi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Toshkent shahri Mirobod tumanidagi 214- va 65-maktablarda virusli gepatit bilan kasallanish holatlari qayd etildi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va jamoat salomatligi qo‘mitasining Toshkent shahri bosh boshqarmasi ma’lum qildi.

Shu munosabat bilan ushbu ta’lim maskanlarida Sanepidqo‘mning Mirobod tumani bo‘limi mutaxassislari tomonidan epidemiologik tekshirish va sanitariya nazorati o‘tkazilgan.

Tekshiruvda maktablarning sanitariya holati talabga javob bermasligi aniqlangan va kamchiliklar yuzasidan maktab rahbariyatiga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzilgan.

Joriy yil sentyabr oyida Yashnobod tumanidagi, oktyabr oyida esa Bektemir tumanidagi maktablarda ham ushbu yuqumli xastalik ro‘yxatga olingandi.

Virusli gepatit A, B, C, D va E kabi besh asosiy turga bo‘linadi. Xalq orasida “sariq kasalligi” nomi bilan ataladigan gepatit “A” jigarning jarohatlanishi bilan kechadi va o‘ta yuqumlidir.

Gepatit A va E ifloslangan suv va oziq-ovqat orqali, B, C va D turlari esa qon va tana suyuqliklari orqali tarqaladi, C ko‘pincha surunkali bo‘lib, sirroz va jigar saratoniga olib keladi.

O‘zbekistonda B va C gepatiti keng tarqalgan.

BMT o‘rganishlariga qaraganda, 2016 yilda mamlakatda taxminan 2,5 million nafar gepatit B va 1,3 million nafar gepatit C bemorlari borligi aniqlangan.

O‘zbekistonda 2021-yilda gepatit C virusiga qarshi kurash bo‘yicha milliy dastur ishga tushirilgan. Undan ko‘zlangan maqsad 2030- yilga kelib respublikada ushbu virus bilan kasallanish darajasini nolga tushirishdir.

Ozodlik avvalroq virusli gepatitga qarshi vaksina qimmatlashining ijtimoiy, iqtisodiy oqibatlarini tahlil qilgandi.

XS
SM
MD
LG