O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari Xitoy tashqi ishlar vazirligining viza siyosati bo‘yicha mas’uli Son Shiyu bilan konsullik-huquqiy sohadagi ikki tomonlama hamkorlikka oid masalalarni muhokama qildi.
“Dunyo” axborot agentligi xabariga ko‘ra, rasmiy Toshkent Pekinga konsullik sohadagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri xorijiy davlatlar bilan viza tartibini yanada erkinlashtirish, xususan, viza talablaridan o‘zaro ozod etish to‘g‘risida kelishuvlarga erishish ekanini yana bir karra eslatgan.
Xitoy TIV mulozimi O‘zbekistonning dunyo mamlakatlari bilan vizani liberallashtirish borasida olib borayotgan sa’y-harakatlarini yuqori baholagan va Pekin ham ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorligini bildirgan.
Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston 2021-yil mart oyidan Xitoy fuqarolari uchun 10 kunlik vizasiz rejim joriy qilgandi.
Mahalliy matbuot xabariga ko‘ra, Xitoyning O‘zbekistondagi elchisi Yuy Szyun 2023-yil oktyabr oyida Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ikki davlat o‘rtasida vizasiz rejimni joriy etish bo‘yicha Pekin hukumatida “kuchli xohish borligi”ni ta’kidlagan.