Линклар

Шошилинч хабар
15 октябр 2024, Тошкент вақти: 02:16

Toshkentda mazutdan yoqilg‘i sifatida foydalanish taqiqlanmoqda


2030-yildan Toshkent shahar va unga tutash Toshkent viloyatida joylashgan isitish va elektr energiya ishlab chiqarish korxonalarida yoqilg‘i sifatida mazutdan foydalanish taqiqlanadi.

O‘zbekiston prezidenti 24-sentyabr kuni imzolagan “Chang bo‘ronlariga qarshi kurashish va atmosfera havosi sifatini yaxshilash bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorda shu talab ilgari surilgan.

Hujjatga muvofiq, mamlakatda chang bo‘ronlariga qarshi kurashish bo‘yicha 2024−2030-yillarga mo‘ljallangan milliy dastur tasdiqlangan.

2028-yilgacha kuchli chang bo‘ronlari hosil bo‘lish sur’atini hozirgiga nisbatan 50 foizga qisqartirish uchun bir qator vazifalar belgilangan.

Jumladan, poytaxtga tutash tumanlardagi 1,2 mingdan ortiq issiqxonada foydalanilayotgan ko‘mir yoqilg‘isining atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatilish topshirilgan.

Atrof-muhitni muhofaza etish choralarini kuchaytirish doirasida mas’ullarga kelgusi besh yil ichida Toshkent shahri va viloyatida 441 gektar “yashil belbog‘”, “yashil bog‘lar” tashkil qilish majburiyati yuklangan.

Qarorga ko‘ra, 2028-yildan “Yevro-4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘isidan foydalanish va sotish ham bosqichma-bosqich cheklanadi.

Jamoatchilik kuz-qish mavsumida markazlashgan issiqlik yetkazib berishda mazutdan foydalanish atmosfera havosining keskin ifloslantirayotganidan shikoyat qilib keladi.

O‘zbekiston poytaxti qish mavsumida dunyoning yirik shaharlari orasida havoning ifloslanish darajasi bo‘yicha bir necha marta birinchi o‘rinda qayd etilgan.

XS
SM
MD
LG