Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:54

Toshkentda Nukus voqealari bo‘yicha apellyatsiya mahkamasi bo‘lib o‘tmoqda


Nukus voqealari bo‘yicha Buxoroda bo‘lib o‘tgan ilk sud majlisi (arxiv surati).
Nukus voqealari bo‘yicha Buxoroda bo‘lib o‘tgan ilk sud majlisi (arxiv surati).

Toshkentda Nukus voqealarida ayblangan 16 nafar sudlanuvchining apellyatsiya mahkamasi boshlangan. Oliy sud shartli jazoga mahkum etilgan yana to‘rt shaxsga chiqarilgan hukm yuzasidan prokurorlar kiritgan protestni ham ko‘rib chiqadi.

5-may kuni boshlangan apellyatsiya mahkamasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining 31-yanvardagi hukmi ustidan jurnalist va advokat Dauletmurat Tajimuratov, Qoraqalpog‘iston IIV sobiq mulozimi, hozirda marhum Po‘lat Shamshetov va boshqa sudlanuvchilar xamda advokatlarining shikoyatlarini ko‘rib chiqmoqda.

Prokuratura mazkur hukmning sudlanuvchilar Lolagul Qallixanova, Azamat Turdanov, Axmet Smetullayev va Azamat Nuratdinovga oid qismiga protest kiritgan.

Yanvar oyi oxirida Buxoro viloyati sudida o‘tgan yilning 1-2-iyul kuni Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealarda ayblangan 22 kishiga nisbatan hukm e’lon qilingan. Hukmga muvofiq, asosiy ayblanuvchi sifatida ko‘rilayotgan Dauletmurat Tajimuratov 16 yilga qamalgan, yana 17 kishi 3 yildan 8,5 yilgacha ozodlikdan mahrum etilgan, Lolagul Qallixanova doxil to‘rt kishi esa sud zalidan ozod qilingan edi.

Tajimuratov tergov jarayonida qiynoqqa solinganini aytgan.

Nukus voqealari bo‘yicha jinoyat ishi yuzasidan yana 39 nafar sudlanuvchiga nisbatan ikkinchi sud hukmi esa 17-mart kuni e’lon qilingan. O‘shanda sud sudlanuvchilardan 28 nafariga 5 yildan 11 yilgacha qamoq jazosi bergani, 11 nafari esa shartli ravishda sud zalidan ozod qilingani ochiqlangan.

O‘tgan yil yozida O‘zbekiston konstitutsiyasining yangi tahririda Qoraqalpog‘iston respublikasi suveren maqomining bekor qilinishiga qarshi Nukusda boshlanib ketgan noroziliklar chog‘ida rasmiylarga ko‘ra, 21 kishi halok bo‘lgan, huquq-tartibot idoralari xodimlari doxil 243 kishi yaralangan. Namoyishlar kuch bilan bostirilgan, biroq o‘zbek rasmiylari harbiylarning namoyishchilarga qarata o‘q uzganini rad etgan, Milliy Gvardiya, IIV hamda Mudofaa vazirligi namoyishlarni bostirish chog‘ida qo‘llangan maxsus vositalarni namoyish qilgan.

Avvalroq AQSH, Yevropa Ittifoqi, BMT va xalqaro inson huquqlari tashkilotlari ham o‘zbek rasmiylarini Qoraqalpog‘istondagi voqealar yuzasidan ochiq, har tomonlama va shaffof tergov o‘tkazishga, tinch namoyishchilarga qarshi haddan ziyod kuch qo‘llanilganiga oid iddaolarni tekshirishga chaqirgan. Ammo ikkinchi suddagi ayblanuvchilar orasida ham namoyish ishtirokchilariga qarshi noqonuniy kuch qo‘llaganlikda gumonlangan xavfsizlik kuchlari xodimlari ko‘ringan emas.

Mart oyida Toshkent va Nukusga safar qilgan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk ham ularga Nukus voqealaridan saboq chiqarish bo‘yicha tavsiyalar berganini aytgan.

O‘tgan yil noyabrida Hьyuman Rayts Uotch (HRW) inson huquqlari tashkiloti O‘zbekiston xavfsizlik kuchlarini Qoraqalpog‘istondagi norozilik namoyishlarini bostirish chog‘ida "haddan tashqari va halokatli" kuch ishlatganlikda ayblab chiqqan edi.

Prezident Mirziyoyevning 2-3-may kunlari Germaniyaga qilgan safari arafasida tashkilot rasmiy Berlinni Nukusda 21 kishining o‘limida aybdorlarni javobgarlikka tortish yuzasidan Mirziyoyev hukumatiga bosim o‘tkazishga chaqirdi.

  • 30-aprel kungi referendumda Nukusdagi qonli voqealarga sabab bo‘lgan O‘zbekiston Konstitutsiyasining yangi tahriri ma’qullandi. Unda Qoraqalpog‘iston respublikasining suveren maqomi saqlab qolingan.
  • 1-2-iyul kuni Nukusda yuz bergan voqealar O‘zbekistonda 2005-yil mayidagi Andijon voqealaridan buyon sodir bo‘lgan eng yirik zo‘ravonliklardir.
  • O‘zbek rasmiylari namoyishchilarga qarata o‘t ochilganini rad etishgan, Milliy Gvardiya, IIV hamda Mudofaa vazirligi namoyishlarni bostirish chog‘ida qo‘llangan maxsus vositalarni namoyish etgan.
  • O‘zbekistonning AQSHdagi hozirda sobiq elchisi Javlon Vahobov Nukusdagi voqealar yuzasidan AQSH Kongressiga maxsus hisobot taqdim etilishini aytgan. Bu hisobot taqdim etilgan yoki yo‘qligi ma’lum emas.
  • O‘zbekiston parlamentining voqealarni o‘rgangan maxsus komissiyasi hozirga qadar o‘zining yakuniy xulosasini e’lon qilmagan.
XS
SM
MD
LG