Линклар

Шошилинч хабар
11 декабр 2023, Тошкент вақти: 23:26

Toshkentdagi Endokrinologiya markazi ko‘chirilmoqda, bemorlar xavotirda


Toshkentdagi Respublika Endokrinologiya markazining hozirgi besh qavatli binosi 1974-yilda Mirzo Ulug‘bek tumanida qurilgan.
Toshkentdagi Respublika Endokrinologiya markazining hozirgi besh qavatli binosi 1974-yilda Mirzo Ulug‘bek tumanida qurilgan.

Markaziy Osiyoda yetakchi hisoblangan Toshkentdagi Respublika Endokrinologiya markazi boshqa joyga ko‘chirilmoqda.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan markaz xodimlari sentabr oyiga qadar Toshkentning Tibbiyotchilar shaharchasi yonida qurilgan yangi binoga ko‘chishlari haqida ogohlantirilganliklarini aytishdi.

Bemorlar esa ko‘chish sabab ma’lum muddat o‘ta muhim muolajalarini ololmay qolishlaridan xavotirga tushgan.

Markazning hozirgi binosi buzilib, bo‘shagan yer uning yonida qurilgan prezident maktabiga qo‘shib berilishi haqida gap-so‘zlar, bor deydi Ozodlik suhbatlashgan shifokorlardan biri.

“Sentabrgacha ko‘chamiz. Klinika bor, bolalar Endokrinologiyasi bor, Endokrinologiya ilmiy markazi bor, u alohida binoda, hammasini ko‘chiryapti. Bu yerni prezident maktabiga beradi, deyishyapti. Biz ToshMIga ko‘chamiz”, - deydi ismi ochiqlanmasligini istagan markaz xodimi.

Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumani yer eng qimmat hududlar sirasiga kiradi, bu rayondagi bir gektar yerning o‘rtacha minimal narxi 20 milliard so‘mdan oshadi.

Ayni paytda eski bino e-auksion orqali sotuvga qo‘yilishi haqida ham gap-so‘zlar bor.

Markaz xodimlari orasida markazdan bo‘shagan yerga O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich kuyovi Oybek Tursunov ko‘z tikkani haqida gap-so‘zlar urchigan.

Ammo, Ozodlik bu iddaolarni tasdiqlovchi hujjatga ega emas.

Markaz va prezident maktabi

Endokrinologiya markazi yonida uch yil avval prezident maktabi qurilgan. Ozodlik suhbatlashgan bemorlar hamma muammo shu maktabning ochilishi bilan boshlanganini aytishadi.

Ularga ko‘ra, maktab ish boshlashi bilanoq kasalxonada ko‘plab noqulayliklar paydo bo‘la boshlagan.

Qandli diabet kasalligiga chalingan bemorning ta’kidlashicha, prezident maktabi qurilishi sabab katta yo‘lga olib chiqadigan asosiy kirish-chiqishlar boshqa tomonga ko‘chirilgan.

Bemorlar esa kasalxonaga kirish uchun ancha masofani bosib o‘tishga majbur bo‘lishmoqda.

Endokrinologiya markazida anchadan beri muolaja olib kelayotgan boshqa bir bemor kasalxona ko‘chirilishi bois muammolar yana ham ko‘payishi, u ma’lum muddat o‘ta muhim muolajalarini ololmay qolishidan xavotirda ekanini aytadi.

“Ko‘chish vahimasi hozirdan boshlangan. Kasalxona ko‘chirilishi sabab ba’zi bemorlarning operatsiyasi uzoq vaqtga kechiktirilyapti, boshqa bemorlar uni ertaroq muddatga o‘tkazishga rozilik berishiga majburlanmoqda. Vaholanki, amputatsiyadan so‘ng yara butunlay bitmagunicha, umuman operatsiyalar o‘tkazish nihoyatda hayot uchun xavflidir”, - deydi ismi ochiqlanishini istamagan bemor..

Endokrinologiya markazi qoshida 2 yil avval yangi poliklinika korpus binosi ham qurilgan. Respublika miqyosidagi yagona hisoblangan bu poliklinika ham ko‘chirilmoqda.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan shifokorlar uch yil davomida markazning ko‘chirilishiga qarshilik qilib, eski joyni saqlab qolishga harakat qilganliklarini aytishadi.

"Bu nafaqat respublika, balki butun mintaqadagi endokrinologiya markazi. Bu yerda ilmiy izlanishlar ham olib boriladi. Katta markazni hozir ToshMIni tarkibiy qismiga aylantirib qo‘yishmoqchi. Yaqinda poliklinika qurgan, uni ham ko‘chirishyapti, - deydi shifokor.

Markaziy Osiyodagi yetakchi markaz

Toshkentdagi Respublika Endokrinologiya markazining hozirgi besh qavatli binosi 1974- yilda Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Akademiklar shaharchasida qurilgan.

Shu hududdagi ikki alohida besh qavatli binoda 288 o‘rinli statsionar bo‘lim va 250 kishiga mo‘ljallangan maslahat-diagnostika klinikasi bor.

O‘zbekiston Soqg‘liqni saqlash vazirligining ismi ochiqlanmasligini istagan mulozimi markazning ko‘chirilishini Ozodlikka tasdiqladi, lekin binoning keyingi taqdiri nima bo‘lishi haqida ma’lumotga ega emasligini aytdi.

“Prezident qarori asosida bo‘lyapti bu. Hozirgi markaz bazasi eskirgan, talabga javob bermaydi. Shuning uchun ToshMI hududida zamonaviy bino qurilgan shu joyga ko‘chadi. U yerda radiologiya, nur terapiyasidan tortib tomografiya, lineyniy uskoritelli muolaja bo‘limlari bo‘ladi. Tibbiy xizmat sifatini yaxshilash uchun qilinyapti qaytanga bu”, - deydi vazirlik mulozimi.

Endokrinologiya sohasida Markaziy Osiyoda yetakchi sanalgan markazda ellikdan ortiq vrach faoliyat yuritadi.

Markaz saytida keltirilishicha, har yili u yerda turli endokrin kasalliklarga chalingan 50 mingdan ortiq bemor nostatsionar, 8 mingdan ortiq bemor esa statsionar sharoitda davolanadi.

XS
SM
MD
LG