Toshkent shahrining Olmazor tumanida joylashgan mebel korxonasida 18-sentyabr tongida sodir bo‘lgan yong‘inni bartaraf etish uchun 1,5 soat vaqt sarflangan.
Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, Olmazor tumanining Usta Shirin ko‘chasida joylashgan mebel ishlab chiqarish korxonalarining birida yong‘in chorshanba kuni soat 07:28 da chiqqan. O‘t o‘chiruvchilar yong‘in chiqqan manzilga soat 07:34 da yetib borishgan.
“Yong‘in qutqaruv ekipajlari tomonidan yong‘in soat 07:58 da qurshab olinib, soat 08:56 da batamom o‘chirildi”, deyilgan boshqarma xabarnomasida.
FVB vakillari yong‘in natijasida “tan jarohati olgan va vafot etgan fuqarolar yo‘q” yo‘qligini bildirishgan.
“Ayni vaqtda yong‘in sababi va moddiy zarari aniqlanmoqda”, deyilgan xabarnomada.