Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:55

Turkiston legioneri oqlandi


Komiljon ota Qobilov Ikkinchi Jahon urushi chog‘ida Turkiston legionida xizmat qilgan so‘nggi so‘g‘dlik hisoblanadi.
Komiljon ota Qobilov Ikkinchi Jahon urushi chog‘ida Turkiston legionida xizmat qilgan so‘nggi so‘g‘dlik hisoblanadi.
Turkiston legionida xizmat qilgan so‘g‘dlik Komiljon Qobilov bu yil g‘alaba bayrami arafasida reabilitatsiya qilindi.

Komiljon ota 1939 yili Sovyet armiyasi safiga chaqirildi va Ukrainadagi Volin viloyati Kovyel shahrida razvyedka polkida xizmat qila boshladi.

- Men xizmat qilgan Kovyel shahri Volin viloyatining g‘arbida, Polsha bilan chegaradosh mintaqada joylashgan. Volin viloyati 1939 yilda tashkil etilgan yangi viloyat edi. 1941 yilning 22 iyun kuni Polshadan bostirib kelgan nemis fashistlar Volin viloyatini sanoqli soatlarda bosib olishdi. Men xizmat qilgan otli razvyedka polki ham tor-mor etildi. Tirik qolganlarni nemislar asirga olishdi va bizni Polshaga jo‘natishdi, - deydi o‘sha mudhish yillarni eslarkan Komiljon ota.

Uning aytishicha, konslagerdagi harbiy asirlarga o‘lik otlarni olib kelib tashlashardi. Yashashni xohlaganlar xom go‘shtni yeyishga majbur bo‘lgan. Xohlamaganlar esa och qolib, oxir-oqibatda jon taslim qilishardi.

“Rus va o‘rta osiyoliklarni nemislar kaltaklashardi, tahqirlashardi, lekin o‘ldirmas edilar, - deydi Komiljon ota, - yahudiylar esa o‘sha zahoti otib tashlanardi”.

Turkiston legioni bayrog'i.
1941 yilda Germaniyada Mustafo Cho‘qay, Boymirza Hayit, Vali Qayumxon, Ro‘zi Nazar kabi bir guruh turkistonlik ziyolilar tomonidan urushda asirga tushgan o‘rta osiyoliklardan iborat Turkiston legioni tuzilgandi. 1942 yilning fevral oyida esa Polshada bu legionning mashq lageri tashkil etildi. Legion rahbarlari nemislar egallab olgan davlatlardagi konslagerlarda bo‘lib, harbiy asirlarni o‘z saflariga da‘vat qilishardi. Polshadagi konslagerda ana shunday targ‘ibot vaqtida Komiljon Qobilov ham bu legion safiga qo‘shiladi.

“Komiljon ota, siz shu legionni tashkil etgan Mustafo Cho‘qay, Boymirza Hayit, Vali Qayumxon, Ro‘zi Nazarlar bilan uchrashganmisiz?” Deya so‘raymiz suhbatdoshdan. Bu savolga javob berishdan oldin ota ancha o‘ylandi - savolimiz unga yoqmagani ko‘rinib turardi. Shu bois bo‘lsa kerak, u qisqa javob qildi.

- Uzoqdan ko‘rganman, qo‘l berib, salomlashganim yo‘q, suhbatlashmaganman hatto. Men Polshadagi harbiy mashq lagerida medbrat bo‘lib ishladim, - deydi Komiljon ota.

1944 yilda Polshani ozod etgan Sovyet armiyasi Turkiston legioniga qarashli polkni ham tor-mor qildi. Legionda bo‘lgan va omon qolganlar asirga olinib, SSSRdagi lagerlarga jo‘natildi.

- Meni avval Sibirga jo‘natishdi. Izg‘irinli sovuqdan, ochlikdan, kaltaklardan anchagina lagerdoshlarim jon taslim qildi. Sibirdan keyin Ural, Mordoviya va oxiri Chelyabinskdagi harbiy asirlar qamoqxonasiga tashlashdi. Qaysi qamoqxonaga yuborishmasin, hamma joyda tergov, so‘roq va kaltaklash boshlanardi, - deb eslaydi Komiljon ota.

Suhbatdoshimizning aytishicha, 1953 yilda Stalin o‘limidan keyin lagerdagi ko‘pchilik asirlarga javob berishgan. Javob berishdan oldin, ularda qayerga borishlarini, yo‘lni topib olish-olmasliklarini so‘rashgan. “Xa” deb javob berganlarni qo‘yib yuborishgan. Ular orasida Komiljon ota ham bor edi. Biroq u vataniga - So‘g‘d viloyatidagi Ro‘mon qishlog‘iga qaytib kelganidan keyin ham qiyinchiliklar tugamadi.

Necha oy davomida uni NKVDda tergov va so‘roq qilishdi. Komiljon ota qishlog‘ida ham boshini tik ko‘tarib yurolmas edi. Bunday achinarli hayot yaqin kunlargacha davom etib keldi. Yillar o‘tib, viloyat va Xo‘jand shaxar vyeteranlar sho‘rosi tavsiyalari va so‘rovlari natijasida Komiljon Qobilov reabilitatsiya qilindi.

- Ikkinchi Jahon urushi davrida harbiy asirga tushganlarni reabilitatsiya qilishda hozir ham davom etmoqdamiz. Ular xoin emas, urush qatnashchilari hisoblanadi. Axir ular o‘z istagi bilan asirga tushmagan-ku. Bugun urush qatnashchilari soni juda kam qolgan. Ularning har birini haqiqiy qahramonlar, desam xato bo‘lmaydi. Chunki o‘sha hayot-mamot janglarida, konslagerlarda omon qolganliklarining o‘zi qahramonlikdir, - deydi Xo‘jand shahar urush faxriylari sho‘rosi rais o‘rinbosari Mamadxon Eshonov.

Komiljon Qobilovga Ikkinchi Jahon urushi vyeterani nomi qaytarildi. Uning urushni eslatuvchi bitta medali bor, u ham bo‘lsa Tojikiston mustaqillikka erishgandan keyin berilgan. Ayni paytda Komiljon ota Qobilovning 40 ta nevarasi va 30 ta evarasi bor.
XS
SM
MD
LG