Линклар

Шошилинч хабар
20 сентябр 2021, Тошкент вақти: 07:54

Turkiya bir haftadan beri o‘rmon yong‘inlariga qarshi kurashmoqda (VIDEO)


Turkiya bir haftadan beri plyajlar yaqinidagi o‘rmonlarni qamrab olgan yong‘inlarni o‘chirish uchun kurashmoqda. “The Associated Press” agentligi xabar berishicha, chorshanba kuni boshlangan yong‘inlar bugunga qadar sakkiz kishining hayotiga zomin bo‘lgan.

Yong‘inlar kuchli shamol va jazirama issiq tufayli keng hududga tarqalgan.

Aholi va sayyohlar yong‘in yaqinidagi dam olish maskanlaridan jon saqlash uchun qochib ketgan. Ko‘plab qishloq aholisi uyi va mol-holini tashlab ketishga majbur bo‘lgan.

Туркия бир ҳафтадан бери ўрмон ёнғинларига қарши курашмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:37 0:00

Ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu dushanba kuni birgina Mug‘la viloyatidan 10 mingga yaqin odam evakuatsiya qilinganini aytdi.

Qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi vaziri Bekir Pakdemirli “Twitter”da o‘t o‘chiruvchilar hali ham Antaliya va Mug‘lada to‘qqizta yong‘inni o‘chirayotganini ma’lum qildi. Isparta, Dengizli, Izmir va Adana viloyatlarida ham yong‘inlar davom etmoqda.

Vazir dushanba kuni Tunjeli shahridagi yong‘in o‘chirilganini ma’lum qildi. Hammasi bo‘lib chorshanbadan beri 30 dan ortiq viloyatda boshlangan 137 yong‘in o‘chirilgan.

“Harorat 40 darajadan yuqori bo‘lgan, shamol kuchli va namlik juda past bo‘lgan kunlarni boshdan kechiryapmiz. Mana shunday og‘ir sharoitda kurashyapmiz”, dedi Pakdemirli.

Yakshanba kuni yong‘inlar yaqinlashayotgani uchun Kokertme qishlog‘i aholisi evakuatsiya qilingan. Qishloq yaqinidagi ikkita issiqlik elektr stansiyasini himoya qilish uchun chora ko‘rilgan.

Mug‘la viloyatining dengiz bo‘yidagi Marmaris kurorti yaqinidagi Turunch shahri aholisi ham evakuatsiya qilingan.

Turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy dushanba kuni ba’zi sayyohlar tahdid ozayganidan keyin o‘z mehmonxonalariga qaytganini aytdi.

Yevropa Ittifoqi Turkiyaga yordam berish uchun Xorvatiya va Ispaniyadan o‘t o‘chiruvchi samolyotlarni yuborganini ma’lum qildi. Ukraina, Rossiya, Ozarbayjon va Eron samolyotlari ham yong‘in bilan kurashmoqda.

Ispaniya yordamga ikkita suv tashlaydigan samolyot, bitta transport samolyoti hamda 27 askar yuborayotganini bildirdi.

Avvalroq Turkiya hukumati G‘arb davlatlaridan yordam olishdan bosh tortib, o‘t o‘chirish harakatlariga putur yetkazayotgani da’vo qilingan edi.

Pakdemirli buni rad etdi. Vazir hukumat faqat besh tonnadan kam suv tashiydigan samolyotlar keraksiz ekanini aytganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jami 16 ta samolyot, 51 ta vertolyot va 5 mingdan ortiq xodim yong‘inlar bilan kurashmoqda.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on hukumati zamonaviy yong‘in o‘chirish samolyotlarini sotib olmagani uchun tanqidga uchradi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Fahrettin Kojaning so‘zlariga ko‘ra, yong‘inlardan zarar ko‘rgan kamida 27 kishi shifoxonalarda davolanmoqda, yuzlab odam esa davolanib chiqqan.

Ichki ishlar vaziri Soylu rasmiylar yong‘inlar sabablarini ko‘rib chiqayotganini aytdi. Jumladan, yong‘inlarga odamlarning “ehtiyotsizligi” va kurd jangarilari sabotaji sabab bo‘lgan, degan taxminlar ko‘rib chiqilmoqda. Soyluning so‘zlariga ko‘ra, bir shaxs kurdlardan pul olib, o‘rmonga o‘t qo‘yishda gumonlanib, hibsga olingan.

Ammo mutaxassislarning fikricha, yong‘inlarga asosan iqlim o‘zgarishi hamda odamlar xatosi sabab bo‘lmoqda. Avvalroq Erdo‘g‘on yong‘inlardan biriga bolalar sababchi bo‘lganini aytgan edi.

XS
SM
MD
LG