Линклар

Шошилинч хабар
05 октябр 2024, Тошкент вақти: 20:14

Turkiya rasmiylari Telegram'ni bloklash bilan tahdid qilishmoqda


Turkiya Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalar boshqarmasi, agar Telegram rasmiylar talablarini e’tiborsiz qoldirishda davom etsa, mamlakat hududida bu messenjerni bloklab qo‘yish bilan tahdid qildi. Daily Sabah nashri xabariga ko‘ra, turk rasmiylari Telegram'dagi noqonuniy kontent bo‘yicha minglab talabnomalar yo‘llashgan.

Rasmiylar messenjerdan narkotik savdosi, bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik, fohishalik, qimorga aloqador kanallar ma’murlari va ishtirokchilari haqidagi ma’lumotlarni ochiqlashni talab qilishmoqda. Iddaoga ko‘ra, regulyator bu borada messenjerga mingdan ziyod xat yo‘llagan, lekin ularning birontasiga ham javob olmagan.

Telegram vakillari turk rasmiylarining bu tahdid yuzasidan hozircha biror izoh bergan emas. Daily Sabah regulyator va politsiyaning xatlari messenjerning Angliyadagi ofisiga yo‘llangani haqida yozgan. Nashr messenjer Britaniyadagi o‘z ofisini yopgani, ayni paytda uning qarorgohi Birlashgan Arab Amirliklarida ekanini eslatgan.

Avvalroq Turkiya transport va infrastruktura vaziri Abdulqodir Uralo‘g‘li mamlakatda Instagram tarmog‘iga kirishga qo‘yilgan cheklov bekor qilingani haqida bildirgan edi.

Vazirga ko‘ra, bunday qaror Instagram vakillari turk rasmiylarining talablarini bajarish va “foydalanuvchilarga nisbatan senzura ustida birgalikda ishlash”ga, ayniqsa, “katalog jinoyatlari” sohasidagi huquqbuzarliklarni bartaraf qilishga va’da berganlaridan keyin qabul qilingan. “Katalog jinoyatlar” deyilganda Turkiya Jinoyat kodeksidagi jamoat tartibi va xavfsizligining buzilishiga aloqador jinoyatlar nazarda tutiladi. Uyushgan jinoyatchilik, qotillik, odam savdosi, jinsiy zo‘ravonlik, qiynoq, giyohvand moddalar savdosidan tashqari katalogda mitinglarda qatnashganlikka oid moddalar ham mavjud.

Turkiyada Instagram tarmog‘i 2-avgust kuni blokirovka qilingan edi. Bu oddiy foydalanuvchilar va kichik biznes vakillarining noroziligiga sabab bo‘ldi.

Turkiya matbuoti taxminicha, Instagram blokirovkasi ijtimoiy tarmoq mas’ullari tomonidan HAMAS (AQSH va YIda terror tashkiloti deb topilgan) siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniyaning Eronda o‘ldirilishi ortidan paydo bo‘lgan ta’ziya postlari blokirovka qilinganiga javoban amalga oshirilgan. O‘shanda Turkiya prezidenti ma’muriyatining kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Faxrettin Altun bu postlarning o‘chirilishini senzura deb atagan edi.

Statist servisi ma’lumotiga ko‘ra, Turkiya 57 millionlik foydalanuvchisi bilan Instagram foydalanuvchilari soni bo‘yicha Hindiston, AQSH, Braziliya va Indoneziyadan keyin dunyoda beshinchi o‘rinni egallab keladi.

XS
SM
MD
LG