Линклар

Шошилинч хабар
14 январ 2025, Тошкент вақти: 18:34

Turkiyada “Krokus”dagi hujumchilarga aloqadorlikda gumonlangan besh kishiga ayblov e’lon qilindi


O‘tgan yilning 22-martida qurolli hujum sodir etilgan “Krokus Siti Xoll” savdo markazi (arxiv surati)
O‘tgan yilning 22-martida qurolli hujum sodir etilgan “Krokus Siti Xoll” savdo markazi (arxiv surati)

Istanbul prokuraturasi, tergov taxminiga ko‘ra, o‘tgan yilning 22-martida Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Xoll” konsert zaliga hujumga aloqador ko‘rilgan “Islom davlati” tashkilotining besh nafar muhtamal a’zosiga ayblov e’lon qildi.

Hofizjon Usmonov, Muteulloh Asoyev, Rahmatullo Salikov, Muhammadrahim Fayzov va Hamza Muhammad, tergov taxminicha, “Krokus”ga hujum uyushtirganlar bilan aloqada bo‘lishgan, ulardan biri esa, iddaoga ko‘ra, Moskvadagi boshqa bir savdo markaziga 800 ming rubl evaziga bomba qo‘yishni taklif qilgan, deya xabar qildi “Onado‘li” agentligi.

Gumonlanuvchilar Turkiya doxil ko‘plab mamlakatlar rasmiylari tomonidan terror tashkiloti deb tan olingan “Islom davlati”ga a’zoligi uchun sudlanadi. Ular 7,5 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishlari mumkin.

Gumonlanuvchilardan biri bo‘lgan Fayzovning Tojikiston fuqarosi bo‘lgani ma’lum. Usmonov esa, iddaoga ko‘ra, IDga qarashli yashirin kvartirada “Krokus”ga hujumda ayblanayotganlardan biri − Shamsiddin Fariduniy bilan birga yashagan.

Asoyev, iddao qilinishicha, o‘z telefoni orqali Moskvadagi “Vegas” savdo markazida portlash uyushtirishni taklif qilib, bu ishni amalga oshirgan shaxsni Belarus chegarasigacha yetkazib, Belarusda vaqtincha turarjoy va yangi hujjatlar bilan ta’minlashni va’da qilgan. Agentlik materialida bu kabi nomdagi savdo markazlaridan qaysi biri haqida gap ketayotganiga aniqlik kiritilgan emas, “Vegas”lardan biri “Krokus Siti Xoll” yaqinida joylashgan.

Mazkur ish bo‘yicha ayblanuvchilarning o‘zlari qanday fikrda ekanlari ma’lum emas. Federal xavfsizlik xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyada bu ish bo‘yicha 20 dan ziyod kishi ushlangan. Terakt ijrochilari va ularning muhtamal sheriklariga terrorchilik ayblovi qo‘yilgan.

Mart oyidagi hujum va bu jinoyatga aloqadorlikda ayblanib Markaziy Osiyo mamlakatlaridan bo‘lgan fuqarolar qo‘lga olinganidan keyin Rossiyada migrantlarga qarshi kampaniya boshlagan, bu kampaniya pirovardida RFda mehnat va migratsiyaga oid qonunchilik kuchaytirilishiga olib kelgan.

XS
SM
MD
LG