Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:49

Turkiyadagi prezident saylovi: Erdo‘g‘on muxolifatga yutqazishi mumkinmi?


Turkiyada 14-may kuni prezident saylovi o‘tkaziladi. Mamlakatni 20 yil (shundan 9 yilini – prezident maqomida) boshqargan Rajab Toyyib Erdo‘g‘on iqtidorda qoladimi, yo‘qmi? Turli so‘rovlar amaldagi prezident va muxolifat nomzodining har biri 40 foizdan ziyod tarafdorlarga egaligini ko‘rsatmoqda. Ammo iqtidordagi partiya va uning lideri obro‘siga jiddiy putur yetkazgan rekord inflyatsiya va zilzila manzarasida muxolifatning qo‘li baland kelishi ehtimoli yo‘q emas.

So‘nggi so‘rovlar natijalari manbaga qarab farqlanadi. Turkiyaning eng yirik nashrlaridan biri – Hürriyet onlayn-gazetasi ma’lumotiga ko‘ra, 2-may holatiga nomzodlardan hech biri g‘alaba uchun zarur 50 foizdan ko‘p ovoz yig‘olmaydi. To‘g‘ri, nashr iqtidordagi Adolat va taraqqiyot partiyasi (Adalet ve Kalkınma Partisi, AKP) lideri va amaldagi prezident Erdo‘g‘onning imkoniyatlarini bir oz yuqori – 48,6 foiz deya baholamoqda. Asosiy muxolif nomzod, Respublika xalq partiyasi (Cumhuriyet Halk Partisi, SNR) raisi Kamol Qilichdoro‘g‘li – 44,1 foiz; Muharram Inji (Memleket Partisi) –4,3 foiz; o‘ng milliy blok bo‘lmish ATA ittifakı (“Ota ittifoqi”) lideri Sinan O‘gan esa atigi 3 foiz ovoz olishi mumkin.

Biroq siyosiy tadqiqotlarga ixtisoslashgan mustaqil SER-AR shirkati so‘rovi muxolifat tarafdorlari ko‘proqligini ko‘rsatmoqda: Qilichdoro‘g‘lida – 52,7 foiz, Erdo‘g‘onda – 44,3 foiz, Injida – 1,4 va O‘ganda 1,6 foiz.

Zilziladan keyingi saylov

Iqtidordagi partiya va uning lideri obro‘siga jiddiy putur yetkazgan ikki omil bor. Biri – 6- fevral kuni Turkiya janubidagi 6 viloyatda yuz bergan dahshatli zilzila. So‘nggi qaydlarga ko‘ra, tabiiy ofat 50,7 ming kishining umriga zomin bo‘lgan, jami 15,7 mln kishiga u yoki bu darajada aziyat yetkazgan. Ulardan bir qismi tabiiy ofat hududini tark etib, boshqa viloyatlarga ko‘chib o‘tganlar.

Zilziladan so‘ng turkiyaliklar hukumatni qutqaruv tadbirlarini o‘z vaqtida va to‘g‘ri tashkil qila olmaganlikda ayblay boshladilar. Ayrim hududlarda qutqaruv amaliyoti uch kun o‘tib boshlangani, odamlar soatlab, hatto sutkalab xarobalar tagida yordamsiz qolib ketishgani, aynan shu tufayli qurbonlar soni ko‘p bo‘lgani haqida ma’lumotlar bor. Qutqaruv ishlari yaxshi uyushtirilmaganini keyinroq Erdo‘g‘onning o‘zi ham tan oldi.

Zilzila vayron qilgan Adiyaman shahridan kelgan qarindoshlariga o‘z uyidan joy bergan izmirlik Go‘zel tabiiy ofat nafaqat undan aziyat chekkanlar, balki butun jamiyat ko‘nglini Erdo‘g‘ondan sovutganini aytadi: “Deyarli har bir turkiyalikning biron yaqin kishisi yer silkinishidan o‘ldi yoki jabr ko‘rdi. Hukumatning g‘aflatdaligi va o‘z fuqarolariga imdod bera olmagani odamlarni hukmron AKP haqidagi fikrini o‘zgartirishga majbur etdi”, deydi u.

Go‘zel va qarindoshlari tabiiy ofat hududidan kelganlar ovoz bera olmasligidan tashvishdalar. Gap shundaki, ular Izmirda qayddan o‘tmay yashashyapti. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, zilzila oqibatida 3,3 mln kishi boshqa hududlarga ko‘chirilgan bo‘lib, ulardan 1,5 mln nafari yangi joyda qayd qilingan, xolos. Hukumat ro‘yxatga olinmaganlar qaerda ovoz berishi haqida aniq bir gap aytmayapti. “Qarindoshlarim o‘z shaharlariga qaytib, saylov uchastkasini qidirib topishlariga to‘g‘ri keladi”, deydi Go‘zel.

Мирзиёев ва Эрдўғон турк дунёсини бирлаштира оладими?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:16:48 0:00

600 foizga qimmatlagan piyoz

Saylovchilar kayfiyatiga ta’sir etayotgan ikkinchi omil – mamlakatning iqtisodiy ahvoli. Turkiya statistika instituti rasmiy ma’lumotlari yil davomida narx-navo ikki baravar yoki 105 foizga oshganini ko‘rsatmoqda. Biroq mahalliy aholi aslida vaziyatdan ancha og‘irligini aytadi.

“Narxlar kunda o‘zgaradi. Kecha supermarketda pomidor xarid qila olmadik, chunki eski narx bekor bo‘lgan, yangi narxni hali qo‘yishmagan ekan. Pul qadrsizlanishi xususiy do‘kondorlar bilan olibsotarlarni boyitmoqda. Ikki lira turadigan piyozning bir bog‘ini hozir 15 liraga olyapmiz”, noliydi istanbullik Jamol.

Bu yil bahorda Turkiyada piyoz qimmatligi alohida norozilikka sabab bo‘ldi. An’anaviy turk oshxonasini piyozsiz tasavvur etib bo‘lmaydi, ushbu sabzavot iste’moli yiliga kishi boshiga o‘rtacha 21 kiloni tashkil qiladi. Qishloq xo‘jaligi palatalari ittifoqi piyoz narxi bir yil ichida 600 foizga oshganini ta’kidlamoqda: ya’ni, o‘tgan bahorda kilosi 4-5 lira bo‘lgan mahsulot hozirda 30 lira (1,5 dollar)ga chiqqan.

Oziq-ovqat bilan barobar uy-joy narxlari ham osmonga o‘rlamoqda. Rasmiy statistika bu sohada narx-navo “atigi” ikki yarim marotaba yoki 140 foizga ko‘tarilganini ko‘rsatayotir. Ijara haqlarida ham o‘sish taxminan shuncha. Holbuki qonunchilik ijaradorlar uchun chegara belgilab qo‘ygan – narxni bir yilda 25 foizdan ziyodga oshirish mumkin emas. Biroq hayotda shafqatsiz bozor qonunlari ishlamoqda.

“O‘tgan yili Izmir markazidan ikki xonalik kvartirani oyiga 3 ming liraga (qariyb 150 dollar) ijaraga olishim mumkin edi, hozir shunaqa joydan bir xona kvartira uchun oyiga 10 ming lira (500 dollardan ziyod) so‘rashyapti. Ammo maoshim narx-navoga mutanosib tarzda oshayotgani yo‘q. O‘rtacha daromadli odamlarga hozir nihoyatda og‘ir: 10-12 ming lira oylikka qorin to‘ydiramizmi yoki ijara to‘laymizmi?” yozg‘iradi maktab muallimasi Tuba.

Turk muxolifati iqtisodiyot izdan chiqib, o‘rta statistik fuqaroning turmushi og‘irlashganida hukmron AKR partiyasini va shaxsan Erdo‘g‘onni ayblaydi. “Prezident inflyatsiyaga moliyaviy choralar ko‘rish bilan emas, Markaziy bank rahbarlarini almashtirish bilan kurashadi”, deya ta’na qiladilar. Rostdan ham so‘nggi ikki yilda u uch raisni iste’foga chiqardi. Oxirgisi, Said Erdal Dincher 2022-yil yanvarda so‘nggi 20 yilda rekord darajada oshgan narx-navo statistikasi Erdo‘g‘onga yoqmagani uchun bo‘shatilgan.

Iqtidordagi partiya va Erdo‘g‘on turk iqtisodiyotidagi ahvolga izoh bermaslikni ma’qul ko‘rishadi. Buning o‘rniga ular “fitnalar”dan bahs etmoqdalar: go‘yoki, muxolifat g‘alabasi 2016-yil iyulda amalga oshmagan davlat to‘ntarishi muvaffaqiyatini bildirar emish. Erdo‘g‘onga ko‘ra, qamoqdagi va xorijdagi terrorchilar hokimiyat almashishini kutib o‘tirishgan emish. Qolaversa, muxolifat mamlakatning so‘nggi 20 yilda erishgan barcha yutuqlarini boy beradi, deya iddao qiladi prezident.

Buning o‘rniga Erdo‘g‘on aholiga “ishonch va barqarorlik muhiti”ni asrashni taklif qilmoqda. Bu muhitda, jumladan, yoshlar o‘z uy-joyiga ega bo‘lishar emish. Ayni shu va’da yosh saylovchilarni qiziqtirib qo‘yganga o‘xshaydi.

“Besh yil muqaddam narxi 300 ming lira (taxminan 15 ming dollar) bo‘lgan kvartira bugungi kunda 3 million liraga (150 ming dollar) chiqqan. 23 yoshli o‘g‘limning boshi qotgan: baribir oilangni ta’minlay olmasang, tuzukroq uy-joy sotib ololmasang o‘qishning nima keragi bor, deydi”, deya hasrat qiladi Istanbul fabrikalaridan birining tikuvchisi Oysha.

Muxolifat va’dalari va Erdo‘g‘onning javobi

Muxolifat va iqtidordagi partiya ommaga murojaatlar orqali muloqot qilmoqda. Kamol Qilichdaro‘g‘li Erdo‘g‘onni necha martalab jonli ochiq munozaraga chorladi, biroq prezident chorlovlarga javob bermay, “bay-bay Kemal” (ya’ni “xayr, Kamol”) deya go‘yo uni o‘ziga munosib ko‘rmasligini pisanda qilishga urinyapti.

Debatlar bo‘lmagach, mitinglarda ochiq agitatsiya yo‘liga o‘tildi. Ikkala tomon ham eng muxolif kayfiyatdagi shaharlardan biri bo‘lmish Izmirda o‘z tadbirlarini o‘tkazdi. AKRning birinchi mitinggi 29-aprel kuni sohil bo‘yida bo‘ldi. Tadbirdan keyinoq Internetda Erdo‘g‘onning ko‘pdan-ko‘p tarafdorlari bilan tushgan suratlari yasama bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Qolaversa, suratlarda davlat xizmatchilari ham bo‘lib, ular ishdan bo‘shatish tahdidi bilan mitingga olib chiqilgandek taassurot uyg‘otdi. Izmirdan so‘ng Erdo‘g‘on Anqarada saylovchilar oldida nutq irod etarkan, “Alloh madadi ila muxolifatni yanchib tashlashga” va’da berdi.

Kamol Qilichdaro‘g‘li esa Izmirdagi javob mitingida “Turkiyani yana ro‘shnolikka olib chiqishga” va “turk demokratiyasini tiklashga” va’da berdi. Ikki chaqirimlik sohilni to‘ldirgan odamlarning foto va videolari turk va jahon OAVlarida “Qilichdaro‘g‘lini qo‘llab-quvvatlashga kelganlar hatto Tarkan muxlislaridan ham ko‘p edi”, degan so‘zlar bilan e’lon qilindi (2022-yil sentabrda Tarkanning Izmir shahri grek bosqinidan xalos bo‘lganiga yuz yil to‘lishiga bag‘ishlangan konsertiga qariyb bir million yig‘ilgan edi).

Istanbullik muhandis Kamol o‘zi va yaqin do‘stlari shuncha yildan beri ilk daf’a muxolifat g‘alabasiga jiddiy ishonayotganini aytadi. U muxolifat dasturidagi asosiy bandlardan biriga – qochqinlar masalasiga urg‘u beradi. “So‘nggi yillarda Turkiyaga kelib, fuqarolikni olgan suriyaliklar jamiyatning asabiga tegmoqda. Erdo‘g‘on qochqinlarga pasport tarqatish bilan yangi saylovchilar unga ovoz berishini ta’minlagani barchaga ma’lum. Chunki u hatto o‘zining doimiy elektorati – keksalar dastagidan ham mahrum bo‘lgan edi”, deydi u.

Qilichdaro‘g‘li saylovoldi kampaniyasi chog‘ida, xususan, turar joylarning xorijlik xaridorlarga sotilishini kamida besh yilga taqiqlashga va’da berdi. Shuningdek, u Turkiyada uy-joy sotib olgan ajnabiylarga soliq imtiyozlari berishni nazarda tutuvchi “turk fuqarolarini tahqirlovchi tizim”ni ham yo‘q qilmoqchi.

Bu safar muxolifat koalitsiyasi jami oltita partiya – milliyatchilar (“Yaxshi partiya”), konservatorlar (“Baxt partiyasi”), Demokratik partiya, Demokratiya va taraqqiyot partiyasi, Kelajak partiyasi va Respublika xalq partiyasini birlashtirishga muvaffaq bo‘ldi.

Muxolif partiyalar bilan muzokara stoliga o‘tirishdan bosh tortganlardan biri – prezidentlikka nomzodini qo‘ygan Muharram Inje bo‘ladi. 2018-yilgi saylovda yutqazgan ushbu siyosatchi Qilichdoro‘g‘li tarafdorlarining bir qismini o‘ziga og‘dirib, Erdo‘g‘onga ko‘maklashish uchun kurashga kirganlikda ayblanmoqda. Inje iqtidordagi partiya va uning liderini tanqid qilish o‘rniga asosiy muxolifat nomzodiga hujum qilayotgani ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari va tahlilchilarni sergak torttirdi. Masalan, u iqtidordagi partiya kabi Qilichdoro‘g‘lini FETO (Fethullahçı Terör Örgütü – Fathulloh Gyulen tashkiloti) bilan aloqalarda ayblaydi. “Qilichdoro‘g‘li FETOning yangi hamkori”, degan edi Inje.

To‘rtinchi nomzod, turli so‘rovlarga ko‘ra 1,5 foizdan 3 foizgacha ovoz yig‘ish imkoniyatiga ega deyilayotgan Sinan O‘gan kelib chiqishi ozarbayjonlik siyosatchi bo‘lib, AQSH va G‘arb bilan aloqalarni muvozanatga keltirishga va Suriya hududiy yaxlitligini saqlashga targ‘ib qiladi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, 50 foizdan ortiq ovoz olgan nomzodgina Turkiya prezidenti bo‘la oladi. Hech bir nomzod buncha ovoz yig‘a olmagan taqdirda esa eng ko‘p ovoz olgan nomzodlar o‘rtasida qayta saylov o‘tkaziladi – u 28-may kuniga belgilangan.

XS
SM
MD
LG