Линклар

Шошилинч хабар
01 декабр 2021, Тошкент вақти: 04:38

Turkman “valiahdi”, metan tarqalishi va iqlimga doir xalqaro konferensiya


Turkmaniston bosh vaziri o‘rinbosari Sardor Berdimuhamedov - Ashxobod, 25 - aprel, 2021

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov yagona o‘g‘li Sardorni mamlakatni iqlim o‘zgarishlariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada tamsil etishi uchun Glazgoga jo‘natdi.

Ozodlik/Ozod Yevropa radiosining Markaziy Osiyo bo‘yicha tahlilchisi Bryus Pannier bu voqeaning siyosiy ma’nosi, Turkmaniston hukumati anjuman minbarida uning nomidan berilgan va’dalarni bajarishga naqadar qodir va layoqatli ekanligi xususida fikr yuritadi.

Aftidan, Sardor Berdimuhamedov bir kun kelib otasining o‘rnini egallashga hozirlanmoqda. So‘nggi paytlarda u ko‘plab xorijiy davlatlargi tashriflarda Turkmanistonni tamsil etdi. Hatto o‘tgan yozda Turkmaniston olimpiya terma jamoasining faxriy murabbiyi o‘laroq Tokioga borib keldi.

Kimdir o‘ylashi mumkin: aholisi besh millionga ham yetmaydigan Turkmanistondek ovloq bir mamlakat iqlimga qanday ta’sir o‘tkaza olardi, deb.

Yo‘q, mamlakatning ta’siri bor, chunki u atmosferaga metan gazi tarqatuvchi dunyodagi eng yirik o‘choqlardan biridir.

Turkmaniston hukumatiga xayrixoh Business.com.tm saytiga ko‘ra, Sardor tashabbusni qo‘lga olib, Glazgo anjumanida o‘z mamlakatida havoga metan gazi tarqalishi mavzusida nutq irod etgan.

3 - noyabr kuni so‘zlagan nutqida Sardor Berdimuhamedov uning mamlakati metan ajralib chiqishini kamaytirishga alohida e’tibor berayotganini va “Metanga oid global majburiyat” loyihasini mamnuniyat bilan qabul qilajagini aytgan. Unga ko‘ra, Turkmaniston mazkur loyihani “o‘rganish”dan manfaatdor.

Nomutanosib ta’sir

Mazkur bayonot, turgan gapki, konferensiya delegatlarining aksariyatida katta qiziqish uyg‘otgani yo‘q. Ammo Bloomberg agentligi 19 - oktabrda e’lon qilgan maqolada shunday deyiladi: “Xalqaro energetika agentligi 2020 - yilda Turkmaniston neft va gaz qazib olish sektoridan havoga tarqalgan metan hajmi bo‘yicha faqat AQSh va Rossiyadan orqada qolgan, holbuki bu ikki mamlakatning energetika sohasi sezilarli darajada katta va aholisi soni ham ancha ko‘p”.

Maqolada Kayrros firmasining Turkmanistonda metan gazi ajralib chiqishi naqadar jiddiy muammoligini tasdiqlovchi ma’lumotlaridan iqtibos keltirilgan.

Fransiyaning Kayrros firmasi butun dunyo bo‘ylab konlardan gaz sizib chiqishini sun’iy yo‘ldoshlar orqali kuzatib boradi. Bloomberg maqolasiga ko‘ra, “2019 - yildan beri Kayrros tomonidan tahlil qilingan yerusti neft-gaz amaliyotlari chog‘ida metan gazi sizib chiqqan eng jiddiy 50 holatdan 31 tasi aynan Turkmanistonning hissasidir”.

Turkman valiahd shahzodasi Glazgoda aytishicha, Turkmaniston “o‘rta muddatli istiqbolda, 2030 - yildan boshlab issiqxona gazlari sizib chiqishida o‘sishni to‘xtatishni rejalamoqda”, shuningdek, “uzoq muddatli istiqbolda gaz ajralib chiqishini har yili sezilarli darajada kamaytirmoqchi”.

Gaz qazib chiqarishning hozirgi hajmida va mamlakat metan ajralib chiqishi bo‘yicha allaqachon dunyoda uchinchi o‘rinni egallab turgani holda issiqxona gazlari tarqalishida o‘sishni “nol”ga tushirish mumkinmi?

Shuningdek, notiq “sezilarli darajada” degani aynan qanchaligini ham aniqlashtirmagan.

Bloomberg maqolasida urg‘ulanishicha, Turkmanistondagi Korpeje gaz konidan bir martada tarqalgan is gazlari “Arizona shtatidagi barcha avtomobillarning bir yillik tutuniga teng darajada iqlimga ta’sir etadi”.

Barcha ayblovlarni rad etib

Sardor Glazgoga rasman Turkmaniston Vazirlar mahkamasi raisining o‘rinbosari sifatida bordi. Demak, metan ajralib chiqishini kamaytirishga va’da berganida u hukumat nomidan gapirgan.

Va bu hukumat – aksini tasdiqlovchi shuncha ishonchli dalillar taqdim etilganiga qaramay mamlakatda koronavirus borligini hanuz inkor etib kelayotgan turkman hukumatidir.

Yana bu hukumat mamlakatda metan havoga tarqalayotganini shu kunga qadar tan olmagan, shuningdek Turkmaniston neft sanoati Kaspiy dengizini bulg‘ayotganini hech qachon tasdiqlamagan.

Sardor Berdimuhamedov “o‘rganish”dan mamlakati manfaatdorligini aytgan “Metanga doir global majburiyat” Glazgodagi konferentsiyada ma’qullandi. Mazkur tashabbus 2030 - yilgacha metan tarqalishini 30 foizga kamaytirishga qaratilgan.

Hujjatni 103 mamlakat imzoladi. Ular orasida Turkmaniston yo‘q.

XS
SM
MD
LG