Линклар

Шошилинч хабар
25 май 2022, Тошкент вақти: 09:41

Turkmaniston: bir necha milliard dollar qiymatli “Ashxobod-siti” loyihasi xavf ostida


“Ashxobod-siti” loyihasi qurilishi mo‘ljallangan hududning kattagina qismida yer yuzasiga yaqin qatlamda sizot suvlari borligi aniqlandi. Shu munosabat bilan loyihachilar o‘nlab baland imoratlarni o‘z ichiga olgan bunday yirik majmua qurilishi katta muammolar tug‘dirishi mumkinligidan cho‘chimoqdalar. Bu haqda Ozodlikning turkman xizmatiga majmuani loyihalashga jalb qilingan bir necha mutaxassis ma’lum qildi.

Ularning aytishicha, qurilish mutasaddilari bu yangilik bilan prezident huzuriga kirishga qo‘rqadi.

Ozodlik ko‘p yillar Turkmanistonda gidrogeologiya muammolari bilan shug‘ullangan mustaqil mutaxassis bilan gaplashdi. U yuzaga yaqin yer osti suvlari aniqlanganidan emas, balki bu sizot suvlari borligini loyihachilar shuncha vaqt o‘tganidan so‘ng bilib qolishganidan hayratda ekanini aytdi.

Ozodlikning Ashxobod meriyasiga yaqin manbalariga ko‘ra, yer yuzasiga yaqin qatlamda joylashgan sizot suvlari poydevor uchun chuqur qazish boshlangan paytda aniqlangan.

“Endi ular bu yangilik bilan prezident huzuriga borishga qo‘rqishyapti. Ammo barcha loyihachilar bunaqa vaziyatda qimmat turadigan yuqori texnologik nasos qurilmalarisiz majmua qurilishini davom ettirib bo‘lmasligini aytmoqda. Yangi xalqaro aeroport binosi rasman ochilganidan keyin ko‘p o‘tmay cho‘ka boshlagan va devorlarida chuqur yoriqlar paydo bo‘lgandi, bu o‘sha vaziyatni yodga solyapti. Lekin, mutaxassislar aytishicha, “Ashxobod-siti” Qoraqum kanalidan shimolroqda qurilayotgani uchun vaziyat ancha jiddiy, bu yerda 35 qavatli bino tugul, pastroq imoratlarni ham qurish mumkin emas”, deydi manbalarimizdan biri.

Eslatib o‘tamiz, 2016 - yil sentabrda foydalanishga topshirilgan yangi xalqaro aeroport binosi 2017 - yil yanvarga kelib jiddiy cho‘ka boshlagani ma’lum bo‘lgandi. O‘shanda muammoga yechim topish uchun Fransiyaning “Bouygues Construction” qurilish shirkati mutaxassislarini jalb qilishgan.

Ozodlik Turkmanistonda uzoq yillar gidrogeologiya muammolari bilan shug‘ullangan va Ashxobodning shimoliy tumanlaridagi yer osti suvlari bilan bog‘liq vaziyat bilan yaxshi xabardor mutaxassisga murojaat qildi.

Suhbatdoshimiz “Ashxobod-siti” loyihachilari yer osti suvlarini poydevor chuquri qazila boshlaganidan keyingina payqab qolishganidan hayratda ekanini aytmoqda.

“Qoraqum kanalidan shimolroqdagi hududlar yarim suv bosgan zonada joylashgani barchaga ma’lum va mashhur fakt. Ba’zi joylar borki, bir metrcha qazishingiz bilan yer osti suvlariga duch kelasiz. Buni bilish uchun poydevor chuqurini qazish shart emasdi. Hatto aeroport ham kanaldan janubroqda, tog‘lardan oqib kelgan yer osti suvlarini kanal o‘ziga tortib oladigan hududda qurilganiga qaramay, sizot suvlari kecha-kunduz nasos bilan so‘rilib olinayotgani hisobiga ishlashi mumkin. Shunday bo‘la turib 2017 - yil boshlarida aeroport binosi cho‘kayotgani va devorlarda yoriqlar paydo bo‘lgani ayon bo‘lgan edi. Kanaldan shimolroqda esa vaziyat yanada jiddiy bo‘ladi, albatta. Mutaxassislar aeroportdagi vaziyat takrorlanishidan xavfsirayotgani menga g‘alati tuyuladi. Agar ular rostdan ham mutaxassis bo‘lishsa, bunga shubha qilmasliklari lozim edi. “Ashxobod-siti”ni aynan o‘sha yerda qurishga qaror qilishgani sababini men boshidanoq tushunmaganman. Bu mazkur qarorni qabul qilgan mulozimlarning savodsizligidan dalolat beradi”, deydi mutaxassis.

“Ashxobod-siti” loyihasi Turkmaniston poytaxtining shimoliy qismida, Gurtlin suv omboriga yaqin hududda qurilmoqda. Joriy yilning 25 may kuni prezident Berdimuhamedov katta tantana bilan majmua qurilishini boshlab bergan edi.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, umumiy maydoni 744 gektarga teng majmua 200 binoni, jumladan, balandligi 12 dan 35 qavatgacha bo‘lgan va jami 107 ming kishi istiqomat qilishiga mo‘ljallangan 180 ta turar-joy imoratlarini o‘z ichiga oladi. Avvalroq mutaxassislar tez-tez zilzila bo‘lib turadigan Ashxoboddek shaharda 35 qavatli binolar qurish maqsadga muvofiq emasligidan xavotir bildirgan edi.

Gidrogeologiya mutaxassisi Ozodlik bilan suhbatda Ashxobodning mazkur tumanida bu qadar yirik qurilishni davom ettirish boshqa muammolarni tug‘dirishi mumkinligidan ogohlantirdi.

“Bu yerda sizot suvlariga bevosita daxldor o‘zga muammo ham bor. Bu – sho‘rlanish. Tuz nafaqat ekilgan dov-daraxtlar va o‘simliklarga xavf soladi, balki keltirib to‘kilgan toza tuproqqa ham kirib borib, imoratlarni nuratadi. Bunaqa tumanlarda tuzga chidamli maxsus beton ishlatish kerak va u juda qimmat turadi. Shuningdek, yer osti suvlari yaqin bo‘lgach seysmik xavf-xatar ham keskin ortadi”, deydi mutaxassis.

Boshqa manbamiz prezident administratsiyasi katta ehtimol bilan muammodan xabardorligini iddao qilmoqda. Aftidan, Shomuhammad Durdiliyevning bosh vazir o‘rinbosari lavozimidan bo‘shatilib, “Ashxobod-siti” qurilishi direksiyasiga rahbar etib tayinlanishi shundan darak beradi.

“Durdiliyev shahar hokimi bo‘lib ishlab yurgan kezlarda “Ashxobod-siti” loyihasi mualliflaridan biri edi. Barcha me’morchilik hujjatlari uning qo‘lidan o‘tgan, qurilish uchun Qoraqum kanalidan shimolroqdagi ilgari Cho‘g‘anli chorbog‘ uchastkalari joylashgan mazkur tumanni tanlagan va prezidentga taklif qilgan ham uning o‘zi. Shunga ko‘ra, prezidentga muammo haqida ma’lum qilinganini va Durdiliyev “o‘zi pishirgan oshni yeyishi uchun” qurilishga jo‘natilganini taxmin qilish mumkin”, deb mulohaza qiladi Ashxobod shahri ma’muriyatiga yaqin manbamiz.

Tashabbuskori prezident Berdimuhamedov bo‘lmish milliardlab dollar qiymatli navbatdagi megaloyiha qurilishi Turkmaniston og‘ir iqtisodiy inqirozga yuz tutib, aholining asosiy qismi qashshoqlashib ketgan paytga to‘g‘ri keldi.

Berdimuhamedovning qariyb 15 yillik boshqaruvi davrida o‘nlab milliard sarflab qurilgan inshootlarning aksariyati yil bo‘yi foydalanilmaydi.

Rasmiy qaydlarga ko‘ra, so‘nggi besh yil davomida Turkmanistonda qurilish loyihalariga 50 milliard dollardan ziyod mablag‘ xarjlangan. Ayni davrda, yana o‘sha rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, davlat byudjeti yiliga o‘rtacha 10 foizdan qisqarib borib, 2017 - yildagi 104 milliard manatdan 2021 - yilda 79 milliard manatga kamayib ketgan.

XS
SM
MD
LG