Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:08

Turkmaniston O‘zbekiston hududi orqali qaytishga urinayotgan fuqarolarini qabul qilmayapti


O‘zbekiston - Turkmaniston chegarasi. Illyustrativ surat
O‘zbekiston - Turkmaniston chegarasi. Illyustrativ surat

1-aprel kuni Ozodlik radiosi turkman xizmati Forob chegara maskani orqali O‘zbekiston hududidan vataniga qaytgan 127 nafar turkman fuqarosi haqida xabar bergan edi.

Xabarda chegaraning O‘zbekiston tarafida navbat kutib qolgan minglab turkmanistonliklar borligi, Turkmaniston idoralari ularga doir razvedka ma’lumotlarini sinchiklab tekshirayotgani aytilgan.

Endi Ozodlikning O‘zbekistondagi manbalari Turkmaniston hukumati vataniga O‘zbekiston hududi orqali qaytishga urinayotgan fuqarolarini qabul qilishni to‘xtatganini ma’lum qilmoqda.

Chegarada qolib ketgan minglab turkmanistonliklarning aksariyati quruqlik chegarasi orqali vataniga qaytish ilinjida Turkiya va Rossiyadan O‘zbekistonga kelishgani aytiladi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, yuzaga kelgan vaziyat munosabati bilan turkman hukumati fuqarolarining O‘zbekiston hududi orqali qaytishiga monelik qila boshlagan.

“So‘nggi kunlarda Turkmanistonga O‘zbekiston hududi orqali qaytishga urinayotgan turkman fuqarolari ko‘paydi. Ammo Turkmaniston ularni o‘z hududiga o‘tkazmay qo‘ydi... Dubay va Istanbuldan Toshkentga uchib kelgan besh fuqaro Olot chegara maskani orqali Turkmanistonga o‘tmoqchi bo‘lishgan edi, lekin ularni qo‘yishmadi. Keyin bilsak, ular uchib kelgan mamlakatlariga qaytishga majbur bo‘lishibdi”, degan 11- aprelda Ozodlik manbasi.

Ozodlik buning xususiy va faqat shu besh nafar turkman fuqarosiga oid holatmi yoki yo‘qligi to‘g‘risida izoh olishga muvaffaq bo‘lmadi. Biroq 10 kuncha muqaddam Ozodlik muxbiri Turkmaniston 127 nafar fuqarosining Forob chegara maskani orqali mamlakatga qaytishiga ijozat bergani haqida xabar qilgan edi. Muxbirimiz ma’lumotiga ko‘ra, bu guruh O‘zbekistonga asosan Turkiya va Rossiyadan uchib kelganlardan tashkil topgan.

Turkmaniston ikki yil muqaddam koronavirus pandemiyasi boshlangani munosabati bilan barcha muntazam xalqaro qatnovlarni bekor qilgan, holbuki turkman hukumati mamlakat hududida bitta ham COVID-19 virusini yuqtirish holati aniqlanmaganini iddao qilishda davom etmoqda. Pandemiya boshlangan paytda Turkmaniston barcha chegaralarini yopish bilan birga mamlakat ichida qattiq cheklov choralarini joriy etgan. Ayni chog‘da mamlakatga kirish va undan chiqib ketishda o‘ta qat’iy talablar belgilandi.

Mazkur cheklov choralari juda ko‘p turkmanistonliklar boshqa mamlakatlarda qolib ketishiga sabab bo‘ldi. 2020-yil avgustdan beri turkman hukumati o‘z fuqarolarini qaytarish uchun maxsus reyslar tashkil qila boshlagan, ammo bu yetarli emas va minglab turkmanistonliklar vatanga qaytish imkoniyatidan mahrum holda hanuz xorijda qolishmoqda.

Charter reyslar “Turkmaniston havo yo‘llari” milliy shirkati tomonidan amalga oshirilyapti, yo‘lovchilar ro‘yxatini esa Turkmanistonning chet mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari tuzadi.

“Konsullikda qayd qilinmagan turkman fuqarolari O‘zbekistonga uchib borib, u yerdan Turkmanistonga o‘tib olishdan umid qilmasalar ham bo‘ladi. Chunki navbatga faqat konsullik orqali yozilish mumkin”, deydi bir turkmanistonlik Ozodlik muxbiri bilan suhbatda.

O‘zbekistondan Dubay va Istanbulga muntazam aviaqatnovlar mavjud.

O‘zbekistonga kirishda Turkmaniston fuqarolaridan viza talab qilinadi. Ammo Toshhovuz va Lebap viloyatlarida yashovchilarga oyda bir marta uch kunga O‘zbekistonning ayrim hududlari, jumladan Xorazm va Buxoro viloyatlariga, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasining – Amudaryo, Xo‘jayli, Shumanay va Qo‘ng‘irot, Qashqadaryo viloyatining – Dehqonobod, G‘uzor, Nishon va Mirishkor hamda Surxondaryo viloyatining Sherobod va Muzrabot tumanlariga borib kelishga ruxsat etilgan.

Ozodlikdagi ma’lumotlarga ko‘ra, quruqlik yo‘li orqali Turkmanistonga qaytish umidida Dubay va Istanbuldan Toshkentga kelayotgan turkmanistonliklar katta qiyinchiliklarga yo‘liqishmoqda. Turkmaniston ularni qabul qilmay qo‘yganidan so‘ng o‘zbek chegarachilari ham o‘z hududiga o‘tkazmay qo‘ygan.

Ozodlik manbasi aytishicha, o‘zbek chegarachilari “Sizlarni o‘tkazib yuborishimiz mumkin, lekin turkman bojxonasi baribir o‘tkazmaydi”, deyishmoqda ekan.

“Hozirda ko‘plab fuqarolarimiz Turkmanistonga O‘zbekiston orqali qaytishga harakat qilishyapti. Biroq ular vaqt va mablag‘larini behudaga sarflashyapti – turkman tomoni ularni o‘tkazmayapti. Ko‘plar xafa bo‘lib orqaga qaytib ketmoqda”, deydi manba.

Xalqaro aviatransport assotsiatsiyasining 6-apreldagi ma’lumotiga ko‘ra, Turkmaniston hududiga kirishda kuchaytirilgan choralar hamon saqlanib turibdi. Yangilangan talablarga binoan, havo yo‘li bilan Turkmanistonga kirish uchun quyidagilar talab etiladi:

  • so‘nggi 48 soat ichida olingan manfiy natijali PZR COVID-19 testi
  • so‘nggi 48 soat ichida olingan COVID-19 (IgM, IgG) antitanachalari testi natijasi
  • COVID-19 ga qarshi emlanganlikni tasdiqlovchi sertifikat.
  • Chegaradan o‘tish asnosida yo‘lovchi maxsus formani to‘ldiradi.
  • Turkmanistonga kelgandan so‘ng yo‘lovchi COVID-19 yuqqan-yuqmaganini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishi kerak.

Shuningdek, yo‘lovchilardan Turkmanistonga kelgandan so‘ng 21 kun karantin saqlash talab qilinadi.

Turkmanistonning transport idoralari, jumladan “Turkmaniston havo yo‘llari” aviashirkati mamlakat fuqarolariga ushbu talablar haqida ma’lumot bermaydi.

XS
SM
MD
LG