Линклар

Шошилинч хабар
29 сентябр 2021, Тошкент вақти: 06:41

Turkmaniston: "Tolibondan ham xavfli" koronavirus


Koronavirus qurbonlari dafn etilgan qabriston. Turkmaniston, iyul, 2020

Pandemiya boshlanishidan 18 oy o‘tib Turkmaniston, nihoyat, COVID-19 ga nisbatan siyosatini qayta ko‘rib chiqmoqda (garchi mamlakat hukumati hamon rad etishda davom etayotgan bo‘lsa-da).

“Eurasianet” nashrining yozishicha, siyosat o‘zgarishi muhim kadrlarni almashtirishdan boshlangan.

25 - avgust kuni prezident Gurbanguli Berdimuhamedov “ishdagi jiddiy kamchiliklari uchun” Mamedmurod Geldiniyozovni Bosh vazirning sog‘liqni saqlash, ta’lim, fan va sport masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasidan ozod qildi. Uning o‘rnini mamlakatning peshqadam olimi, hukumat ikki yilcha muqaddam moliyalashni to‘xtatib qo‘ygan Fanlar akademiyasining rahbari Sapardurdi Toyliyev egalladi.

Kadrlar almashishi tegishli tuzilmalarga rahbarlikni kechroq bo‘lsa-da, o‘z mutaxassisiga topshirishga urinishdek ko‘rinadi.

Bosh vazir o‘rinbosaridan tashqari, sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari va ayni paytda Davlat sanitariya-epidemiologiya xizmati rahbari bo‘lgan Arslongilich Gilijov ham lavozimidan bo‘shatilib, o‘ning o‘rniga Yuqumli kasalliklar boshqaruv markazi bosh direktori bo‘lib ishlab kelgan Mayrat Mammedov tayinlandi.

Hatto tayinlanganiga bir yil to‘lmagan Davlat migratsiya xizmati boshlig‘i Bekmurat Ovezovni ham “jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun” ishdan olishdi. Vakant lavozimga Nazar Atagarayev o‘tirdi. Aftidan, Berdimuhamedov davlat chegaralari viruslar xurujidan yetarli darajada qo‘riqlanmayapti, deb o‘ylagan.

Bu barcha tayinlovlar haqida Vazirlar mahkamasining kasalliklar tarqalishiga qarshi kurash bo‘yicha davlat favqulodda komissiyasi faoliyati muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishida e’lon qilingan edi.

Hokimiyat rasmiylari Turkmanistonga koronavirus kirib kelganligi faktini tan olishdan bosh tortayotgan bo‘lsa-da, Berdimuhamedov u haqida “basharti mamlakatimizda COVID-19 tarqalayotgan bo‘lsa” qabilida, ya’ni Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 2020 - yil dekabridagi tavsiyalari ruhida gapiradi: shifokorlar aholi bilan profilaktika choralari to‘g‘risida suhbatlar o‘tkazishi kerak, “mamlakatning barcha burchaklarida” dezinfeksiya ishlari bajarilsin, ommaviy jamoat tadbirlarini o‘tkazishga nisbatan cheklovlar joriy qilinishi lozim, odamlar to‘planishi oldini olish maqsadida shahar jamoat transportidan foydalanishni qulaylashtirish kerak, ofis va uylarda respirator kasalliklari tarqalishiga to‘siq bo‘ladigan harorat saqlansin va hokazo.

Profilaktika choralariga kelsak, o‘tgan haftada Turkmaniston Rossiyadan “Sputnik V” vaksinasining yangi partiyasini oldi. Biroq bu partiyada necha doza vaksina bo‘lganligi haqida biror ma’lumot e’lon qilinmadi. Qisqasi, qancha odam emlanganini bilishning iloji yo‘q, bu esa mamlakat “jamoaviy immunitet”ga salgina bo‘lsa-da o‘xshaydigan narsaga qanchalik yaqinlashganini tasavvur qilish imkonsizligini anglatadi.

Amsterdam shahrini makon tutgan Turkmen.news internet-nashri rasmiy Ashxobodning jiddiy kasallik tarqalishiga o‘xshash holatlarni yashirishga urinishlarini har doim birinchi bo‘lib fosh qilib kelgan. Yaqinda ushbu nashr Turkmanistonning koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash rejasi tafsilotlarini e’lon qildi.

Aytilishicha, Kasalliklar tarqalishiga qarshi kurash bo‘yicha favqulodda komissiyaning 29 -avgustdagi yig‘ilishi bayonnomasiga muvofiq, COVID-19 tarqalishining oldini olish uchun mamlakatda kengaytirilgan qoidalar to‘plami joriy qilindi. Xususan, o‘rta maxsus o‘quv yurtlari hamda o‘rta maktablar o‘quvchilarini masofadan o‘qitish, imtihonlarni topshirish muddatlarini uzaytirish, davlat xizmatchilarini smenali ishlashga o‘tkazish, 1 - oktabrdan mamlakat bo‘ylab harakatlanishni cheklash kabi choralar ko‘zda tutilgan.

Biroq, ayni chog‘da ushbu choralarga zid, mantiqsiz qarorlar ham yo‘q emas. Masalan, oy oxirida nishonlanadigan Mustaqillik kuni tantanalariga hozirlik ko‘rish uchun 4 ming nafar davlat xizmatchisi butun oy bo‘yi repetitsiya qiladigan bo‘libdi. Aslida bayram kuni Ashxobod markazidagi hukumat tribunasi yonidan 11 ming nafar OTM talabalari parad qilib o‘tishi kerak edi, lekin, harqalay bu reja bekor qilinibdi. Buning o‘rniga tribuna oldidagi maydon sun’iy gullardan ishlangan bezaklar bilan to‘ldirilar ekan.

Favqulodda komissiya bayonnomaga ayrim bandlar, jumladan, mamlakatga kirishiga va undan chiqib ketishiga ruxsat berilgan mansabdor shaxslar va xorijiy texnik mutaxassislar ro‘yxati yuzasidan batafsil izohlar kiritib ijobiy ma’noda ko‘pchilikni ajablantirdi, deyish mumkin. Misol uchun, “TAPI Pipeline Company Limited” shirkati bosh ijrochi direktori Muhammetmurat Amanovga 2 - sentabr kuni Dubaydan yuk uchog‘ida qaytishga ruxsat etilgan.

Aftidan hukumat Betaraflik kuni nishonlanadigan 12 - dekabrga qadar ahvolni epaqaga keltirish uchun shu choralarning o‘zi kifoya, deb qattiq ishonmoqda. Shu qadarki, Berdimuhamedov bayram tadbirlarida ishtirok etish uchun Yevroittifoqning bosh siyosiy idorasi bo‘lmish Yevropa Kengashi prezidenti Sharl Mishelni taklif etgan. Taklifni qabul qilganiga ko‘ra, Mishel turman diktatorining faqat o‘z kibr‑havosini “allalash”ga qaratilgan ishlarini dastaklash bilan jamoatchilikda qanday taassurot uyg‘otishi haqida o‘ylab ham ko‘rmagan, shekilli.

Agarda Mishel bu siyosiy noz-karashmalari bilan Berdimuhamedovni Afg‘oniston qochqinlarining bir qismini qabul qilishga ko‘ndirishni ko‘zlagan bo‘lsa, bekorga zahmat chekmagani ma’qul edi. Turkmaniston rahbari Mishel bilan telefon orqali suhbatida Turkmaniston 1990-yillardagi fuqarolar urushlari davrida Afg‘oniston va Tojikiston fuqarolariga boshpana berish bo‘yicha tarixiy tajriba orttirgan bo‘lsa-da, bu safar COVID-19 bilan bog‘liq xavf-xatar yordam ko‘rsatish imkoniyatini yo‘qqa chiqarganini aytdi.

Berdimuhamedov mug‘ombirlik qildi. Uning hukumati Kobulni bosib olgan odamlar endilikda Afg‘oniston Islom Amirligi deb atayotgan mamlakat bilan hamkorlik qilishga birinchilar qatorida bajonidil rozilik bergan. Ashxobodning qochqinlarni qabul qilish qarori toliblarni ranjitishi tayin edi.

30 - avgust kuni turkman diplomatlari, shuningdek sog‘liqni saqlash va xavfsizlik idoralari vakillari transport harakatini tiklash masalasini muhokama qilish maqsadida Afg‘onistonning chegara hududlari vakillari bilan uchrashdi. Niyati yaxshiligini amalda ko‘rsatish uchun Ashxobod insonparvarlik yordami sifatida qo‘shnilarga tibbiyot jihozlari yetkazib berdi.

Hozirgi paytda ikki chegara yo‘lagi orqali har kuni qariyb 70 ta temir yo‘l vagoni hamda 160 ta yuk mashinasi o‘tkazilmoqda. Turkman mulozimlariga ko‘ra, asosan neft mahsulotlari, suyultirilgan gaz, g‘alla va iste’mol mollari tashilmoqda. Afg‘onlar hatto Turkmanistondan keltiriladigan mahsulotlar uchun bojxona to‘lovlarini kamaytirdi.

Mavjud vaziyat saqlanishini ta’minlash maqsadida 30 - avgust kuni Turkmaniston bilan Afg‘onistonni bog‘lovchi Akina – Andxo‘y temir yo‘lining Turkmaniston tomonidan moliyalanayotgan uchastkasida qurilish ishlari qayta boshlandi, deya ma’lum qildi Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi. “Akina” o‘tish joyi iyul oyi boshlarida Andxo‘y tumani toliblar qo‘liga o‘tganidan so‘ng yopib qo‘yilgan edi.

Tolibonning iqtidorga kelishi oqibatlari hali xiyla mavhum ekaniga qaramay, Turkmaniston TAPI Transafg‘on gaz quvuri, shuningdek, Afg‘oniston hududi orqali yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyasini tortish loyihalarini tiqishtirishda davom etmoqda. Pokiston tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiyning 26 - avgust kuni Ashxobodga tashrifi chog‘ida ham bu masalalar muhokamasiga keng o‘rin berildi. Pokiston ommaviy axborot vositalari Qurayshiy go‘yo Afg‘oniston TAPI loyihasidan tranzit va royalti ko‘rinishida 1 milliard dollar pul ishlab olishi haqidagi eski gapni tilga olgani haqida yozib chiqdi.

Biroq bu ishlar amalga oshishi uchun kim mablag‘ berishi haqida lom-mim deyilmadi. “TAPI Pipeline Limited” shirkati rahbarining yuk uchog‘ida Dubayga qatnab yurganiga qaraganda aynan gaz quvuri loyihasiga katta umid bog‘langan.

XS
SM
MD
LG