Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:55

Turkmanistonda dindorlarning uylarida tintuvlar o‘tkazilmoqda


Turkmanistonda masjidlar faoliyati davlat tomonidan qattiq nazorat qilinadi
Turkmanistonda masjidlar faoliyati davlat tomonidan qattiq nazorat qilinadi

Turkmanistondagi Turkmanboshi shahri va tumanida rasmiylar o‘zlari “islomiy an’analarga haddan ziyod rioya qiluvchi” deb bilgan fuqarolar uyida tintuvlar o‘tkazishib, Qur’oni karimdan boshqa har qanaqa diniy adabiyotni musodara etmoqda.

Ozodlikning turkman xizmati xabariga ko‘ra, 18-19-avgust kunlari g‘arbiy mintaqada dindorlarga qarshi tadbirlar o‘tkazilib, mazkur tadbirlar chog‘ida rasmiylar diniy kitoblarni musodara qilganlar.

Uyida tintuv o‘tkazilgan bir necha kishi Ozodlik muxbiriga diniy mazmundagi har qanday adabiyot, shu jumladan hadis kitoblari va shariatga rioya qilishni targ‘ib etuvchi boshqa manbalarni saqlash taqiqlangani haqida ogohlantirilganini aytib bergan.

Fuqarolardan biri uning uyiga ertalabki soat 6 da ikki politsiyachi, fuqarolik kiyimidagi bir shaxs va mahalliy hokimiyatning din ishlari bo‘yicha mulozimi kelib, kitob javonlarini tekshirib, diniy mazmundagi barcha kitoblarni olib ketishganini ma’lum qilgan.

Rasmiylar o‘zlarida tintuv o‘tkazish haqida sud qarori borligini bildirishib, Qur’oni karimdan boshqa har qanaqa diniy adabiyotni saqlaganlik uchun javobgarlik ko‘zda tutilganidan ogohlantirishgan.

“Din ishlari bo‘yicha boshqarma mulozimi va huquq-tartibot idoralari xodimlari diniy mazmundagi barcha kitoblarni ko‘rsatishni talab qilishdi. Men kitoblarning hammasini olib chiqib, oldilariga qo‘ydim. Ular faqat ikkita Qur’onni qoldirishib, boshqa barcha kitoblarni olib ketishdi. Hatto Rossiyadan sovg‘a sifatida keltirilgan Qur’onning rus tilidagi tarjimasini ham olishdi”, degan mahalliy dindorlardan biri Ozodlik muxbiri bilan suhbatda.

Tahririyat xavfsizlik vajidan suhbatdoshga oid shaxsiy ma’lumotlarni ochiqlamagan.

Boshqa bir necha fuqaro dindorlarni ta’qib qilish kuchaygani, xususan yosh musulmonlarni so‘roqqa tutish holatlari ko‘payganini ham ma’lum qilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi bir necha haftadan buyon rasmiylar “o‘ta taqvodor” deb hisoblagan ko‘plab fuqaro xavfsizlik idoralariga so‘roqqa chaqirilmoqda. Ularga ko‘ra, dindorlar ikki guruhga bo‘linyapti – arab yozuvini bilganlar va mazkur yozuvni bilmaganlarga. Huquq-tartibotchilarni eng ko‘p yaqindan buyon namoz o‘qishni boshlagan yoshlar qiziqtirmoqda.

Rasmiylar tomonidan dindorlarga bosim kuchayganining sabablari ma’lum emas. Biroq, xabarlarga ko‘ra, o‘tgan haftada Bolqon viloyatining Gumdag‘ qishlog‘ida Milliy xavfsizlik vazirligi xodimlari tomonidan maktab yoshidagi ellikka yaqin bolaga diniy ta’lim bergan katta yoshli mahalliy mulla qo‘lga olingan.

Turkmaniston hukumati din va e’tiqod erkinligi doxil fuqaroviy erkinliklarni cheklayotgani uchun tanqid qilib kelinadi.

AQSH Davlat departamenti 2014-yildan buyon Turkmanistonni diniy erkinliklarga rioya qilinishi bo‘yicha “alohida xavotir uyg‘otuvchi” mamlakatlar qatoriga qo‘shib keladi.

Bolqon viloyatida yashaydigan fuqarolarga ko‘ra, dindorlarni ta’qib qilish bo‘yicha kuchayib borayotgan kampaniya doirasida rasmiylar boshqa mamlakatlarda chop qilingan Qur’on tarjimalarini ham musodara qilishmoqda.

O‘tgan haftadagi juma namozi chog‘ida Turkmanistondagi shahar masjidi qavmi imomdan xohlovchilarga namoz o‘qish, tahorat olish va boshqa amallarni o‘rgatishni so‘rashgan. Biroq masjid imomi bu taklifni qa’iyan rad etib, odamlarni masjidga diniy bilim o‘rganish maqsadida kelmaslikka chaqirgan.

2023-yil yanvarida Turkmaniston hukumati Axal viloyati jome’ masjidi qoshida madrasa qurish rejasini ochiqlagan edi.

Ozodlik muxbirlari dindorlarga bosim kuchayib borayotgani yuzasidan Bolqon viloyati hokimligidan izoh olishga muvaffaq bo‘lolmagan.

XS
SM
MD
LG