Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:15

“Tutingan otam yolvorishimga qaramay nomusimga tegdi”. Zo‘ravonlik qurbonlari hikoyalari


“Bilsam, u to‘ng‘iz qizimni nafaqat zo‘rlagan, balki men behush yotganimda, agar birovga churq etsang onangni o‘ldiraman, deb qo‘rqitgan ham ekan...”

“Erimning kaltaklaridan to‘yib, ota uyimga ketdim. Ammo otamga bu ma’qul bo‘lmadi – bir kecha tunashimga ham izn bermay, erimnikiga olib kelib tashladi...”

“Politsiyaga hech nima demadim. Yiqilib tushdim, dedim xolos. So‘nggi besh yilda yuzimni yetti marta operatsiya qilishdi...”

Ozodlik radiosining qozoq xizmati yillab xo‘rlik, haqorat va jismoniy qiynoqlar ichida yashagan, lekin alal-oqibat Chimkentdagi “Ko‘mak” zo‘ravonlik qurbonlariga ko‘maklashish markaziga murojaat qilish uchun o‘zida kuch topa olgan bir necha ayolning kechmishlarini yozib oldi.

(Hikoyalar qahramonlari ismlari o‘zgartirilgan*)

“U begunoh qizimning nomusiga tajovuz qiladi, deb sira o‘ylamagandim”

Nozgul, 42 yosh

Birinchi erim 10 yil oldin avtofalokatda o‘lgan. Qizim o‘shanda to‘rt yashar edi. Katta tezlikda ketayotgandik, daradan o‘tayotganimizda mashina ag‘darilib ketdi. Reanimatsiyada hushimga keldim, erimning o‘lganini uyga qaytganimdan so‘ng aytishdi. Bu men uchun og‘ir zarba bo‘ldi.

O‘nta ukam bor. U paytlar onam hali hayot edilar. Onam qazo qilgach, ota uyimda menga joy qolmadi. Ukalarim sig‘dirishmadi. Izzat-nafsimga tegadigan gap-so‘zlardan bezib ketdim. Ruhim tushdi. Boradigan joyim bo‘lmaganidan o‘zim yaxshi tanimagan-bilmagan odamga turmushga chiqdim. U so‘qqabosh erkak edi. Yolg‘iz qizini uzatgan ekan. Biz qishloqda yashardik. Erim eski mashinasida kirakashlik bilan shug‘ullanardi. Qizimga boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasini to‘lay boshlashdi. Bir amallab yashardik.

Boshida to‘rt oy turmushimiz yomon emasdi. Hamma dahshatlar keyin boshlandi. Erim juda rashkchi chiqib qoldi. Hatto ukalarim bilan gaplashishimni ham taqiqlab qo‘ydi. Telefonimni tortib oldi. Ko‘p o‘tmay ichkilikka ruju qo‘ydi. Ichib olganida bo‘ralatib so‘kadigan bo‘ldi. Unimni chiqarmaslikka harakat qildim. U menga qo‘l ko‘tardi. E’tirozga og‘iz ochgan edim, nega gap qaytarasan, deb yana urdi. Chidadim: xudo insof berib qolar, deb o‘yladim.

Kunlarning birida yegulik olib kelgani do‘konga chiqib ketdim, 14 yoshli qizimni uyda qoldirib. Xayolimda hech bir yomon o‘y yo‘q edi. Qaytganimda uyda yurakni ezadigan sukunat cho‘kkan edi. Qizim bir burchakda tizzalarini quchib o‘tirardi.

Nima bo‘ldi, deb so‘radim. U bosh chayqadi xolos. Shu mahal erim yonimga keldiyu gap yo‘q, so‘z yo‘q, chakkamga shapaloq tortib yubordi. “Nima qildim sizga?” – dedim tik boqib. U do‘pposlay ketdi. Qizim, mening dod-faryodimni eshitmaslik uchun quloqlarini bekitgancha ko‘chaga otildi. Men ortidan chopdim. Ammo erim yetib olib, sochimdan changallab tutdiyu qornimga bir necha marta tepgach, sudragancha uyga olib kirdi. O‘rnimdan turganimda ikkala qo‘li bilan quloqlarimga urdi. Hushimdan ketdim...

To‘shakda ko‘zimni ochdim. Tepamda qizim yig‘lab o‘tirardi. “Jonim, nima bo‘ldi o‘zi?” – deb so‘radim, lekin u yana miq etmadi.

Qiynoq va haqoratlar davom etdi. Ketmoqchi bo‘lgan edim, u menga pichoq o‘qtalib: “Bu uydan faqat o‘liging chiqadi”, dedi. Qizim ikkovimiz doimiy qo‘rquv ichida yashardik. Kimsa bilan gaplashmasdik, qo‘rqardik. Qochib ketishga ham yuragimiz dov bermasdi: bizni tutib olib, qaytarib olib keladi baribir, deb o‘ylardik.

Inson hamma narsaga ko‘nikar ekan. Ortimga nazar tashlasam, umrimizning yarim yili shu tarzda o‘tib ketibdi. Qizim battar odamovi bo‘lib qoldi. Burchakka biqinib olgan ko‘yi sassiz, bir nuqtaga tikilib o‘tirardi. Kulgi, hazil-huzul butunlay esidan chiqdi.

Keyin bilsam, to‘ng‘iz erim uning nomusiga tekkan ekan. Nafaqat zo‘rlagan, tahdid ham qilgan: men behush yotarkanman “birovga churq etsang, onangni o‘ldiraman”, deb qo‘rqitgan. Ming afsuski, bularning barini juda kech bildim.

Bir kuni erim bo‘kib aroq ichgach, qizimga qo‘lini bigiz qilib: “Buning endi qiz bola emas”, deb aytdi. Bu gapning dahshatidan yuragim tilka-pora bo‘lib ketdi. “Nimalar deyapsan?” – deya qichqirdim tomog‘im yirtilgudek bo‘lib. Qizim yig‘lab yubordi, ikki kafti bilan yuzlarini to‘sgancha ko‘chaga otildi. Erim uning orqasidan zaharxanda kuldi...

Erim shuncha kaltaklaganiga, xo‘rlaganiga qaramay, begunoh qizimning iffatiga chang solishdek tubanlikka boradi, deb sira o‘ylamagan edim.

Hozir qizim bilan alohida yashayapmiz. Men endi-endi o‘zimga kela boshladim. O‘sha iztirobli kunlar esimga tushsa, soatlab o‘zimni yig‘idan tiya olmayman. Yakka‑yolg‘iz qizimning hayotini zahar qilganimga kuyaman. Bu haqida o‘ylaganimda yurak-bag‘rim o‘rtanib ketadi...

Erimning ishi sudda ko‘rilyapti. O‘zi qamoqqa olingan. Ammo u aybini tan olgani yo‘q. Sudda advokatlar menga tanbeh berishadi: “Qizimni bir necha oy ichida bir necha bor zo‘rlagan, deyapsiz. Siz nima qildingiz? Ko‘zingiz qayoqda edi?” Hamma meni qoralaydi. Advokatlarning savollarini men ham o‘zimga ko‘p bor berganman. Har gal o‘zimni so‘roqqa tutganimda alamdan dod solgim keladi.

Nima bo‘lganida ham, o‘z qizimni asray olmadim. Qizimning, el-yurtning oldida sharmandayu sharmisor bo‘ldim.

“Bozordagi qo‘ydek sotib olishdi”

Nursuluv, 30 yosh

17 yoshda edim. Bir kuni singlim bilan daladan qaytsak, uyda mehmonlar bor ekan. Onam menga sovchi kelganini aytdi. Kuyov mendan 10 yoshga katta edi. Ota-onam, shuncha e’tirozimga qaramay, unga tegishga qistay boshlashdi. Ra’yim bilan hisoblashmay, mening nomimdan rozilik berishdi ham. Otamga qalin puli berishdi – 20 ming tanga. Mehmonlarga gazmol yirtib tarqatildi. So‘ngra meni olib ketishdi. Bozordagi qo‘ydek sotib olishdi.

Turmush qurdik. Erim meni mutlaqo hurmat qilmasdi. Uning uyida misoli cho‘ridek yashardim. Bora-bora erim meni eng chirkin tarzda xo‘rlay boshladi. Qaynonam, erimning turmushi buzilgan opasi va singlisi biz bilan yashashardi. Hammalari qildan qiyiq qidirib, menga tirg‘alardilar. Ko‘nglimga tegishar, kamsitishardi. Axir odamni so‘z bilan ham o‘ldirish mumkin-ku. Ba’zan yig‘lab tong orttirardim. Uxlasamu sira uyg‘onmasam, deya orzu qilardim. Bir qul kabi edim.

Ikki yildan so‘ng to‘ng‘ich qizim dunyoga keldi. Keyin onam vafot etdi. Uning ta’ziyasini o‘tkazib uyga qaytgan kunim qaynonam bilan erim, azadorligimga qaramay haqorat qilishdi. Chiday olmadim, javob qaytardim. Shunda erim do‘pposladi. Qalb jarohatiga tan og‘rig‘i qo‘shilib, tobim qochdi. Shunday bo‘lsa ham, bu yerda turgim kelmadi – otamnikiga qaytdim. Ammo otam norozi bo‘ldi, jahli chiqib ketdi va, bir kecha tunashga ham qo‘ymay erimnikiga olib kelib tashladi.

Boradigan joyim, suyanadigan kishim yo‘q edi. Noiloj, tishimni tishimga bosib yashashda davom etdim. 10 yilda to‘rt qiz ko‘rdim. Kunlarning birida qarindoshlardan biri erim mengacha olti marta uylanganini aytdi. Boshimga birov so‘yil bilan urgandek karaxt bo‘lib qoldim.

O‘shanda erim ishlagani Olmaotaga ketgandi. Qo‘ng‘iroq qilib, o‘zidan so‘radim. “Ishing bo‘lmasin” – gapni kalta qildi u. Hademay u mening ustimga ham xotin olganini eshitdim. Hayotdan butkul ko‘nglim qoldi. Qizlarimni oldimu uydan ketdim. To‘g‘ri reabilitatsiya markaziga bordim. Hozir ijara kvartirada, nafaqaga yashab turibmiz. Ba’zan o‘zimni o‘ldirgim keladiyu qizlarimni o‘ylab, shaytonga hay beraman.

“Uch yil ichida otam meni bir necha bor zo‘rladi, tahqirladi”

Ravshan, 27 yosh

Uchinchi guruh nogironiman. Reabilitatsiya markaziga kelganimga bir yarim yildan oshdi. Men asrandi qizman, meni bolalar uyidan olishgan. Tutingan otam har kuni ichar, onamni urardi. U mast bo‘lib kelgan paytlarda onam ikkovimiz uydan qochib ketar va qo‘shnilarnikida tunab qolardik. Ko‘chada tong ottirgan paytlarimiz ham bo‘lgan.

2016 - yili onam o‘ldi. Keyin otamdan kaltak yeyish navbati menga keldi. U uyga ichib kelar va mendan pul topib berishimni talab qilardi. Pul bo‘lmasa meni so‘kar, o‘shqirardi. Aroqqa puli bo‘lmagan kezlarda qo‘liga ilingan buyumni olib chiqib, sotadigan bo‘ldi. Ba’zan kundalik ovqatimizga yarab turgan oz-moz zaxira oziq-ovqatimizni pullab yuborishdan ham toymasdi.

Bir kuni u uyga kech qaytdi, men uxlab qolgan ekanman. Otamning ovozidan cho‘chib uyg‘ondim. U xonamga kirib keldi va yuzimga yostiq bosib bo‘g‘a boshladi. Nafasim qisdi. Shunda u bor og‘irligini tashlagancha ustimga yotib oldi. Oyoq-qo‘limni qimirlata olmay qoldim. “Ota, bas qiling!” – dedim yolvorib. Quloq solmadi. Zo‘rlik bilan nomusimga tegdi. Ming tipirchilamayin, holim yetmadi o‘zimni qutqarishga.

  • Qozog‘iston ichki ishlar vazirligi qaydlariga ko‘ra, 2020 - yilda maishiy zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha 1071 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu burnog‘i yilga nisbatan 4.7 foizga ko‘pdir.

“Hech kimga churq etma”, – buyurdi u. Mushtini do‘laytirib tahdid qilgach, xonamdan chiqdi. Men ust kiyimlarimni kiydim va nima bo‘lganini idrok eta olmay uzoq o‘tirib qoldim. Ertalab uydan chiqdim‑u boshim oqqan tarafga jo‘nadim. Ammo borar yerim yo‘q edi. Telba kabi sandiraqlab, choshgoh mahali uyga qaytdim. Otam tag‘in mast edi. “Qayerlarda sang‘ib yuribsan?” – dedi. Indamadim. Uch yil davomida otam bir necha marta zo‘rladi, tahqirladi. Otamning qarindoshlariga bor gapni aytib, yordam so‘radim. Lekin hech kim yordam bermadi. Qaytaga, o‘zimni aybdorga chiqarishdi. “Otangga yaxshi muomala qilmagansan”, deb ta’na qilishdi. Reabilitatsiya markaziga meni qo‘shnimiz boshlab keldi. Hozir davolanyapman. Sal-pal o‘zimga kelvolay, so‘ng biologik onamni qidirib topaman. Mendan nega voz kechganini bilmoqchiman.

“U meni ushlab olmoqchi bo‘lganida qoqilib ketib, cho‘g‘lanib turgan ko‘mir ustiga yuztuban yiqildim”

Gulbeka, 48 yosh

17 yoshimda erga tekkanman. Erimni tanirdim, lekin u bilan hech qachon gaplashmagandim. Meni ko‘chada o‘g‘irlab ketishdi. U paytlar olib qochilgan qizlardan hech biri uyiga qaytmasdi. Qarindosh-urug‘lar ham meni olib kelishni xohlamagan. Men taqdirga tan berdim.

10 yil birga yashadik. Farzand ko‘rmadim, shu tufayli qancha xo‘rlik va azoblarga giriftor bo‘ldim. Boshimga it kunini solishdi. Qaynonam bo‘yimda bo‘lmaganini pisanda qilib ko‘z ochirmasdi. Erim ko‘p ichar, meni urar va uydan haydab solardi. Qanchadan-qancha tunlarni ko‘chada o‘tkazganman. Sabr qilishim kerak, hayotim izga tushib ketadi – ayol zotining qismati shu, deb o‘yladim.

Kunlarning birida erim shunday dedi: “Men boshqa xotin olyapman, otlan, seni otangnikiga tashlab kelaman”. Nima deyishni bilmasdim. Meni kuch bilan o‘g‘irlab ketgan edi, yana kuch bilan uyimga eltib tashladi. Achchiq-achchiq yig‘ladim.

Ertasiga otam baqirib berdi: “El-yurt oldida yuzimni shuvut qilding!” – deb. Aka-ukalarim haydab yubormoqchi bo‘lishdi. Lekin qayoqqa boraman axir. Bir kuni o‘zimni o‘ldirmoqchi bo‘ldim. Singlim qutqarib qoldi.

Erimdan va uning oilasidan ko‘rgan shuncha sitamlar kamdek ota uyimda ham odam kabi yashay olmadim. Sig‘indi edim hammaga. Akam va yangamning ko‘nglini olishga tirishib ularning bolalariga enagalik qilar, ro‘zg‘or ishlariga qarashardim. Lekin otam va aka-ukalarim norozi edilar baribir. Bir yil o‘tar-o‘tmas akam menga qo‘l ko‘tardi. Otam bo‘lsa mendan ayb qidirib, turtkilayverib jonimdan to‘ydirardi. O‘zim tug‘ilib o‘sgan uyda barcha bezor edi mendan.

Darvoza yonida katakdek hujra bor edi. Qishda sovuq, yozda issiq bo‘lardi. O‘sha yerda yolg‘iz yotardim. Erimnikidan bir nechta ko‘rpa-yostiq va kiyimlarim solingan bo‘g‘joma bilan kelgandim xolos. Hammadan oldin uyg‘onib, eng oxirida uxlagani yotardim. Ammo bu ko‘rgiliklar tufayli uyqumdan halovat qochdi, kechalari alahlaydigan bo‘ldim. Otam yo akamning ovozini eshitsam o‘zimni qo‘yarga joy topolmasdim. So‘nggi paytlarda asablarim chidamay qoldi. Bir o‘tirsam, oyoq-qo‘lim changak bo‘lib qotardi.

Bir kuni kechki ovqatni yeb o‘tirganimizda akam ko‘chadan o‘qdek otilib kirdiyu menga o‘shqira ketdi. Nima bo‘lganini bilolmay, angraydim. Emishki, akam bir qishloqdosh erkak bilan jiqillashibdi. Janjal nimadan chiqqan, nima bo‘lgan – bilmayman, oxirida u akamga: “Senlar durust bo‘lganingda singling sharmandalarcha erinikidan haydalarmidi”, deganga o‘xshash gap aytibdi. Akamning baqir-chaqiridan boshqa so‘z anglamadim. Quloqlarim shang‘illar, karaxt edim. Akam yoqamdan tutib bir-ikki siltagach: “Ko‘zimdan yo‘qol!” – dedi. Otam esa qo‘limga yopishib, sudray boshladi. Men yig‘lab yubordim. Otam qo‘llaridan yulqinib chiqib, qochmoqchi bo‘ldim. Darvoza yonida hozirgina ovqat pishirilgan o‘choq bor edi. Otam orqamdan tutmoqchi bo‘lganida men qoqilib ketdim va o‘choqdagi lovullagan ko‘mir cho‘g‘lari ustiga yuztuban yiqildim. Hushdan ketdim, o‘ng chakkam kuydi.

Kasalxonaning reanimatsiya bo‘limida o‘zimga keldim. Bu menga onam taqdirini eslatdi – u otamning kaltaklariga chiday olmay, yurak xurujidan o‘lgan edi. Ko‘nglim buzildi, uzoq vaqt unsiz yig‘ladim. Politsiya kelib voqeani surishtirdi. Yiqilib tushganimni aytdim. So‘nggi besh yilda yuzimni yetti marta operatsiya qilishdi. Bir ko‘zim deyarli ko‘rmaydi. Qalbim dahshatlarga to‘la. Boshimga tushgan ko‘rgiliklarni eslasam, a’zoyi badanimni titroq tutadi. Tik turgan bo‘lsam, yiqilishimga bir bahya qoladi. Sog‘lig‘im bir oz tiklangach, ukam meni reabilitatsiya markaziga olib keldi. Gohida o‘ylab qolaman: nima gunoh qilibmanki, xudoyim menga buncha qahr qiladi, deb. Juda horidim, yashashdan charchab ketdim.

XS
SM
MD
LG