Линклар

Шошилинч хабар
13 май 2025, Тошкент вақти: 12:48

Uch yillik urush rossiyaliklar hayotini qanday o‘zgartirdi?


Novosibirsklik Dmitriy ikki farzandning otasi. Uch yildan beri davom etayotgan urush uning hayotida muammo emas, balki ko‘proq noqulaylik tug‘dirganini aytadi.

U G‘arb sanksiyalari tufayli daromadi kamaygani, narxlarning keskin oshgani va o‘g‘lining maktabda xavfli millatchilik targ‘ibotiga duch kelayotganini sezgan.

50 yashar Dmitriy avval ham ko‘plab inqirozlarni boshdan kechirgan. Jumladan, u 1991-yilda Sovet Ittifoqining parchalanishi, 1998-yilda rubl tanazzuli va mamlakatning defoltga uchrashi hamda 2008-2009-yilgi jahon iqtisodiy inqiroziga bevosita guvoh bo‘lgan.

“Rossiyaga qo‘yilgan sanksiyalar tufayli ish qiyinlashdi, chunki rus dasturiy ta’minoti AQSH texnologiyalari kabi yaxshi emas. Ammo barcha xarajatlarimni qoplay olish uchun yetarli mablag‘im bor, faqat yangi mashina bundan mustasno”, — deydi u.

Dmitriyning qo‘shimcha qilishicha, “avtomobillar hozir juda qimmatlagan” va Xitoydan import oshib bormoqda.

Dmitriy ham boshqalar kabi xavfsizlik nuqtai nazaridan familiyasini oshkor qilmaslikni so‘radi.

Moskvalik Viktoriya uchun esa urush boshidagi dastlabki dahshat va qo‘rquv allaqachon tarqalib ketgan. Ukrainada qarindoshlari bo‘lishiga qaramay, u endi urushni avvalgidek ko‘ngliga yaqin olayotgani yo‘q. Ko‘plab mahsulotlarning narxi oshgan bo‘lsa-da, ish haqining ko‘tarilgani buni muvozanatlashga yordam bergan. So‘nggi uch yil ichida Moskvada ochilgan yangi ko‘ngilochar maskanlar esa odamlar hayotini ayrim jihatdan maroqli qilgan.

Yevropaga sayohatdan mahrum bo‘lgani Viktoriya uchun urushning eng katta ta’siri bo‘ldi. Avvallari har yili Parij yoki Rimga sayohat qilgan Viktoriya, 2022-yildan beri ta’tilni oilasi bilan asosan Yaqin Sharq yoki Rossiya ichkarisida o‘tkazib keladi.

G‘arbning Rossiyaga sanksiyalaridan so‘ng, mamlakat ichki turizm sanoatiga sarmoyalar keskin oshdi. Viktoriya va uning Moskvalik do‘stlari endi Altay, Kavkaz va Sochi kabi dam olish maskanlarida hordiq chiqarishni afzal ko‘rmoqda

“Do‘stlarimdan hech biri urush sabab jiddiy qiyinchiliklarga duch kelgani yo‘q. Ammo men Moskvadanman, viloyatlardagi vaziyat boshqacha.”

2025-yil 24-fevral kuni Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga uch yil to‘ldi. Urush XXI asrning eng muhim voqealaridan biriga aylanib, ulkan insoniy yo‘qotishlarga sabab bo‘ldi va Ikkinchi jahon urushidan beri mavjud bo‘lgan G‘arb yetakchiligidagi jahon tartibini izdan chiqardi.

Urush oqibatlari dunyo bo‘ylab turlicha aks sado berayotgan bo‘lsa, Rossiya ichida ham bu jarayon notekis kechmoqda. Mamlakatning 144 millionlik aholisi orasida urush ba’zilarga deyarli ta’sir ko‘rsatmagan, yana kimlardir urushdan foyda ko‘rayotgan bo‘lsa, yana ko‘pchilik o‘z huquqlari va hayotidan ayrildi

Ukraina bilan chegaradosh Belgorod yoki Sibirning eng qashshoq hududlaridan biri bo‘lgan Buryatiyada urushning ta’siri ancha kengroq sezildi, deyish mumkin. Bu hududlarda ish o‘rinlari va maoshlarning oshishi kuzatilgan bo‘lsa-da, urush natijasida juda ko‘p odam halok bo‘ldi yoki jarohatlandi.

Ukrainadagi jangovar harakatlarda ishtirok etayotgan rus askarlarining aksariyati asosan viloyatlardan kelgan erkaklar.

Harbiy xizmatchilarning maoshi o‘rtacha ish haqidan bir necha baravar yuqori bo‘lib, omon qolganlarga uy sotib olish, yaxshiroq avtomobil xarid qilish yoki xorijga sayohat qilish imkoniyatini bermoqda. Kambag‘al hududlardan kelgan erkaklarni urushga borishga undayotgan asosiy omillardan biri aynan yuqori maosh ekani ularning harbiy xizmatni “ish” deb atashidan ham yaqqol ko‘rinadi.

Aslida, urush hukumatning milliy farovonlik jamg‘armasidan eng qashshoq hududlarga investitsiya kiritish tizimiga aylanib qoldi. Bu mablag‘lar askarlarga to‘lanadigan maosh, halok bo‘lgan va jarohatlanganlar uchun kompensatsiya, shuningdek, qurol-yarog‘ va texnika ishlab chiqarishga yo‘naltirilmoqda. Rossiya bu yil mudofaa xarajatlarini chorak qismga oshirib, 150 milliard dollarga yetkazmoqda. Mamlakatning ko‘plab harbiy zavodlari aynan viloyatlarda joylashgan.

“Urushga ajratilgan mablag‘lar butun mamlakat bo‘ylab, faqat Moskvada emas, balki boshqa joylarda ham iste’mol bozorining jonlanishiga sabab bo‘ldi. Lekin bu uzoq davom etmaydi. Tinchlik bitimi imzolangan zahoti bu jarayon to‘xtaydi va daromadlar keskin pasayadi,” — deydi Macro-Advisory tadqiqot firmasi asoschisi Kris Uifer.

Ammo urush Rossiya uchun ham og‘riq va uqubat keltirdi, garchi asosiy janglar Ukrainada kechayotgan bo‘lsa ham. Kreml yo‘qotishlar borasida sukut saqlayotgan bo‘lsa-da, AQSH sobiq mudofaa vaziri Lloyd Ostin yanvar oyida Rossiya urush boshlanganidan beri 700 mingdan ortiq askarini yo‘qotganini (o‘lganlar va yaradorlar bilan) ma’lum qildi. Bu mamlakatning allaqachon mablag‘ yetishmasligidan aziyat chekayotgan sog‘liqni saqlash tizimiga katta bosim o‘tkazmoqda. Ayniqsa, Buryatiya kabi etnik hududlar urush qurbonlari soni bo‘yicha eng katta yo‘qotishlarga duch kelmoqda.

Urushning dastlabki kunlarida jasadlar solingan qora xaltalar va tobutlar yetib kelishi odamlar uchun haqiqiy shok edi. Ozodlik, BBC va boshqa mustaqil OAVlar olib borgan tekshiruvlarga ko‘ra, jang maydonida halok bo‘lgan rus askarlari soni bir necha o‘n minglab. Kreml jamiyatda norozilik avj olmasligi uchun o‘lim statistikasini davlat siri deb tasniflashga majbur bo‘ldi

Hukumat mamlakatning haqiqiy yo‘qotishlarini yashirishga urinayotgan bo‘lsa ham, oddiy rossiyaliklarni endi urush qurbonlari haqidagi xabarlar qiziqtirmay qo‘ydi

“Dastlab, har bir o‘lim muhokama qilinar, biz dafn marosimlariga borardik. Endi esa kim halok bo‘ldi, umuman o‘lganmi yoki yo‘qmi, qanchasi ketib, qanchasi qaytganini ham bilmaymiz,” — deydi Ulan-Ude shahrida yashovchi 40 yoshli o‘qituvchi.

Urush Rossiya hududlariga ham vayronagarchilik olib keldi va ta’lim hamda boshqa xizmatlar uchun mo‘ljallangan mablag‘larni boshqa yo‘nalishlarga burib yubordi. Belgorod muntazam ravishda o‘qqa tutilmoqda, qo‘shni Kursk viloyatining ayrim qismlari esa Ukraina nazoratida. Urush Rossiya aholisining bir qismiga bevosita ta’sir qilmoqda. Mamlakatning eng g‘arbiy hududlarida — Sankt-Peterburgdan tortib Krasnodargacha bo‘lgan mintaqalarda joylashgan energetika va harbiy obyektlar ham tez-tez zarbalarga uchramoqda.

Putin 2022-yilda Ukrainaga keng miqyosli bosqinni boshlagach, Rossiyada so‘z erkinligi, uyushmalar va shaxsiy daxlsizlik huquqlariga qarshi bosim yanada kuchaydi. Ayniqsa, liberallar, LGBT jamoasi, migrantlar va ayollar ushbu repressiyaning eng katta qurbonlariga aylandi.

Urushga qarshi chiqayotgan odamlar muntazam ravishda “ekstremizm” ayblovlari bilan qo‘lga olinib, uzoq yillik qamoq jazosiga hukm qilinmoqda. Shu bilan birga, Markaziy Osiyodan kelgan migrantlar urushda qatnashishga majburlanmoqda yoki ommaviy ravishda deportatsiya qilinmoqda.

Rossiyadagi muxolifat harakati butunlay parchalanib ketdi — uning yetakchilari qamoqqa tashlandi, o‘ldirildi yoki mamlakatdan quvildi. Ularning tarafdorlari esa xorijga qochib ketgan yoki tanqidiy chiqishlarni to‘xtatgan.

Putin jamiyatning barcha qatlamlarida, ayniqsa maktablarda, vatanparvarlik targ‘ibotini keskin kuchaytirdi. O‘quvchilarga “vatanni sevish” targ‘ib qilinmoqda va ularni mamlakatga xizmat qilishga rag‘batlantirish tizimli ravishda yo‘lga qo‘yildi.

Urush, mafkuraviy targ‘ibot va repressiya jamiyatni bo‘lib yubordi. Rossiyaliklar endi bir-birini kuzatib, hatto shifokor qabulida — urushni tanqid qilgan qo‘shnilarini hukumatga sotish odatini rivojlantirmoqda.

Shu bilan birga, urush Rossiyaning allaqachon yomonlashib borayotgan demografik ahvolini yanada og‘irlashtirar ekan, hukumat abortni cheklash va ayollarni ko‘proq farzand ko‘rishga undashga harakat qilmoqda. Kreml bu masalada aniq ishora berganidan so‘ng, o‘tgan oylar ichida Rossiyaning o‘nlab mintaqalari “abortni”ni taqiqlovchi qonunlarni qabul qildi.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini mamlakatni G‘arb bilan bog‘lab turgan o‘nlab yillik savdo aloqalarini uzdi. AQSH va Yevropaning yirik kompaniyalari, jumladan ishlab chiqaruvchilar va chakana savdo tarmoqlari Rossiyani tark etdi. Ularning o‘rnini mahalliy va Osiyodagi biznes egalari egallamoqda.

“Ko‘chalarda yursangiz, ilgari tanish bo‘lgan G‘arb brendlari va do‘konlari yo‘qligini darhol payqaysiz. Ularning o‘rnini mahalliy kompaniyalar yoki Osiyo mahsulotlari egallagan. Yo‘llarda esa Xitoy avtomobillari ancha ko‘paygan” — deydi Kris Uifer.

Yozning avj nuqtasida Moskva va Sankt-Peterburgga oqib keladigan yevropalik sayyohlarning o‘rnini asosan arab va qisman xitoylik sayyohlar egallamoqda. Rossiya aviakompaniyalari esa G‘arb davlatlari tomonidan qo‘yilgan taqiqlardan keyin Yaqin Sharq va Osiyoda yangi yo‘nalishlar ochishga e’tibor qaratmoqda.

Urush Rossiya iqtisodiyotini Osiyoga, ayniqsa Xitoyga yo‘naltirishga majbur qildi. Negaki, G‘arb mamlakatlari Rossiya energiya resurslarini import qilishni qisqartirdi yoki butunlay to‘xtatdi hamda mamlakatni xalqaro moliyaviy bozorlardan uzib qo‘ydi.

Tahlilchi Kris Uiferning fikricha, agar kelajakda tinchlik bitimi tuzilib, Rossiyaning G‘arb bilan diplomatik va iqtisodiy aloqalari tiklansa ham, savdo-iqtisodiy munosabatlar avvalgi holatiga qaytishi dargumon.

“Rossiyaliklar endi G‘arb mahsulotlarini xarid qilish, G‘arbga sayohat qilish odatlariga qaytmasligi mumkin, chunki ular yangi brend va yo‘nalishlarga o‘rganib qolishdi”, deya xulosa qiladi u.

XS
SM
MD
LG