Ukraina Donetsk viloyati prokuraturasi Kramatorskda nishonga olingan mehmonxona vayronalari ostidan Buyuk Britaniya fuqarosining jasadi chiqarib olinganini tasdiqladi. U 25-avgustga o‘tar kechasi Rossiya armiyasi tomonidan berilgan raketa zarbasi oqibatida halok bo‘lgan.
Mazkur raketa hujumi oqibatida olti kishi turli darajada tan jarohati olishgan, ulardan to‘rt nafari xorijiy nashrlar jurnalistlaridir.
Kramatorskdagi mehmonxonaga berilgan raketa zarbasi natijasida bir necha mamlakat fuqarolari bo‘lgan jurnalistlar jabrlangani haqida avvalroq Donetsk viloyati harbiy ma’muriyat rahbari Vadim Filashkin bildirgan edi.
Keyinroq Reuters agentligi “Sapfir” mehmonxonasida o‘z xodimlari bo‘lgan olti kishi istiqomat qilib kelgani haqida xabar qilgan. Bu yerda gap AQSH, Britaniya, Germaniya, Latviya va Ukraina fuqarolari haqida bormoqda. Zarba chog‘ida to‘rt nafar jurnalist jarohat olgan, ulardan ikki nafari kasalxonaga yotqizilgan. Agentlikning yana bir jurnalisti esa, qayd etilishicha, daraksiz yo‘qolgan. Vadim Filashkin “britaniyalik jurnalist” vayronalar ostida qolgani haqida yozgan. Keyinroq Kramatorsk shahar harbiy ma’muriyati rahbari Aleksandr Goncharenko Feysbukdagi o‘z sahifasi orqali mehmonxona vayronalari ostidan maqtul jurnalistning jasadi topilgani haqida yozib chiqqan.
Rossiya qo‘shinlarining raketa zarbasi oqibatida ikki qavatli mehmonxona qisman vayron bo‘lgan.
Ukraina prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, aftidan, zarba “Iskander-M” raketasi bilan berilgan. Rossiyalik harbiylar bu borada izoh berishmagan. Rossiyalik harbiy blogerlar mehmonxonaga zarba berilganiga oid ma’lumotlarni tasdiqlab, u yerda harbiylar yashaganini iddao qilishgan.
Kramatorskka berilgan zarba paytida Ukrainada faoliyat yurituvchi polshalik jurnalist Monika Andrushevska ham jabrlangan. Polsat xabariga ko‘ra, u mehmonxonada yashagan emas, zarba chog‘ida u bino yonidan avtomobilda o‘tib ketayotgan bo‘lgan.
Ukraina rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, shanba oqshomida Rossiya harbiylari tomonidan Sumi shahriga berilgan havo zarbasi natijasida bir erkak qurbon bo‘lgan, yana sakkiz kishi yaralangan. Yakshanbaga o‘tar kechasi va tongda Xerson viloyatining o‘qqa tutilishi oqibatida esa uch kishi halok bo‘lgan.