Линклар

Шошилинч хабар
13 октябр 2024, Тошкент вақти: 21:41

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba iste’foga chiqdi


Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba
Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Oliy radaga iste’fo arizasini topshirgan. Bu haqda “RBK Ukraina” nashri Ukraina parlamenti spikeri Ruslan Stefanchukning Feysbukdagi o‘z sahifasida qoldirgan postiga tayangan holda xabar qildi. Stefanchukning yozishicha, Kulebaning arizasi yaqin kunlarda o‘tkazilajak yalpi majlislardan birida ko‘rib chiqiladi.

Avvalroq boshqa vazirlar va bosh vazir o‘rinbosarlarining iste’folari manzarasida Kuleba ham ishdan bo‘shatilishi mumkinligi haqida “Ukrainskaya pravda” nashri prezident Zelenskiy atrofidagi manbalardan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qilgan edi. Nashr suhbatdoshlari Kulebaning o‘rniga uning birinchi o‘rinbosari Andrey Sibiga kelishi ehtimoli ko‘proq ekanini iddao qilishgan.

Kuleba o‘z iste’fosi yuzasidan izoh bergan emas. U 2020-yil martidan buyon Ukraina tashqi ishlar vaziri lavozimini egallab kelayotgan edi.

Uchinchi sentyabr kuni Ukraina Oliy radasiga hukumatning uch a’zosi — sanoatning strategik sohalari vaziri Aleksandr Kamishin, adliya vaziri Denis Malyuska hamda tabiiy boyliklar va atrof-muhitni himoya qilish vaziri Ruslan Streles tomonidan iste’fo arizasi tushgan. Parlament spikeri Ruslan Stefanchuk seshanba kuni bunga o‘xshagan ariza Davlat mulk fondi raisi Vitaliy Koval tomonidan ham topshirilganini ma’lum qilgan. Keyinroq Radaga bosh vazirning Yevropa va Yevroatlantika integratsiyasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Olga Stefanishina hamda Ukrainaning vaqtincha ishg‘ol etilgan hududlarini reintegratsiya qilish masalalari bo‘yicha vaziri, bosh vazir o‘rinbosari Irina Vereshchuk tomonidan ham iste’fo arizasi topshirilgani ma’lum bo‘lgan.

“Suspilne” nashri Ukraina Oliy radasi iste’folarni 4-sentyabr kuniyoq tasdiqlashi mumkinligi haqida yozgan.

RBK Ukraina” nashri Ukraina parlamentidagi “Xalq Xizmatkori” (“Sluga Naroda”) fraksiyasi rahbari David Araxamiya izohiga e’tibor qaratgan. U o‘z telegram-kanalida 4-sentyabr “ishdan bo‘shatishlar kuni”, 5-sentyabr esa “tayinlovlar kuni” bo‘lishini qayd etgan. Araxamiya shu haftaning o‘zida hukumat tarkibida katta o‘zgarishlar bo‘lishi kutilayotgani haqida yozgan. Unga ko‘ra, Vazirlar mahkamasi shtat birligining 50 foizdan ko‘prog‘ida o‘zgarishlar bo‘ladi.

“Yakuniy ro‘yxat fraksiyaning 4-sentyabrdagi majlisida aniq bo‘ladi”, deya qo‘shimcha qilgan Araxamiya.

O‘z navbatida, “Golos” partiyasidan deputat Yaroslav Jeleznyak 3-sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda hukumat tarkibi to‘liq o‘zgarishini kutish kerak emasligi, chunki, qonunga muvofiq, harbiy holat vaqtida hukumat tarkibini to‘liq o‘zgartirish mumkin emasligini aytgan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 27-avgust kungi matbuot anjumanida bosh vazir Denis Shmigal bilan hukumatdagi ehtimoliy o‘zgarishlarni muhokama qilayotganini bildirgan edi. Yozda “Ukrainskaya pravda” va “RBK-Ukraina” nashrlari prezident atrofidagi manbalar ma’lumotiga tayangan holda, Zelenskiy bosh vazir Shmigaldan charchagan bo‘lishi va uni ishdan bo‘shatishni rejalayotgan bo‘lishi mumkinligi haqida yozib chiqishgan.

Denis Shmigal Ukraina hukumatiga 4,5 yildan buyon yetakchilik qilib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG