Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:13

Umid va qo‘rquv: So‘nggi bir yilda Belarus qanchalik o‘zgardi?


Belarus, namoyishlar - 30 - avgust, 2020
Belarus, namoyishlar - 30 - avgust, 2020

2020 - yilning 9 - avgustida bo‘lib o‘tgan munozarali saylovlar ortidan Belarusda notinch kunlar boshlandi. Saylovdan bir yil o‘tib, Belarus deyarli tanib bo‘lmas darajada o‘zgarganini aytish mumkin.

Saylovda Belarusni 1994 - yildan beri boshqarib kelayotgan sobiq sovxoz raisi Aleksandr Lukashenko g‘alaba qozonib, oltinchi muddatga saylandi. Ammo millionlab odam saylov natijalari soxtalashtirilgan, deb hisoblaydi. Saylov ortidan mamlakatda misli ko‘rilmagan norozilik namoyishlari boshlandi, hukumat esa ularni shafqatsizlik bilan bostirdi.

Saylov ortidan politsiya va xavfsizlik kuchlarining zo‘ravonlik qilganiga qaramay, minglab odamlar poytaxt Minskda va Belarus bo‘ylab boshqa shahar va qishloqlarda namoyishga chiqdi.

Bugunga qadar 33 mingdan ortiq odam politsiya qo‘lidan o‘tdi. Yuzlab odam sudlandi yoki sudlanishini kutmoqda. Minglab odam ko‘cha yoki hibsda politsiya tomonidan kaltaklandi. Qo‘lga olinganlar qiynoqqa tutilgani haqida ko‘plab hisobotlar mavjud.

Aksariyat muxolifat yetakchilari, shu jumladan, tasodifiy nomzod Svetlana Tixanovskaya mamlakatni tark etishga majbur bo‘ldi yoki qamaldi. Tixonavskaya bloger o‘laroq tanilgan eri soxta ayblovlar bilan saylovdan chetlatilganidan keyin, prezidentlikka o‘z nomzodini qo‘yishga qaror qilgandi.

Tixanovskaya tarafdorlari agar saylov natijalari soxtalashtirilmaganida, u g‘olib chiqqan bo‘lardi, deb ishonadilar. Tixanovskaya Belarus demokratik muxolifatining eng ko‘zga ko‘ringan rahbariga aylangan. Bugunga qadar u Yevropadagi yuqori martabali amaldorlar hamda AQSh prezidenti Jo Bayden bilan uchrashdi.

Saylovdan bir yil o‘tib, demokratik kuchlar deyarli yo‘q qilindi, tazyiqlar natijasida yuzaga kelgan qo‘rquv tufayli ommaviy norozilik namoyishlari qariyb butunlay to‘xtab qoldi.

Hukumat fuqarolik jamiyati guruhlari va mustaqil ommaviy axborot vositalarini nishonga olib keladi. Qo‘shni Litva Lukashenkoni muhojirlarni «qurolga aylantirishda» aybladi, chunki avtoritar rahbar Belarus muxolifatini qo‘llagan Litvani jazolash maqsadida uning hududiga tobora ko‘proq muhojir yubormoqda.

So‘nggi bir yil davomida Belarusda azob-uqubat va qorong‘ilik hukm surgan bo‘lsa-da, umid uchqunlari so‘nmadi. Lukashenko zaif deb hisoblaydigan ayollar muxolifat harakatida yetakchi rol o‘ynay boshladilar. Ammo ularning ko‘pchiligi uchun bu qimmatga tushdi.

Sovet Ittifoqidan oldingi davrga unchalik qiziqmay kelgan beloruslar SSSR tuzilishidan oldingi Belarus ramzlarini qayta tikladilar. Ko‘pchilik bu holatni milliy uyg‘onish deb ta’rifladi.

Quyida Belarusda bir yil oldin o‘tkazilgan saylovlardan keyin mamlakatda qanday o‘zgarishlar yuz berganiga nazar tashlaymiz.

Ommaviy axborot vositalariga bosim

Bahsli saylovdan ko‘p o‘tmay, Lukashenko matbuotni siquvga ola boshladi. Davlat ommaviy axborot vositalarida har qanday tanqid va norozilikka chek qo‘yildi, bu chiziqdan chiqmoqchi bo‘lgan jurnalistlar tezda ishdan bo‘shatildi. Ularning ayrimlari o‘rnini Rossiya davlat ommaviy axborot vositalari muharrirlari egalladi.

Filtrsiz xabar olishni istagan belaruslar uchun mustaqil nashrlar muhim ahamiyatga kasb eta boshladi. Ko‘pchilik Telegram singari ijtimoiy tarmoqlardan, shu jumladan, NEXTA Live kanalidan foydalana boshladi.

Kanal, shuningdek, namoyishlarni muvofiqlashtirishda platforma o‘laroq xizmat qildi.

Lukashenkoga to‘liq bo‘ysunadigan parlament Jinoyat kodeksiga o‘zgartirishlar kiritib, ruxsatsiz yig‘inlarni yoritishni jinoyatga tenglashtirdi. Ayni damda, Belarusda jurnalistlar o‘z ishlarini bajarganlari uchun jarimaga tortilishlari yoki hatto qamalishlari mumkin.

Iyul oyida mustaqil ommaviy axborot vositalariga tazyiqlar kuchaytirildi va qator reydlar o‘tkazildi. 8 - iyul kuni kamida 11 jurnalist hibsga olindi, 20 dan ortiq tintuv o‘tkazildi va uchta axborot sayti bloklandi.

Minskda nishonga olingan birinchi ommaviy axborot vositasi mamlakatning eng eski va eng ommalashgan gazetalaridan biri bo‘lmish «Nasha Niva» nashri bo‘ldi. Bundan tashqari, Tut.by internet nashri, Ozodlik radiosining belarus xizmati va boshqa nashrlar ham nishonga olindi.

Lukashenko, shuningdek, Belarus Jurnalistlar assotsiatsiyasini ham yopdi, natijada huquq tashkilotlari xalqaro hamjamiyatni chora ko‘rishga undadi.

Iyul oyida Chegara bilmas muxbirlar (Reporters Without Borders, RSF) tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha bo‘limi rahbari Janna Kavalye:

«Belarusda qolgan oxirgi mustaqil jurnalistlar misli ko‘rilmagan ko‘lamda to‘planmoqda. Bu mamlakat tarixida eng qorong‘i onlardan biri o‘laroq qolishga loyiq», degan edi.

Chegara bilmas muxbirlar hozirlagan 2021 - yilgi jahon matbuoti erkinligi indeksiga ko‘ra, Belarus Yevropada jurnalistlar uchun eng xavfli mamlakat bo‘lib, 180 mamlakat orasida 158-o‘rinni egallagan.

Migrantlardan foydalanish

Lukashenko Gretsiyadan Litvaga uchib ketayotgan “Ryanair” reysini Minskka majburan qo‘ndirib, uning bortidagi bloger va jurnalistni hibsga olgani Yevropa Ittifoqi va AQShning g‘azabini keltirdi.

23 - may kuni Belarus qiruvchi uchoq yordamida yo‘lovchi uchoqni Minskka qo‘nishga majbur qildi. Buning ortidan NEXTA Live kanalining asoschilaridan biri va sobiq muharriri Roman Protasevich va uning rossiyalik sevgilisi Sofya Sapega hibsga olindi.

Ko‘p o‘tmay Yevropa Ittifoqi, Amerika Qo‘shma Shtatlari va boshqa ko‘plab davlatlar Belarus milliy aviatashuvchisi «Belavia» parvozlarini taqiqlab qo‘ydi. Bugungi kunda aksar uchoqlar Belarus havo hududini chetlab o‘tmoqda.

Iyun oyida Belarusga qarshi yangi sanksiyalar joriy qilindi. Bu safar Yevropa Ittifoqi Belarus iqtisodiyotining muhim sohalarini, jumladan, Lukashenko uchun mo‘may daromad manbasi bo‘lib kelayotgan kaliy va neft sanoatlarini nishonga oldi.

Беларусь мухолифати 2021 йилда Россия ёрдами билан мамлакатда ўзгаришлар содир бўлишига умид қилмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:10 0:00

Bunga javoban Lukashenko Yevropaga giyohvand modda va muhojirlarni yuborishga ont ichdi. Ko‘p o‘tmay, Litva rasmiylari Belarusdan kelayotgan muhojirlar soni ko‘paya boshlaganini bildirdi. Litva Tixanovskaya va boshqa belarusliklarga boshpana taklif qildi, shuningdek, Minskdan majburan chiqarib yuborilgan universitetni o‘z hududiga ko‘chirishga izn berdi.

Belarus va Litva qariyb 680 kilometr uzunlikdagi umumiy chegaraga ega bo‘lib, u Yevropa Ittifoqining tashqi chegarasi bo‘lib xizmat qiladi. Chegaraning 40 foizdan kamrog‘i elektron kuzatuv orqali nazorat qilinadi.

Ozodlik radiosining belarus xizmati 16 - iyun kuni Iroq havo yo‘llarining Belarus poytaxtiga muntazam reysi bilan uchib borgan 100 ga yaqin odam uchoqni tark etganiga guvoh bo‘ldi. Ularning barchasi erkak kishi edi. Ularga Minsk aeroportida “Oscartur va JoodLand” sayyohlik agentliklari yordam ko‘rsatayotgani qayd etildi.

Vilnyus ma’lumotlariga ko‘ra, bugunga qadar 4 mingga yaqin muhojir Litva – Belarus chegarasini noqonuniy tarzda kesib o‘tgan.

5 - avgust kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining AQSh missiyasi «Bu Belarus tashqarisida bo‘ladimi, ichkarisida bo‘ladimi, zo‘ravon rejimga qarshilikni qo‘llab-quvvatlayotgan sherik davlatlarni qo‘rqitishga urinishning yana bir misolidir. Lukashenko tuzumini bu mas’uliyatsiz va xavfli amaliyotni darhol to‘xtatishga chaqiramiz», deya bayonot e’lon qildi.

Aynan o‘sha kuni Polsha rasmiysi Belarusni chegaraga tobora ko‘proq muhojirni yuborishda aybladi va Minsk «Yevropa Ittifoqi bilan gibrid urush olib borayotganini» ta’kidladi.

Ayollar roli

Belarusdagi korrupsiyani fosh qilib kelgan “YouTube” platformasidagi «Strana dlya jizni» («Hayot uchun mamlakat») kanali egasi Sergey Tixanovskiy hibsga olinishidan oldin uning rafiqasi Svetlana Tixanovskaya jamoatchilikka deyarli ma’lum emas edi.

Ko‘p o‘tmay Tixanovskaya istar-istamay erining o‘rniga o‘z nomzodini ko‘rsatishga rozi bo‘ldi. Nomzod bo‘lishga intilgan bir qancha erkakdan farqli o‘laroq, u saylovdan chetlatilmadi. Ehtimol, buning sababi ayollarni «bechoralar» deb biladigan Lukashenko Tixanovskaya o‘ziga jiddiy tahdid sola olmaydi, deb o‘ylagan.

Tixanovskayaning saylovoldi rallilarida tobora ko‘proq odam qatnashdi. Tixanovskayaga erining muvaffaqiyatsiz saylov kampaniyasiga yetakchilik qilgan Veronika Sepkalo hamda Viktor Babariko saylov kampaniyasiga rahbarlik qilgan Mariya Kolesnikovalar sherik bo‘ldi.

Tixanovskaya qo‘lini musht qilib, Kolesnikova yurak belgisini ko‘rsatib va Sepkalo inglizcha «g‘alaba» so‘zining bosh harfi V belgisini ishora qilib tushgan surat tez orada muxolifatning ramziga aylandi.

«Bu uchala ayol Lukashenkoning teskarisi edi», dedi AQShda faoliyat yuritayotgan belaruslik jurnalist Anna Lyubakova Ozodlikka bergan intervyusida.

«Ular mehribon va hamdard edilar, odamlarni tingladilar. Maqsadlari yangi va adolatli saylovlar o‘tkazish edi, odamlarga haqiqiy tanlov qilish imkoniyatini berish edi. Ular erkaklar o‘rniga oldinga chiqib, ko‘p narsani xavf ostiga qo‘yishdi, jamiyat esa buni yuqori baholadi».

Bugungi kunda Tixanovskaya Litvada quvg‘inda yashamoqda. Sepkalo oilasi bilan mamlakatni tark etgan. Tixanovskiy ustidan sud jarayoni davom etmoqda. Babariko esa iyulda korrupsiyada aybdor deb topilib, 14 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Kolesnikova 7 - sentabr kuni Minsk markazida niqobli odamlar tomonidan hibsga olingan va ertasi kuni ikki sherigi bilan Ukraina chegarasiga olib ketilgan. Unga chegarani kesib o‘tish buyurilgan. Kolesnikova rozi bo‘lmagan va pasportini yirtib tashlagan. Buning ortidan uni Minskka olib ketishgan va qamoqqa olishgan.

4 - avgust kuni Minskda Kolesnikova yana bir muxolifatchi Maksim Znak ustidan yopiq eshiklar ortida sud boshlandi. Davlat to‘ntarishini amalga oshirishga urinishda hamda «ekstremistik tashkilot tuzishda» ayblanayotgan Kolesnikova 12 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. Sud zalida Kolesnikova ruhini tushirmay, raqsga tushgani va ashula aytayotgani aks etgan tasvirlar tarqatildi.

Belarus bo‘ylab ayollar norozilik harakatida muhim rol o‘ynab keladi. Ular mustaqil ravishda namoyishlarni uyushtirdilar va birdamlik zanjirlarini tashkil qildilar.

«Ular tufayli jamiyatda ayollarga bo‘lgan munosabat o‘zgarmoqda», dedi Lyubakova.

«Milliy uyg‘onish»

Belarusda uzoq vaqtdan beri Lukashenkoga qarshi muxolifat ramzi bo‘lib kelayotgan oq‑qizil‑oq rangli Belarus bayrog‘i ommalashdi. Lukashenko bu bayroqni 1995 - yilda o‘tkazilgan munozarali referendum ortidan yo‘q qilib, o‘rniga sovet davridagi respublika bayrog‘iga juda o‘xshash bayroqni ta’sis qilgan.

So‘nggi bir yil davomida oq‑qizil‑oq rangli bayroq misli ko‘rilmagan darajada ommalashdi. 74 yoshli Nina Baginskaya kabi oddiy belaruslar bayroqni qo‘lidan tortib olmoqchi bo‘lgan politsiyaga bo‘sh kelmay, nom chiqardilar.

Kir yoyish iplaridan tortib, pichan g‘aramlarigacha, kvartira balkonlaridan tortib, zinapoyalargacha qizil va oq rang bilan bezatildi.

Lukashenko rahbarligida politsiya va xavfsizlik kuchlari muxolifat bayrog‘ini «fashistlarni yollash bayrog‘i» deb atab, qizil va oq ranglarning deyarli har qanday ko‘rinishini yo‘q qilib keladi. Hatto qizil va oq rangli paypoq kiyganlar jarimaga tortildi.

Bundan tashqari, namoyishchilar uchun pogonya gerbi muhim ramzga aylandi. Ko‘p asrlik tarixga ega gerbda qizil fonda oq chavandoz tasvirlangan.

Belaruslar bu ramzlarni qayta tiklab, sovet davridan oldingi tarixlarini eslay boshladilar.

Ingliz tarixchisi Norman Devis Ozodlik bilan suhbatda Belarus Polsha bilan bir qatorda XIV – XVIII asrlarda Yevropaning qudratli davlatidan biri bo‘lgan Buyuk Litva knyazligi tarkibida bo‘lganini aytdi.

«Tarixiy bayroqda Polsha uchun oq burgut, Litva uchun esa pogonya chavandozi bo‘lgan», dedi Yevropa tarixiga bag‘ishlangan ko‘plab kitoblar muallifi Devis.

Uning so‘zlariga ko‘ra, namoyishchilar pogonya gerbini ko‘tarib olib, go‘yo «biz rus emasmiz, ota-bobolarimiz Buyuk Litva knyazligidan», deb keladilar.

XIX asrning 40‑yillarida bastalangan va 1993 - yilda davlat madhiyasi sifatida taklif qilingan «Magutniy Boja» («Qudratli Xudo») diniy ashulasi ham Belarusdagi demokratiya tarafdorlari harakati ramziga aylandi. Muxolifat tarafdorlari qo‘shiqni metro bekatlari va savdo markazlarida baralla kuyladilar.

Belaruslik sharhlovchi va tahlilchi Anna Baraban belarusliklar bundan oldin hech qachon qizil – oq bayroq va pogonya gerbini bu qadar keng qabul qilmaganini aytadi.

«Bu holat jamoatchilikning belarus tili, tarixi va musiqasiga bo‘lgan qiziqishi oshganini (masalan, Minsk ko‘chalarida belaruslik musiqachilar ko‘p sonli kontsertlarni berayotgani), shu bilan bir qatorda, belaruslar ijtimoiy spektr bo‘ylab bir millat vakillari ekanliklaridan ko‘proq xabardor bo‘layotganlarini ko‘rsatdi», dedi Baraban Ozodlikka elektron pochta orqali yozgan maktubida.

«O‘tmishda belaruslar o‘z tarixlari, tillari va san’atlariga nisbatan passiv munosabatda bo‘lishganini e’tiborga olsak – milliy g‘oyalarni aytmasa ham bo‘ladi – o‘tgan avgustda boshlangan voqealarni “milliy uyg‘onish” deb atash mumkin», dedi Baraban.

«O‘ylashimcha, fuqarolik jamiyati, mustaqil ommaviy axborot vositalari va nohukumat tashkilotlariga qarshi qator shafqatsiz qatag‘onlar ortidan turli namoyishchi guruhlar Belarusning millat sifatida istiqboli va uning jahonda tutgan o‘rni nuqtai nazaridan yanada jipslashdilar», deya co‘zini yakunladi u.

XS
SM
MD
LG