Линклар

Шошилинч хабар
05 октябр 2023, Тошкент вақти: 03:04

“Umidsizlik”. Zamonaviy afg‘on yoshlari Tolibon bilan kelajak qurish mumkinligiga ishonmayapti


Afg‘oniston, Panjshir viloyati - 31 - avgust, 2021

Tolibon Kobulda hokimiyatni bosib olishi ortidan o‘qimishli afg‘on yoshlari eng so‘nggi erkinliklaridan mahrum bo‘lishdan xavotirga tushmoqda.

Kobulning Xayrxon tumanidagi ovloq bir ko‘chada istiqomat qiluvchi Ahmad Dovud 15 - avgust kuni Tolibon jangarilari Afg‘oniston poytaxtiga g‘olibona kirib kelib, prezident Ashraf G‘ani chet elga qochganidan beri deyarli uydan chiqqani yo‘q.

24 yoshli Dovud tikuvchi. Kobul ishg‘olidan atigi ikki kun o‘tgach bir qurolli jangari kelib, unga Maryam litseyi ko‘chasidagi atelyesini yopishni buyurdi – savdo do‘konlari joylashgan bu ko‘chada bir paytlar hayot qaynardi.

“U erkak kishi ayollarga ko‘ylak tikishi mumkin emas, deb aytdi”, deydi Dovud.

Bu amalda tikuvchi yigitning ishi kasodga uchraganini bildiradi, chunki uning aksari mijozlari ayollardir.

Dovud endi boshqa ish topishi kerak. Ota-onasi, ukalari va singillari uning qo‘liga qarab qolishgan. U qashshoq oilasini boqish uchun 15 yoshida tikuvchiga shogird tushgandi.

“Hozir biz ovqatdan tejayapmiz. Pulimiz nari borsa bir oyga yetadi. Akam politsiyachi edi, u ham ishsiz qoldi endi, ikki singlim uyda o‘tirishibdi, chunki ular o‘qiyotgan universitetlar yopildi. Sanoqli kunlarda hamma narsa o‘zgarib ketdi”, deydi Dovud Ozodlikka.

4.4 million nufusli shaharda bozorlar va novvoyxonalar avvalgidek rejimda ishlab turibdi, ammo oziq-ovqat mahsulotlari bahosi osmonga sapchigan, xaridorlar ham siyrak.

Ko‘plab mahalliy OAVlar chop etilmoqda va efirga chiqmoqda, ayrim ofis xizmatchilari – asosan erkaklar – ish joylariga qaytmoqda. Jamoat transporti qayta ishga tushdi, lekin avtobuslar soni ancha kamaygan.

Eski o‘zanga qaytish belgilari ko‘ringani bilan Dovud, uning ukalari, singillari va boshqa ko‘plab kobulliklar uchun hayot “to‘xtab qolgan” – ular radikal guruh urushlardan horgan mamlakatni qay tarafga boshlashini tushunishga urinib, hadik bilan kutishmoqda.

“Maktabimiz hanuz yopiq, uni qachon qayta ochamiz yoki ta’lim sohasida nimalar o‘zgaradi – bu borada hozircha biror rasmiy topshiriq olmadik”, deydi 25 yoshli muallim Bashir Forog.

Forog ishlaydigan maktab Kobul markazida bo‘lib, BMT qo‘llovidagi hukumat qulagan va toliblar AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlari quvib yuborganidan so‘ng oradan qariyb 20 yil o‘tgach shaharni yana ishg‘ol qilgan kuni qo‘qqisdan yopilgan edi.

O‘quvchilar maktablariga qaytishni istaydi

Forog o‘sha kuni darslar ayni choshgoh mahali to‘xtatilganini eslaydi: Tolibon jangarilari shaharga bostirib kirganida ota-onalar vahimaga tushib, bolalarini olish uchun maktablarga yopirilgan edi. Shu tariqa, bir soat ichida barcha maktablar huvillab qolgan.

“Qaytadan ochiladigan bo‘lsak, maktab o‘quv dasturi, maktab kiyimi yoki qiz va o‘g‘il bolalar aralash o‘qiydigan sinflar kelajagi nima bo‘lishini hech kim bilmaydi”, deydi Forog.

O‘quvchi qizlarning ota-onalari unga tez-tez qo‘ng‘iroq qilib, farzandlari “yangicha, yanada qat’iy dress-kod bilan bo‘lsa ham, tezroq maktabga qaytish”ni xohlayotganini aytmoqda.

Tolibon, agar islomiy ust-boshda yursalar, ayollarning ishlashiga va qizlarning o‘qishiga e’tiroz bildirmasligini aytgan edi, biroq mamlakatning turli nuqtalaridan kelayotgan xabarlar buning aksini ko‘rsatmoqda.

Tolibonning yuqori martabali vakili, ushbu o‘ta konservativ islomiy guruh o‘zini yigirma yil avvalgiga qiyosan ancha mo‘’tadil kuch o‘laroq namoyish etishga urinishi manzarasida Kobulda hatto ayol teleboshlovchiga intervyu berdi.

Афғонлар толибондан қочиб Покистонга ëпирилмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:39 0:00

Tolibon rasmiylari ayollarning shariat doirasidagi huquqlari hurmat qilinishini uqtirishmoqda, ammo bu amaliyotda qanday bo‘lishini tushuntirishmayapti.

Ko‘plab ayol jurnalistlar va ofis xizmatchilari Tolibon jangarilari ularni uylariga jo‘natib yuborganini aytmoqda.

Teleboshlovchi afg‘on ayoli toliblar kelganidan so‘ng ishdan chetlatildi:

“Hech nimani tushunib bo‘lmaydi, toliblar aniq gap aytishmayapti, ko‘p yoshlar shundan xavotirda”, deydi universitet bitiruvchisi va poytaxtning Makroyan-3 tumanida istiqomat qiluvchi Razma Saad.

Ikki oycha oldin Saad Tolibon hokimiyati ostida kechajak hayot xususida ancha nekbin fikrda edi, guruh o‘tgan davr mobaynida o‘zgargan bo‘lishi mumkin, deb o‘ylardi.

Ozodlik bilan iyul oyi o‘rtalaridagi muloqoti chog‘ida Saad o‘qishini davom ettirishiga va “vaziyat ko‘pchilik qo‘rqqanchalik yomon bo‘lmasligi”ga umid bildirgandi.

Endilikda esa u toliblarning “dudmal gaplari”, “ochiq va to‘g‘ri” va’dalar yo‘qligi uni tashvishga solayotganini aytmoqda.

So‘nggi haftalarda uning yaqin do‘stlaridan bir qanchasi Afg‘onistonni tark etibdi.

Saad Kobulda yashamoqda. U hamon, agar Tolibon odamlarni samarali boshqarishni istasa, o‘zining eng qat’iy tartib-qoidalaridan ayrimlarini yumshatadi va odamlarning istaklariga quloq soladi, deya umid qilmoqda.

“Aqllar ko‘chishi”

Aksari afg‘onlar Tolibon repressiv siyosatini qayta ko‘rib chiqishiga va Afg‘onistonning katta qismini egallab, islom huquqining qat’iy ko‘rinishini joriy qilgan 1991–2001 - yillardagi boshqaruv uslubidan voz kechishiga shubha bilan qaraydi.

BMT dastaklagan hukumat davrida afg‘onlarning yosh avlodi shakllandi va ular dunyoviy maktablarda o‘qish, musiqa tinglash, zamonaviy ust-bosh kiyish va moda bo‘yicha soch qo‘yish kabi nisbiy erkinliklarga o‘rgangan.

15 - avgustdan beri o‘z kelajagidan xavotirga tushgan o‘n minglab afg‘onlar poytaxtdagi xalqaro aeroportga yopirilib, mamlakatdan chiqib ketishga jon-jahdi bilan harakat qilmoqda.

Toliblar “aqllar ko‘chishi” muammosiga to‘qnash kelishganini anglab, afg‘onlarni mamlakatdan ketmaslikka va o‘z xalqiga xizmat qilishga chaqirdi.

Biroq Tolibon millionlab ayollarni – muallimalar, tibbiyot xodimalari, politsiyachilar va boshqa mutaxassislarni ishga bormaslikka va uyda o‘tirishga majbur etsa, Afg‘onistonda inson kapitalining eng jiddiy inqirozini o‘z qo‘li bilan yaratishi mumkin.

“Aholining yarmi bo‘lmish ayollar jamiyat hayotidan g‘oyib bo‘lsalar, Tolibon mamlakatni rivojlantira olmaydi”, deydi Kobul universitetini bitirgan Mohjabin Ramz.

Ramz jurnalistlikka o‘qigan, Kobulni toliblar bosib olishidan bir necha kun oldin mahalliy nashrlardan biri unga ishga taklif qilgan edi.

O‘tgan haftada Ramzga tahririyatdan qo‘ng‘iroq qilishib, ishga qabul qilish noma’lum muddatga to‘xtatilganini aytishdi.

Pul –eng asosiysi emas

Kobuldagi ikki dorixona sohibi va Xayrxon tumanidagi hashamatli mavzedagi yangi uyda yosh oilasi bilan farog‘atda yashayotgan Shopurning hayotida bir qarashda hech bir o‘zgarish yo‘qdek.

Uning ikkala dorixonasi ham ishlab turibdi.

To‘g‘ri, xaridor kamaygan, biroq Shopur biznesi tez orada yana rivoj topishiga ishonadi.

Ammo, deydi Shopur, pul – eng asosiysi emas.

U, o‘zi aytishicha, restoranda oilasi bilan birga ovqatlanish, Avliyo Valentin kunida rafiqasiga gul hadya qilish yoki uni go‘zallik saloniga olib borish kabi erkinlikning “mayda detallari”ni yo‘qotishni xohlamaydi.

Shopur yana, ilgari politsiyada ishlagan ukasining taqdiridan ham tashvishda.

Tolibon barcha sobiq harbiylar, politsiyachilar va davlat xizmatchilariga “afvi umumiy” e’lon qilgan edi.

Biroq Afg‘onistondan kelayotgan ko‘plab xabarlarga ko‘ra, Tolibon jangarilari xavfsizlik kuchlarida yoki hukumat muassasalarida xizmat qilganlarni uyma-uy yurib qidirmoqda.

“Biz doimiy qo‘rquv va alag‘dalikda yashayapmiz”, deydi Shopur.

Xayrxon tumanining boshqa tomonida tikuvchi Dovud yangi sharoitga qiyinchilik bilan moslashmoqda.

Bir paytlar Dovud mashhur hind aktyorlari uslubida soch qo‘yishga, qora jinsi va oppoq ko‘ylak kiyib yurishga ishqiboz edi. Hozir u afg‘onlarning an’anaviy kiyimlarini kiyib olgan, sochini taqir oldirgan va soqol qo‘ygan.

“Bolaligimdan beri ko‘p ishlashimga to‘g‘ri kelgan edi. Och qoringa uxlagan paytlarim ko‘p bo‘lgan. Ammo hech qachon bu qadar umidsizlikka tushmagan edim. Naqadar tolei past xalqmiz”, deb qayg‘uradi Dovud.

XS
SM
MD
LG