Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:16

Usmonov va sanksiyalar soyasida. Mirziyoyev Yevropa davlatlarining "tushunishi"ga umid qilmoqda


Prezident Mirziyoyev Germaniya kansleri Olaf Shols bilan Berlinda. Germaniya, 2-may, 2023
Prezident Mirziyoyev Germaniya kansleri Olaf Shols bilan Berlinda. Germaniya, 2-may, 2023

Shu yilning 21-martida Toshkentdagi Navro‘z tantanalari chog‘ida mamlakatdagi nemis diasporasi vakillari bilan muloqot qilgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston—Germaniya munosabatlariga yuqori baho berdi. 1−2-may kunlari Germaniyaga tashrif buyurishini aytgan Mirziyoyev “ular bilan allaqachon tizim bor. Bizni [Germaniyada] yaxshi tushunishadi va men buni juda qadrlayman”, — degan edi.

O‘zbekiston rahbari 2-may kuni Germaniyaga qo‘nar ekan, aynan mana shunday tushunishga umid qilganini taxmin qilish mumkin. Mirziyoyev safaridan bir yil oldin Qoraqalpog‘istonda norozilik namoyishlarini bostirish uchun O‘zbekiston hukumati o‘qotar qurollardan foydalangan edi. Shuningdek, Mirziyoyev tashrifidan atigi bir necha kun oldin O‘zbekistonda o‘tkazilgan referendum unga kamida 2040-yilgacha hokimiyatda qolish imkonini berdi.

Toshkent o‘zining yaqin hamkori Rossiya Ukrainada boshlagan asossiz urush tufayli qiyin ahvolga tushib qolgan. Bundan tashqari, G‘arb rasmiylari Markaziy Osiyo poytaxtlarini ikkilamchi sanksiyalar haqida muntazam ogohlantirib keladi.

Mirziyoyev hukumatining kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan milliarder Alisher Usmonov bilan aloqalari Toshkentni yanada qaltis vaziyatga tushirgan. Usmonov Putinga yaqinligi bois birinchilardan bo‘lib G‘arb sanksiyalariga nishon bo‘lgan edi.

"Ноллаштириш" олдидан: Мирзиёев Германияга сафар қилмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:31 0:00

O‘zbekiston prezidenti administratsiyasiga ko‘ra, Mirziyoyevni Berlinda yaxshi kutib olishgan.

Prezident matbuot xizmati xabarida yozilishicha, 3-may kuni Germaniya poytaxtida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Germaniya kansleri Olaf Shols Toshkentning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish tashabbusini qo‘llab-quvvatlash hamda Yevropa Ittifoqi bilan kengaytirilgan hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolashni tezlashtirishga va’da bergan.

Germaniyadan O‘zbekistonga investitsiyalar hajmi 5,5 milliard dollarga yetgan. Bu investitsiyaning asosiy qismi so‘nggi yillarda jalb qilingan.

Shols bilan uchrashuv arafasida bir guruh o‘zbekistonlik faollar prezident Mirziyoyev siyosatini tanqid qiluvchi plakatlar bilan Berlindagi Germaniya federal kansleri idorasi oldida norozilik aksiyasi o‘tkazishdi.

Ularga ko‘ra, Mirziyoyev o‘z ikki prezidentlik muddati boshqaruvi paytida islohotlar bo‘yicha bergan va’dalarini bajarmagan. Aksincha, mamlakatdagi iqtisodiy, ijtimoiy vaziyat og‘irlashmoqda, hukumatni tanqid qilayotgan faollarga bosim kuchayib bormoqda.

Kansler Shols idorasiga prezident Shavkat Mirziyoyev yetib kelgan paytda esa yana bir guruh o‘zbekistonliklar paydo bo‘lib, tanqidchi faollarning oldini to‘sib qo‘ydi.

Karnegi xalqaro tinchlik jamg‘armasidan Temur Umarovning Ozodlikka aytishicha, Germaniya va Yevropa Ittifoqining boshqa ko‘plab davlatlari O‘zbekistonning an’anaviy hamkori bo‘lgan Rossiya “ishonchsiz va o‘zgaruvchan” ekanini yaxshi bilishadi va Toshkentga "muqobil variant" taklif qilishga tayyor.

Usmonov sobiq bosh vazir Mirziyoyevning yetti yil avval O‘zbekistonda hokimiyat tepasiga kelishida muhim rol o‘ynagani aytiladi. Oligarx keyingi yillarda Toshkentning muhim investoriga aylangan. Umarovning fikricha, Mirziyoyev Shols bilan muzokaralar chog‘ida uni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarishni ochiqcha so‘ragani ehtimoli kam.

“U (Mirziyoyev) Usmonovni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarish haqida baralla gapirmaydi, chunki bu uning obro‘siga putur yetkazishi mumkin. Ammo ayrim [O‘zbekiston va Germaniya] rasmiylari o‘rtasida O‘zbekiston uchun muhim hisoblangan shaxslarga nisbatan sanksiyalarning ta’sirini kamaytirish bo‘yicha muzokaralar olib borilishi ehtimoldan xoli emas, deb o‘ylayman”, — dedi Umarov.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Ozodlik radiosining Mirziyoyev Germaniyadagi muzokaralarda Usmonov masalasini ko‘tarish-ko‘tarmasligi haqidagi so‘roviga darhol javob bergani yo‘q.

Germaniyaning Der Spiegel nashri o‘tgan yil noyabrida ikki davlat oligarxning moliyaviy faoliyati bo‘yicha shoshilinch muzokaralar olib borganini xabar qilgan edi. Germaniyada "Usmonov bir qancha mulkka egalik qiladi" deb ishoniladi.

Der Spiegel Germaniyaning hashamatli Tegernze ko‘li bo‘yidagi mulklarga qilingan reydlar ortidan Toshkentdagi Germaniya elchisi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgani haqida yozgan.

Germaniya elchixonasi Ozodlik radiosining bu xabar bo‘yicha izoh so‘rab qilgan murojaatiga javob bermadi.

Biznesga qaytish

Mirziyoyev O‘zbekistonni turizm va xorijiy sarmoyaga ochgani hamda cheklangan darajada so‘z erkinligiga izn bergani uchun olqishlanadi. Uning 2016-yilda vafot etgan murosasiz ustozi Islom Karimov hukmronligi davrida bularning barchasi cheklangan edi.

Ammo bu o‘zgarishlarga qaramay, mamlakatda siyosiy raqobatga yo‘l berilgani yo‘q.

30-aprel kuni o‘tkazilgan referendumda Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish ma’qullandi. "Yo‘q" kompaniyasi umuman kuzatilmagan referendumda, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ovoz beruvchilarning 90 foizidan oshig‘i Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartishlarni yoqlagan.

Yangi tahrirdagi konstitutsiya loyihasi avval-boshda Qoraqalpog‘iston Respublikasi avtonomiyasini cheklaydigan tuzatishlarni o‘z ichiga olgan edi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu o‘zgarishlarga qarshi namoyishlarni bostirish chog‘ida 21 kishi halok bo‘lgan.

Мирзиёев Берлинда. 3-муддат ва микрочиплар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:28 0:00

Mirziyoyevning tashrifi oldidan Human Rights Wastch tashkilotining Berlinda joylashgan Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Hyu Uilyamson “Mirziyoyevni iliq kutib olish inson huquqlari bo‘yicha ochiq muloqotdan voz kechish evaziga amalga oshirilmasligi kerak”, — degan bayonot bilan chiqdi.

Uilьamson O‘zbekistonni Qoraqalpog‘istondagi zo‘ravonliklar uchun javobgarlikka tortishga chorladi.

“O‘zbekiston—Germaniya ikki tomonlama munosabatlarini hisobga oladigan bo‘lsak, Germaniya prezident (Mirziyoyev)ni o‘zining ko‘plab islohot va’dalarini bajarishga undashda muhim rol o‘ynashi kerak”, — deya qo‘shimcha qildi Uilyamson.

Germaniya tashqi savdoni rivojlantirish agentligining mintaqaviy muxbiri Edda Shlager Ozodlikka bergan intervyusida O‘zbekiston bilan tanish nemis biznesi orasida mamlakatga nisbatan hanuz “optimizm” saqlanib qolayotganini aytdi. Uning fikricha xuddi shu optimizm siyosiy aloqalarga ham turtki berayotgan bo‘lishi mumkin.

Hukumatga yaqin UzDaily nashrining xabar berishicha, 2-may kuni Berlinda bo‘lib o‘tgan Germaniya—O‘zbekiston biznes-forumida ikki davlatning yirik kompaniyalari, xoldinglari, banklari, vazirliklari, idoralari va sanoat birlashmalarining 250 nafar rahbari ishtirok etgan.

Ayni nashrning O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayevning so‘zlaridan iqtibos keltirishicha, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi so‘nggi besh yil ichida ikki baravarga ko‘paygan va 2022-yilda 1 milliard yevrodan (1,1 milliard dollar) oshgan.

“O‘zbekiston katta bozor, 35 million [nafar] aholiga ega, ular orasida yoshlar ko‘p. Xususiylashtirish va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar davom etmoqda”, — dedi Shlager.

“O‘ylaymanki, nemis kompaniyalari biznes muhiti va keyingi islohotlarga ta’sir ko‘rsatadigan siyosatdan xabardor, lekin nazarimda O‘zbekistonda hamon mavjud bo‘lgan inson huquqlari muammolaridan xabardor bo‘lishni istamaydi”.

Sanksiyalar tahdidi

Mirziyoyev Germaniyaga mamlakat prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer taklifi bilan tashrif buyurdi. G‘arbda Mirziyoyev islohotlarini dastaklagan Shtaynmayer yaqin yillarda (2019-yilda) Toshkentga borgan G‘arbning eng yuqori martabali siyosatchilaridan biridir.

Mirziyoyev kelasi oyda Italiyaga safar qilishi kutilmoqda.

Keyingi oylarda G‘arb Markaziy Osiyoda sanksiyalar atrofidagi diplolmatiyasini kuchaytirdi. O‘tgan oy Yevropa Ittifoqining sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O'sallivan hamda AQSH Moliya vazirligining terrorizmni moliyalashtirish va moliyaviy jinoyatlar bo‘yicha kotib yordamchisi Elizabet Rozenberg mintaqaga safar qildi.

Bir hafta avval Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligining sanksiyalar bo‘yicha direktori Devid Rid ham Qirg‘iziston va Qozog‘istonda bo‘ldi. Bu tashriflar ortidan Ukrainadagi urushdan aziyat chekayotgan mintaqa 2023-yilda ikkilamchi sanksiyalarga yo‘liqish bilan bog‘liq xavotirlar kuchaydi. Mintaqa Rossiyaning sanksiyalarni aylanib o‘tish harakatlarida muhim o‘rin tutadi.

O‘zbekiston Qozog‘iston va Qirg‘izistondan farqli o‘laroq, Rossiya yetakchiligidagi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo emas.

Ammo O‘zbekiston rasmiylari Usmonov bilan aloqalari tufayli allaqachon sanksiyalar soyasida qolishgan. Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston”ida Usmonovning roli kuchaygan.

Reuters nashri Karimov vafotidan keyingi ilk davrda Usmonovning O‘zbekistonda faollashganiga e’tibor qaratgan. Sobiq prezident oligarxlarga ishonchsizlik bilan qaragani ma’lum.

Mirziyoyevning jiyani Usmonovning 2013-yilda hozirda marhum jiyaniga turmushga chiqqan bo‘lgan. Aftidan, Karimov o‘limidan keyin hokimiyat uchun boshlangan kurashda Usmonov Mirziyoyevni qo‘llab-quvvatlagan.

Keyinchalik O‘zbekiston rasmiylari hukumat Mirziyoyevning rasmiy xizmat safarlari uchun Usmonovning shaxsiy samolyotini ijaraga olganini tan oldi, ammo kelishuv shartlari oshkor etilmadi. G‘arb sanksiyalari e’lon qilinganda Airbus A340-300 yo‘lovchi layneri musodara qilinadigan mulklar safidan o‘rin oldi.

Usmonovga qarshi oxirgi sanksiyalar USM Holding tashkilotini ham nishonga oladi. AQSH Moliya vazirligi bu xoldingni “Usmonov kompaniyalarining aksariyatiga egalik qiladigan va nazorat qiladigan asosiy tuzilma” deb ataydi.

USM xoldingning eng yirik aktivlari Rossiyada bo‘lsa-da, sanksiyalar O‘zbekistondagi eng yirik sement zavodi bo‘lmish “Ohangaronsement” va Digital Invest kompaniyasini ham nishonga oldi. O‘zbekistonning “Gazeta” xususiy axborot saytiga ko‘ra, Digital Invest Ucell yirik telekom kompaniyasida ulushga ega hamda “yorliqlar bilan shug‘ullanadi”.

O‘tgan yili Usmonovga qarshi ilk sanksiyalar joriy qilinarkan, USM O‘zbekistondagi eng yirik tijorat banki bo‘lmish “Kapitalbank” bankida yaqinda sotib olgan aksariyat ulushidan voz kechdi.

Usmonov iyul oyida Forbes jurnaliga bergan intervyusida sanksiyalar “so‘nggi bir necha yil ichida ko‘p vaqtimni o‘tkazayotgan O‘zbekistondagi faoliyatim uchun ham to‘siq yaratyapti” dedi. Oligarx sanksiyalarni adolatsiz deb atadi va ularga qarshi kurashish niyatini izhor qildi.

Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchi David Kankarinining aytishicha, Yevropa Kengashi prezidenti Sharl Mishelning o‘tgan yil oktabrida Toshkentga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston rasmiylari "Usmonovni himoya qilishgan". Financial Times nashri ham Toshkent Bryusselda Usmonov manfaatlarini himoya qilayotgani haqida yozgan.

David Kankarini Mirziyoyev iyun oyida Italiyaga qiladigan safari chog‘ida Usmonovni shaxsan himoya qilishiga ishonmaydi. Usmonov Italiyada ham muammolarga duch kelgan. Uning Sardiniyadagi 20 million dollarga baholangan villasi rasmiylar tomonidan musodara qilingan.

Ammo Kankarinining fikricha, Mirziyoyev Yevropaning “pragmatik yondashuvi”ga umid qilayotgan bo‘lishi mumkin. Uning fikricha, Mirziyoyev bu safar Yevropa Ittifoqi asoschilaridan bo‘lgan Germaniya bilan uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va Toshkentning "xalqaro maydonda siyosiy legitimligini kuchaytirish”ni ko‘zlayotgan bo‘lsa, ajab emas.

“Italiya hukumati inson huquqlari masalasini deyarli ko‘tarmasligiga ishonchim komil”, — dedi Kankarini Ozodlik bilan suhbatda.

Uning fikricha, xavfsizlik va iqtisodiyot kun tartibida yuqori o‘rinni egallaydi.

XS
SM
MD
LG