Jahon uyg‘urlari kongressining Bosniya va Gersegovinadagi anjumani arafasida tashkilot mas’ullari yangi bosim va ta’qiblarga duch kelayotganini bildirmoqdalar.
“Umumiy yig‘ilishimiz Sarayevoda o‘tkazilishi e’lon qilingan iyun oyidan buyon biz ko‘plab tahdidlarga, jumladan yuqori lavozimlarga ko‘rsatilgan nomzodlar va a’zolarimizga qarshi tuhmat kampaniyasiga duch keldik”, deya bildirdi Ozodlikka Jahon uyg‘urlari kongressining global advokatsiya bo‘yicha direktori Zumretay Arkin.
Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Yevropa va Shimoliy Amerikadagi 25 dan ziyod mamlakatda yashovchi diaspora vakillarini jamlagan Jahon uyg‘urlari kongressining (JUK) 24-27 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan bosh assambleyasi arafasida, Arkinga ko‘ra, tashkilot hakerlik hujumlari, o‘z a’zolari va ularning oilalariga qarshi jismoniy tahdidlar va hatto Sarayevoda assambleya o‘tkazilishiga xalaqit qilish urinishlari bilan qarshilashgan.
Arkin 21-oktyabr kuni JUK xodimining elektron pochtasiga kirilgani va noma’lum hakerlar tashkilot xorijlik deputatlar va delegatlar doxil rahbariyatiga saylanishga da’vogarlik qilayotgan qaydga olingan barcha ishtirokchilarga tadbir keyinga qoldirilgani haqida xabar jo‘natishganini aytgan. JUK soxta elektron maktub nusxalarini ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z akkauntlari orqali yoyinlab, bu ma’lumot noto‘g‘ri ekanini ishtirokchilarga bildirgan.
“Ular hujjatni soxtalashtirish uchun hatto sobiq prezidentimizning imzosidan ham foydalanishgan”, degan Arkin tashkilot vakillariga botlardan yoki Xitoy akkauntlaridan ko‘plab spam-xatlar kelganini qo‘shimcha qilgan.
Qarorgohi Germaniyada bo‘lgan Jahon uyg‘urlari kongressi asosan quvg‘inda yashayotgan uyg‘urlardan iborat bo‘lib, Xitoyda qolgan millatdoshlarining haq-huquqlari uchun kurashib keladi.
Qo‘rqitish va ta’qiblar
Xitoyning Shinjon bo‘lgasidagi inson huquqlari buzilayotgani haqida jahon hamjamiyatini xabardor qilishga urinib kelayotgan mazkur guruh va Xitoydagi uyg‘ur va boshqa musulmon ozchiliklari himoyasi bilan shug‘ullanuvchi boshqa tashkilotlar anchadan buyon qo‘rqitish va ta’qiblarga uchrab keladi.
Ayrim huquqbonlik tashkilotlari va g‘arb mamlakatlari parlamentlari Pekinni mintaqada genotsid siyosatini yuritayotganlikda ayblab kelishadi, BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi esa 2022-yilda o‘tkazilgan surishtiruv Shinjonda “inson huquqlari borasida jiddiy qonunbuzarliklar” mavjudligini isbotlaganini bildirgan.
Xitoy rasmiylari milliyozchilik vakillariga nisbatan majburiy mehnat qo‘llanilayotgani, ommaviy integratsiya, tug‘ilishni nazorat qilish, uyg‘urlarning madaniy va diniy o‘zligini yo‘q qilish va bolalarni qamalgan ota-onalaridan ajratish kabilarda ayblab kelinadi.
Pekin bu ayblovlarni qat’iyan rad etgan.
Arkin Xitoyning Sarayevodagi elchixonasi ham tadbir o‘tkazilishiga qarshi bosim o‘tkazganini aytib, elchixona xodimlari tashkilotchilarga “tadbirni bekor qilish va hatto avtohalokat uyushtirish” bilan tahdid etganlarini iddao qildi. U xitoylik diplomatlar Bosniya huquq-tartibot idoralarini JUKning sobiq prezidenti, Germaniya fuqarosi Do‘lqun Isa doxil tashkilotning ayrim a’zolarini hibsga olishga chaqirishlarini bildirishganini qo‘shimcha qildi.
Xitoyning Sarayevodagi elchixonasi Ozodlikning vaziyatga izoh berishga oid iltimosini javobsiz qoldirdi.
Bosniya va Gersegovinaning Xitoy bilan ekstraditsiya haqida kelishuvi bor, bu esa, Zumretay Arkinga ko‘ra, JUKning ayrim a’zolari orasida xavotir uyg‘otgan, biroq Sarayevoga kelganidan buyon tashkilot a’zolaridan hech kim mahalliy rasmiylar tomonidan bosimga uchragan emas.
Xitoylik mulozimlarning JUK yig‘ilishlarining o‘tkazilishiga qarshi harakatlari ilk bor kuzatilayotgani yo‘q.
Tashkilotning 2021-yili Pragada o‘tkazilgan so‘nggi bosh assambleyasi oldidan Chexiya poytaxtidagi Marriott mehmonxonasi “siyosiy betaraflik” bahonasi bilan anjuman o‘tkazilishidan bosh tortgan edi.
Zumretay Arkinga ko‘ra, tashkilot vakillarining bosh assambleyani o‘tkazish uchun Sarayevoni tanlagani bejiz emas. Bosniya va Gersegovina o‘tgan asrning 90-yillarida Yugoslaviya parchalanishi ortidan yuzaga kelgan urushda inson huquqlari buzilishi va genotsidga shohid bo‘lgan.
“Bosniya genotsid guvohi bo‘lgan [mamlakatdir]. Bosniyaliklar bilan biz duch kelgan voqealar bir-biroviga aynan o‘xshash bo‘lmasa-da, vahshiyliklar, jinoyatlar, hujjatlashtirishga oid urinishlar, o‘tish davri sudlovi, xalqaro sudlov va javobgarlikka tortish bo‘yicha chora-tadbirlar tarixida o‘zaro parallellar mavjud”, deya qo‘shimcha qildi u.
“Biz bundan uyg‘urlar genotsidini anglash uchun model o‘laroq foydalanishimiz mumkin”, dedi Zumretay Arkin.