Линклар

Шошилинч хабар
08 май 2024, Тошкент вақти: 09:06

“Uyg‘ur tribunali”. London sudida qozoqlar Xitoy lageridagi qiynoqlar haqida so‘zlab berishdi


Xitoy. Uyg‘urlar.
Xitoy. Uyg‘urlar.

“Uyg‘ur tribunali” nomini olgan Londondagi sud jarayonida qozoq millatiga mansub bir necha shinjonlik musulmon Xitoyning yerli xalqlarga qarshi qatag‘on siyosati haqida guvohlik berdi. Ular sud komissiyasi a’zolari qarshisida Xitoyning shimoli-g‘arbiy viloyatidagi “siyosiy qayta tarbiyalash jamloqlari”da tutqunlikda kechirgan kunlarini va tortgan azoblarini yodga olishdi.

Sobiq tutqunlar

Britaniya poytaxti sud idorasida Shinjonning asosan Islom diniga e’tiqod qiluvchi uyg‘urlar, qozoqlar, qirg‘izlar va boshqa turkiyzabon tub xalqlariga nisbatan Xitoyning kamsitish siyosatini ko‘rib chiqish bo‘yicha mahkama jarayoni davom etmoqda. 12 - sentabr kuni sud eshituvlarida bir necha etnik qozoq ko‘rsatuv berdi. Ular – “jamloq”lardan chiqqandan so‘ng Qozog‘istonga ko‘chib borishga muvaffaq bo‘lib, tez orada ushbu yopiq muassasalarda kechirgan kunlari va ko‘rgan qiynoqlari haqida so‘zlab bergan xitoyliklardir.

Bakitali Nur uni 2017 - yilda qo‘lga olib, ko‘p o‘tmay “siyosiy tarbiya jamlog‘i”ga jo‘natishganini gapirib berdi. Bakitaliga “24 terrorchi davlat ro‘yxatidagi mamlakatga borgan”, deb ayb qo‘yishgan (o‘sha mamlakat Nurning tarixiy vatani – Qozog‘iston edi). Guvohning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy politsiyasi uning olti oylik homilasi bor xotinini bolasini oldirishga majburlagan.

Ekspertlar Nurning yozma arizasida bayon qilingan ma’lumotlarga tayanib, unga yopiq muassasada u bilan birga saqlangan uyg‘ur millatiga mansub yosh yigitga nisbatan qo‘llangan qiynoqlar haqida savollar berishdi.

– Kunlarning birida u yigitni kechasi soat o‘n ikki yarimda kameradan olib chiqib ketishdi va to‘rt kundan so‘nggina qaytarishdi. Uning qo‘llari shol bo‘lib qolgandi. Ertasiga muassasa boshlig‘i bo‘lmish xitoy mulozimi menga: “Bakitali, bu yigitning ikkala qo‘li ham ishlamayapti, uni hojatga olib borish va ovqatlantirish senga yuklatiladi”, dedi. Shu tariqa unga ovqat yedirib qo‘yadigan, hojat qilishiga yordamlashadigan bo‘ldim. Biz saqlanadigan joy videokuzatuv kameralari bilan nazorat qilinardi, bir-birimiz bilan gaplasha olmasdik. Faqatgina hojatxonada gaplashish imkoni bor edi. Yigitchaga ko‘maklashar ekanman, undan qayerga olib borishganini so‘radim. U shunday javob berdi: “Bir notanish joyga olib borib, ikki qo‘limdan osdilar. To‘rt kun shu ko‘yi saqladilar. Oyoqlarim erga tegmasdi, lekin to‘rt kun ichida paylarim cho‘zilib, oyog‘imga yerga tegadigan bo‘ldi”. So‘ngra: “Bakitali, ko‘ylagimni bir oz ko‘tar”, dedi u. Aytganini qildim. Qarasam, butun a’zoi badani elektroshoker zarbalaridan momataloq bo‘lib ketgandi. “Shunaqa xor bo‘lgandan ko‘ra, o‘lgan yaxshi emasmi? Nima gunoh qildimki, bu qadar azob berishadi”, dedi u. Yigitning bor-yo‘q aybi – do‘stlari bilan “mashrab”ga (uyg‘urlarda do‘stlar o‘tirishi, gap-gashtak shunday ataladi – Tahr.) borgani ekan. Uni qiynoqqa solisharkan, “aybingga iqror bo‘l” va “’terrorchi’lar nima haqida gaplashishganini aytasan”, deb talab qilganlar, – dedi Bakitali Nur sudda. Guvohlik berarkan, uning ko‘zlaridan yosh tomchilardi.

Yana bir guvoh – “jamloq”da 125 kun bo‘lgan O‘rinbek Ko‘ksebek uni ozod etganlaridan so‘ng ikki oy qamog‘ida saqlaganlarini so‘zlab berdi.

– Meni xitoy tilini bilmaganim va Qozog‘iston fuqarosi bo‘lganim uchun qamoqqa tashladilar. Ne azoblarga giriftor etganlarini gapirishga tilim ojizlik qiladi, – dedi O‘rinbek Ko‘ksebek. Uning aytishicha, Qozog‘istonga qaytib kelganidan so‘ng allaqanday notanish odamlar unga tahdid qilishgan ekan.

Ko‘ksebek 2018 - yilda Ozodlikning qozoq xizmatiga bergan intervyusida Xitoy “jamlog‘i”da uni haftalab kishanband saqlaganlari, nazoratchilar muzdek suvli chuqur quduqqa tashlagani va suv sovuqligidan hushini yo‘qotgani haqida gapirib bergandi.

“Jamloq” tutqunlaridan yana biri – Erbakit O‘tarboy ham London sudida guvohlik berdi. Uning aytishicha, yopiq muassasalarda tutqunlarni “hatto daydi itlar yemaydigan ovqatlar bilan boqishgan”.

“Norozilik bildirgan tutqunlar videokameralar bo‘lmagan maxsus xonaga eltib, kaltaklanardi. Butun “jamloq”ning har qarichi kameralar orqali nazorat qilingani holda u xonaga bitta ham o‘rnatilmagan edi”, deya guvohlik berdi O‘tarboy.

O‘tgan yili noyabrda Ozodlik bilan suhbat chog‘ida u Xitoy qamoqxonasida 98 kun bo‘lganini, shundan so‘ng bir yarim yilni – “siyosiy qayta tarbiyalash jamlog‘i”da va yarim yilni uy qamog‘ida kechirganini aytgandi.

O‘tarboyning so‘zlariga ko‘ra, u “mehnatga yaroqsiz” holga kelgan, boz ustiga farzand ko‘rish layoqatidan ham mahrum. Shifokorlar uning bepushtligini yallig‘lanish xastaligi bilan izohlashmoqda, O‘tarboyning o‘zi bu kasallikni xitoy qamoqxonasidagi g‘ayriinsoniy shart-sharoit asorati deb biladi.

Inson huquqlari tashkilotlarining bayonotlari

Shinjon uyg‘urlari, qozoqlar, qirg‘izlar va boshqa turkiy tilli xalqlarining ta’qib etilishiga doir mahkama jarayoni bo‘yicha sud tinglovlarining ikkinchi davrasi 10 - sentabr kuni boshlandi. Avvalgisi joriy yilning iyun oyida bo‘lib o‘tgandi.

Xalqaro ommaviy axborot vositalari “Uyg‘ur tribunali” deb atayotgan sud jarayonida turkiyzabon musulmonlarning Xitoy tomonidan ta’qib etilayotganini tasdiqlovchi dalillar o‘rganilib, Pekinning xatti-harakatlari Genotsid haqida konvensiyaga ko‘ra baholanadi. Britaniyalik yurist Jeffri Nays raisligidagi komissiya shu kunlarda guvohlar, olimlar va ekspertlarning ko‘rsatuvlarini tinglamoqda.

Britaniya mediasi xabarlariga qaraganda, sud yuridik kuchga ega emas, ammo uning tashkilotchilari jarayon Xitoyning turkiy tilli musulmonlarga nisbatan tutgan qatag‘on siyosatiga baho berishiga umid qilishmoqda.

Komissiya raisi Jeffri Nays Sky News telekanaliga intervyusida shunday dedi: “Biz shunchaki faktlarni ko‘zdan kechiramiz, qonunlarni varaqlaymiz va nimalar isbot etilganini ko‘ramiz”. Uning aytishicha, Xitoy mulozimlari bir necha marta sud eshituvlariga taklif etilgan, ammo ulardan javob bo‘lmagan.

Avvalroq Xitoy hukumati eshituvlarni keskin tanqid qilgan edi. Sky News xabar qilishicha, ikkinchi eshituvlar oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Xitoyning Buyuk Britaniyadagi elchisi Chjen Chjeguan ushbu mahkama jarayonini Xitoyni yomonotliq qilishga qaratilgan “siyosiy nayrang” deb atagan. Pekin o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarni qat’iyan rad etib, Xitoy tutgan siyosatni “genotsid” deb atayotgan G‘arb mamlakatlarining qilayotgan ishlarini qoralamoqda. Xitoy Shinjondagi xatti-harakatlarini “o‘z ichki ishi” va “ekstremizmga qarshi kurash” deb, jamloqlarni esa “kasb-hunarga o‘rgatish markazlari” hisoblaydi.

Amnesty International tashkiloti joriy yilning iyunida Shinjonning tub millat va elatlari “davlat tarafidan uyushtirilgan tizimli ommaviy qamoq, qiynoq va ta’qiblar”ga duch kelayotgani va bu insoniyatga qarshi jinoyat bilan tengligini aytib chiqqan edi. Tashkilot Xitoy hukumati “zo‘ravonlik bilan dunyoviy, bir jinsli xitoy millatini barpo etmoqchi va kommunistik partiya ideallarini yoymoqchi”, deb hisoblaydi.

“Terrorizmga qarshi kurash niqobi ostida Xitoy hukumati Islom diniga mansub ozchilik xalqlarning yuz minglab erkak va ayollarini “yoppasiga qamadi va iskanjaga soldi”, yana boshqa millionlab insonlarni Shinjonda “mislsiz ko‘lamdagi antiutopik jahannam” yaratish maqsadida “tizimli ommaviy kuzatuv” ostiga oldi” – Amnesty International bosh kotibi Agnes Kallamar yuz berayotgan voqealarni shunday ta’riflagan edi.

Human Rights Watch tomonidan joriy yil aprelida taqdim etilgan hisobotda aytilishicha, Shinjonda musulmonlarni qatag‘on qilish “misli ko‘rilmagan” darajaga yetgan: huquqbonlar avvaldan qo‘llanib kelinayotgan yalpi qamoq va Islom diniga e’tiqod qilishni cheklash kabi usullarga qo‘shimcha ravishda majburiy mehnat kuchayganini, odamlar kuzatuvga olinayotganini va bolalar o‘z oilasidan qonunga xilof ravishda ajratilayotganini qayd etganlar.

Xitoyning davlatga qarashli OAVlari bu ayblovlarga javoban Shinjondagi “baxtli hayot”ni tarannum etishga urinadi. Yaqinda Xitoy Kompartiyasi nashri bo‘lmish “Jenmin jibao” gazetasi Qozog‘iston ichidagi auditoriyaga mo‘ljallab qozoq tilida onlayn gazeta chiqara boshladi. Unda e’lon qilinayotgan qator maqolalarda Xitoyning shimoli-g‘arbidagi viloyatda hukm surayotgan “farovon hayot” haqida hikoya qilinadi.

XS
SM
MD
LG