Линклар

Шошилинч хабар
22 июн 2021, Тошкент вақти: 00:13

UzAuto Motors korxonasida yana ish tashlash - ishchilar maoshlar qisqarganidan norozi


UzAuto Motors xodimlari oylik qisqarishi va kechikishiga norozilik sifatida ish tashladi, 3 - may, 2021

Andijonda yengil avtomobil qismlarini ishlab chiqarish va yig‘ishga ixtisoslashgan “Uz-Koram Co” shirkati ishchilari oylik maoshi kechikkani va qisqarganiga norozilik sifatida ish tashladi.

Korxona ishchilarining Ozodlikka aytishicha, 85 nafardan ortiq ishchi 3 - iyun kuni bir necha soatga ishni to‘xtatib qo‘ygan. Ularning talabiga javoban, korxona rahbariyati vaziyatni o‘nglashga va’da bergan.

Ishchilar 1 million 300 - 1 million 400 ming so‘m atrofidagi maoshning o‘rtacha 60-70 foizini olgani, qisqargan maosh ham 10 kundan ortiqqa kechikib berilganini da’vo qilmoqda.

Shikoyatga ko‘ra, bu yil 30 - may kuni korxonaning 25 yilligi nishonlangan va bu sana munosabati bilan go‘yoki rahbarlar mukofot pullarini olgan, ammo ishchilarga har yili shu sanada berilgan mukofot bu yil berilmagan.

Korxona rahbariyati va O‘zavtosanoat AJ bu holat bo‘yicha Ozodlikka izoh bermadi. Ammo korxonaning o‘zini tanishtirmagan vakiliga ko‘ra, shirkatning 25 yilligiga belgilangan mukofot pullari bu yil hech bir zavodda berilmagan va bunga nafaqat shirkat, balki mamlakatda pandemiya tufayli yuzaga kelgan qiyin iqtisodiy ahvol sabab qilib keltirilmoqda.

Bu korxona Andijondagi avtomobil ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 17 ta kichik zavodning eng yirigidir, unda 1000 nafar atrofida ishchi bor. Bu zavodda O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan yengil avtomobillarning ichki va tashqi plastik qoplamalari, jumladan bamper, asbob panellari ishlab chiqariladi va yig‘iladi.


3 - iyundagi ish tashlash, korxona ishchilarining Ozodlikka bildirishicha, bir necha soat davom etgan:

“85 atrofida ishchi, ishni to‘xtatib, zavod hovlisiga yig‘ildi. Oldingiday bosh direktor, zamdirektor, keyin “Avtokomponent” shirkatidan ekspert keldi. Hozir iqtisodiy ahvol og‘ir, deb xullas aldashdida yana. Oyliklarni ahvoli anchadan beri og‘ir. Oshiqcha soat ishlatishgan, ayrimlar 200 soatgacha ishlagan, lekin hammaga birdek faqat 165 soatga ish haqi to‘lashdi. 650 ming so‘mlik premiya pulini ham bermay qo‘yishdi. Buning ustiga o‘zi 1 million 300 yoki 1 million 400 ming so‘m oylik, bundan ham 300 - 400 ming so‘mdan ushlab qolishyapti”.

Korxona ishchilari nomidan bog‘langanini aytgan ishchining iddaosicha, ayni paytda rahbarlarning oylik maoshlari baland va ular o‘tgan oyda mukofot puli ham olishgan:

“7 tacha rahbar bo‘lsa, hammasi oldi mukofot pulini. Oyligiyam juda baland ularning. Biz shuni kecha rahbarlarga aytdik: “O‘zingiz katta oylik olasiz, mukofot puli ham bor. Iqtisod chatoq bo‘lsa, sizlarga boru, bizga yo‘qmi?!” Aniq javob bera olishmadi”.

Ayni korxona ishchilari bunga qadar ham maoshlari qisqarib ketayotgani va mukofot yoki rag‘bat pullari berilmayotganidan bir necha bor Ozodlikka shikoyat qilgan.

Ozodlik navbatdagi shikoyat yuzasidan shirkatdan biror aniq rasmiy javob ololmadi.

“Uz-Koram Co” shirkati saytida berilgan +998-78-120-40-00 raqamiga kun davomida hech kim javob bermadi. Shuningdek, O‘zavtosanoat aksiyadorlik jamiyati va matbuot kotibi Zumrad Shojalilova ham Ozodlik savollariga hozircha javob bermadi.

“Uz-Koram Co” shirkatida ishlaydigan, ammo ismini oshkor qilmayotganimiz muhandisga ko‘ra, nafaqat bu shirkat, balki O‘zavtosanoatga qarashli Andijon shahridagi boshqa ishlab chiqarish korxonalari va Asaka zavodining o‘zida ham ahvol yaxshi emas.

Zavoddagi bir bo‘limga mas’ul muxandisning aytishicha, ishchilarning oylik maoshlari kechikkani va qisqarganidan norozi bo‘lib yig‘ilishi, ish tashlashlari kichik-kichik ko‘lamda tez-tez bo‘lib turibdi:

“Rahbarlar bu yil pandemiya, hamma joyda iqtisodiy ahvol chatoq, sabr qilinglar, sabr qilinglar, deyishyapti. Boshqa gap yo‘q. Lekin ishchilarni shikoyati to‘g‘ri, rahbarlarning oyligi juda yuqori. Zavodga bitta yangi texnika olib kelib o‘rnatib qo‘yishdi yaqinda, unda ham mukofot puli olishdi. Lekin ishchiga yo‘q”.

“Uz-Koram Co” ishlab chiqarish korxonasida, bugungi kunda O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan yengil avtomobillarning kuzov va salonining ichki qismidagi plastik qoplamalar tayyorlab, yig‘iladi.

Zavod Andijon shahrida joylashgan va undan chiqqan yarim tayyor avtomobillar, o‘rindiqlarini joylovchi navbatdagi korxonaga yo‘llanadi.

Ayni paytda, moliyaviy ta’minot va ishchilar oyliklari bilan bog‘liq muammolarga oid xabarlar, UzAuto Motors shirkati tizimidagi boshqa zavodlardagina emas, puli to‘langan avtomobillarning egasiga yetkazib berish tizimida ham uchramoqda.

1 - iyun kuni yangi avtomobillarni yetkazib berishda 500 dollardan 2000 dollargacha “shapka” tizimi qayta tiklangani va turnaqator navbatlar yuzaga kelgani haqidagi xabarlar paydobo‘ldi. Shirkat esa bu xabarni rad etib, navbatlarni ham pandemiya oqibatlari bilan bog‘ladi.

Bundan tashqari, shu yilning 6 - martida ham UzAuto Motors shirkatining Asakadagi zavodida 200 ga yaqin ishchi oylik maoshlari keskin qisqartirib yuborilganidan norozi bo‘lib, ish tashlagani haqida Ozodlik xabar qilgan.

Ish tashlash bo‘lgan kuni tushdan so‘ng UzAuto Motors AJ holatga munosabat bildirib, ish haqidan qarzdorlik yo‘qligini ta’kidlagandi.

Ammo o‘shanda ishchilar kompaniya rahbarlari bilan, 6 - mart kungi ish tashlashdan so‘ng o‘tgan yig‘ilishdan yozib olingan audioyozuvni taqdim qilgan.

Ushbu yozuvda ham, UzAuto Motors AJning Asakadagi zavod mulozimlaridan biri pandemiya davrida zavod daromadi pastlagani, ishchilar o‘tgan yili ishlamasdan karantinda o‘tirganini eslatarkan, bu holat ularning mehnat haqqida aks etayotganini aytgandi.

O‘zbekistonda oylik ish haqlarining vaqtida yoki mehnatga yarasha to‘lanmasligi ham davlat va ham xususiy sektordagi korxonalarda surunkali tus olgan muammo. Ammo, so‘nggi oylarda bu muammo yanada kuchaymoqda.

Shu yil yanvarida Ozodlik Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi - FNQIZ Oltiariq bo‘limi ishchilarining zavoddagi qisqartirishlarga qarshi norozilik aksiyasi haqida xabar bergan edi.

11 - yanvar kuni Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi Neft gaz quduqlarini sinash tashkilotining o‘nlab ishchilari ham o‘z hisobidan ta’tilga chiqishga majburlangani haqda Ozodlikka xabar yo‘llagan.

O‘tgan yil oktabrida Qashqadaryoning G‘uzor tumanidagi Uzbekistan GTL zavodida maosh va ovqatlar vaqtida berilmaganidan g‘azabga kelgan quruvchilarning norozilishi ommaviy tartibsizliklarga aylanib ketgan edi.

Тавсия этилади

XS
SM
MD
LG