Линклар

Шошилинч хабар
22 июн 2021, Тошкент вақти: 22:11

Pandemiya? Maoshlar kechikmoqda. Toshkent, Farg‘ona va Andijonda ishchilar ish tashladi


Yil boshidan beri turli yirik tashkilotlar ishchilari oylik maoshi, ish qisqargani yoki maoshlar kechikayotganidan norozi bo‘lib, ish tashlayotgani kuzatilmoqda.

10 - mart kuni Toshkentda “Ko‘prikqurilish” tresti unitar korxonasi ishchilari oylik maosh berilmayotganidan norozi bo‘lib, ish tashladi.

6 - mart kuni UzAuto Motors ishchilari oylik maoshlari keskin qisqartirib yuborilganidan norozi bo‘lib, ish tashladi.

Qashqadaryoda pandemiya davridagi faoliyati uchun belgilangan ish haqi berilmaganidan norozi Shahrisabz Tez yordam tibbiy stansiyasi ishchilari videomurojaat chiqardi.

Bu so‘nggi oylarda, oylik maoshlari qisqartirilgan yoki bir necha oylab berilmayotganidan Ozodlikka kelayotgan o‘nlab shikoyatdan ba’zilaridir.

Vaziyatni kuzatayotgan iqtisodiy tahlilchilarga ko‘ra, bu bir yildan beri pandemiya cheklovlari va korrupsiyasi ostida qolgan iqtisodiyotning og‘ir ahvolidan darakdir.

Ko‘prikqurilish trestida ish tashlash

“Ko‘prikqurilish” tresti unitar korxonasi ishchilari 2021 - yil boshidan beri oylik maoshlari vaqtida berilmayotganidan shikoyat qilmoqda.

Korxona ishchilariga ko‘ra, Toshkent shahri, Sergeli tumanida ishlayotgan 60 ga yaqin ishchi maosh berilmaganiga norozilik tariqasida 10 - mart kuni ishga chiqmagan.

“Ko‘pchilik ishchilar viloyatlardan kelgan. 15 kun ishlaymiz, keyin 15 kun uyda bo‘lamiz. Oyligimiz 1 million 700 yoki 1 million 800 ming so‘m atrofida chiqadi. Yangi yildan beri 1 tiyin pul olmagan edik. O‘sha kuni rosa to‘polon bo‘lib ketdi”, dedi ishchilardan biri Ozodlik bilan muloqotda.

Uning ytishicha, voqea joyiga Sergeli tumani IIBdan maxsus otryad kelgan va ishchilarni 2 ta avtobusga chiqarib, unitar korxona bazalaridan biriga olib borgan.

“U yerda biz bilan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbarlari, yangi ochilgan Yangihayot tumani hokimi keldi, hammayoqda ichki ishlar xodimlari. Oyliklaringizni beramiz, deb va’dalarni berib tarqatishdi. Keyin faqat yanvar oyligini tushirib berishdi, xolos. Fevral va mart boshida oladigan oylikni haliyam olganimiz yo‘q”, dedi ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan ishchi.

Korxona ishchilari Ozodlikka yo‘lagan videoda, norozi ishchilarning korxona rahbarlari va tuman idoralari vakillari bilan keskin norozilik kayfiyatida o‘tgan tortishuvlari aks etgan.

“Кўприкқурилиш” трести унитар корхонаси ишчилари норозилиги
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:08 0:00

Ozodlik, “Ko‘prikqurilish” tresti unitar korxonasiga murojaat qildi. Korxona ma’muriyatining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, ishchilar shikoyatini asossiz, deb rad etdi:

“Bu ishchilarning 2020 - yilgi maoshlari to‘liq berilgan. Faqat yanvar oyidan qarzdorlik bor edi, o‘sha kunning o‘zida to‘lab berildi. Mart oyi hali tugamadi. Fevral oyi maoshi qarzdorlik hisoblanmaydi, chunki jamoa kelishuviga asosan, oylik ish haqini to‘lash muddati hisobot oyidan keyingi oyning yakunigacha, deb belgilangan. Fevral oyi uchun oylik maosh mart oyi oxirigacha beriladi”.

Ammo bu mulozim, yanvar oyi uchun qarzdorlik “moliyaviy qiyinchilik natijasida yuzaga kelgan”ini tan oldi, boshqa izoh bermadi. U trestning matbuot bilan aloqalarga mas’ul vakili telefonini taqdim qildi, ammo bu mas’ul bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

“Ko‘prikqurilish” tresti unitar korxonasi mamlakatdagi yirik va boy tashkilot hisoblangan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashlidir.

Ishchilar arziga ko‘ra, hatto shunday yirik tashkilotda ham, o‘tgan yil davomida maosh kechiktirib berilgan holatlar bo‘lgan. Ishchilar, rahbariyat sabab qilib keltirgan “moliyaviy qiyinchilik" korxonada avj olgan korrupsiyaning natijasi, deb da’vo qilmoqda.

UzAutoMotors shirkatida ish tashlash

Ishchilari maosh qisqargani va kechikkanidan norozi bo‘lib ish tashlagan yana bir yirik korxona - UzAuto Motors aksiyadorlik jamiyatidir.

Bu tashkilotning 200 ga yaqin ishchisi oylik maoshlari keskin qisqartirib yuborilganidan norozi bo‘lib, 6 - mart kuni ish tashlagani haqida Ozodlik xabar qilgan.

Avtomobil zavodi ishchilarining ish tashlashi aks etgan video ham tarmoqlarda tarqaldi. Bu videoda ham norozi ishchilar va ular bilan uchrashgan rahbarlar orasidagi o‘ta tarang kayfiyat aks etgan.

Ish tashlash bo‘lgan kuni tushdan so‘ng UzAuto Motors AJ holatga munosabat bildirib, ish haqidan qarzdorlik yo‘qligini ta’kidladi.

Rasmiy bayonotda, norozi bo‘lgan bir necha ishchining oyligi “kredit to‘lovlari hamda sud qaroriga asosan majburiy undiruv amalga oshirilgan”i uchun qisqarib ketgani aytilgan.Ammo, zavod ishchilariga ko‘ra, aslida ularning oyligi muntazam ravishda qisqarib kelmoqda va bu boradagi shikoyatlarini, tez-tez almashtirilayotgan kompaniya rahbarlari, turli vajlar bilan qondirmayotir.

Ishchilar kompaniya rahbarlari bilan, 6 - mart kungi ish tashlashdan so‘ng o‘tgan yig‘ilishdan yozib olingan audioyozuvni taqdim qildi.

Ushbu yozuvda, UzAuto Motors AJning Asakadagi zavod mulozimlaridan biri pandemiya davrida zavod daromadi pastlagani, ishchilar o‘tgan yili ishlamasdan karantinda o‘tirganini eslatarkan, bu holat ularning mehnat haqqida aks etayotganini aytadi.

“2 yildan beri bayram premiyalarini (mukofot puli - tahr.) olmayapmiz bolalar, to‘g‘rimi? Shuning uchun ko‘plab norozichiliklar ham bo‘lyapti. Lekin, ishlamasdan premiya olishimiz to‘g‘rimi?!” “Mana o‘tgan yili pandemiya bo‘ldi, ishlab chiqarishimiz tushdi. Mart - aprel - may oylarida ishsiz yotdinglar, to‘g‘rimi?” “Endi 3-4 oy qiyinchilik bo‘ladi, qiyinchilikdan birga o‘taylik. Ro‘zg‘orga yordam kerak bo‘lsa, kelib menga aytinglar, yordam beraman. Faqat menga aytmasdan, ko‘chaga chiqib aytib yuborsangizlar, keyin men hafa bo‘lib qolaman”, deydi audioovozdagi mulozim zavod ishchilariga yuzlanib.

(Ozodlikda bu rahbar shaxsiga oid ma’lumotlar bor, ammo bu rahbarning o‘zi bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmagani bois, ma’lumotlar hozircha oshkor qilinmayotir.)

Zavodning Ozodlik bilan muloqotda bo‘lgan bir necha ishchisiga ko‘ra, so‘nggi oylarda ishchilarning oylik maoshi keskin qisqarib bormoqda.

“Oddiy ishchining oyligi o‘rtacha 2 million 200 mingdan boshlanadi, haydovchilar 2 million 600 ming so‘mgacha maosh oladi. Oxirgi 3 oy ichida 700 ming - 800 ming so‘mdan oylik olyapti ishchilar. 6 - mart kuni shundan norozi bo‘lib ish tashlash qilgandik. Moshlarni qayta ko‘rib chiqamiz, hal qilamiz, deb tarqatishdi. Mana endi, oylikning bori shu, kim tashqariga ma’lumot chiqarsa, ishdan bo‘shaydi, deb qo‘rqitishga o‘tishdi. Aslida ular aytganidek, pandemiya ham zavodning ishiga ta’sir qildi. Lekin, korrupsiya pandemiyadan o‘n karra yomon ta’sir qiladi, har doim ta’sir qilib kelgan”, dedi shaxsini ochiqlamaslik sharti bilan gaplashgan ishchi.

Oylik maosh kechikayotgan tashkilotlar ko‘paymoqda

So‘nggi oylarda O‘zbekistondagi turli davlat va jamoat tashkilotlari ishchilaridan oylik maoshlari qisqarayotgani yoki bir necha oylab berilmayotgani haqida Ozodlikka kelayotgan shikoyatlar soni oshmoqda.

Qashqadaryoda Shahrisabz Tez yordam tibbiy stantsiyasining 60 ga yaqin xodimi pandemiya davridagi faoliyati uchun belgilangan qo‘shimcha ish haqini ololmayotir.

Stansiya xodimlari arzicha, gap ishchilarga 2020 - yilning 16 - martidan - 20 - avgustigacha prezident qarori bilan belgilangan oylikka qo‘shimcha to‘lov - taqriban 500 million so‘mga yaqin summa haqida bormoqda.

Bundan tashqari, shu yilning 11 - martida Ozodlik, Buxorodagi milliardlab so‘m daromad ko‘radigan “Neftgazqurilishta’mir”ning yuzlab ishchisi to‘rt oydan buyon maosh ololmayotgani haqida yozdi.

Yanvar oyida esa, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi - FNQIZ Oltiariq bo‘limining yuzlab ishchisi, zavodda ish hajmi kamaygani bois, ishchilar oyligi qisqartirilishidan norozi bo‘lib, norozilik aksiyasi o‘tkazgan edi.

"Davlat g‘aznasini to‘ldirishda jiddiy muammo bor"

O‘zbekistonlik iqtisodchi Toshbek fikricha, yirik korxonalar ishchilarining maoshlari kechikayotgani davlat byudjetining to‘ldirilishi va nazoratida juda jiddiy muammolar borligidan dalolatdir:

"Aksar davlat tashkilotlari ishchi xodimlarining ish xaqi bilan vujudga kelayotgan vaziyat va bundan tashqari, tadbirkorlarning soliq yig‘imi oshishi, soliq idora organlari tomonidan keskin bosimga duch kelishi - bular davlat g‘aznasi to‘lishi va xarajatlarning nazorat qilinishida jiddiy bir muammolar borligidan ishorat berayapti. Zero “saylov yili”da xarajatlar ortishiga ishonadigan bo‘lsak, afsuski bunday ayanchli xolat yaqin yillarda faqat og‘irlashishini taxmin qilishimiz mumkin".

Iqtisodchi, 2020 - yilda O‘zbekiston xukumat tomonidan olingan tashqi qarz olish hajmi oshib ketgani va yil yakuniga kelib, 5,1 mlrd AQSh dollarni tashkil qilganiga e’tiborni tortadi.

Uning fikricha, tashqi qarz va byudjetdagi taqchillik yana aholi va xususiy biznes zimmasiga tushishini kutish mumkin:

"Bu mamlakat yalpi ichki mahsulotnining 40% to‘g‘ri keladi. 2021 - yilga kelib esa umumiy qarzdorlik yalpi ichki maxsulotning 44,9% etib, 28,4 mlrd. dollarga o‘sishi prognoz qilinmoqda. 2020 - yil iqtisodiy turg‘unlik holatida bo‘lgan O‘zbekistonda, hukumat iqtsodiyotning salbiy oqibatlarini yumshatish uchun asosiy xarajatlarni yana aholi va qisqarib borayotgan xususiy biznes egalariga yuklashidan xavotir bor".

XS
SM
MD
LG