Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:11

Vaksina – bosim o‘tkazish vositasi. Xitoy Ukrainani uyg‘urlar huquqlarini dastaklashdan qaytardi


Xitoy-Ukraina.
Xitoy-Ukraina.

Pekin Shinjondagi uyg‘urlar, qozoqlar va boshqa musulmonlarning huquqlari buzilishi bo‘yicha tergovni dastaklamasligi uchun Kiyevga bosim o‘tkazgan. Natijada Ukraina savdo aloqalarini cheklash va COVID-19 vaksinalari yetkazib berishni rad etish bilan solingan tahdidlarga dosh bera olmay, Shinjonda inson huquqlari poymol qilinayotgani to‘g‘risidagi xalqaro bayonotdan o‘z imzosini qaytarib olgan.

Bu haqda Ozodlikning ukrain xizmatiga Ukraina rasmiylari va parlament a’zolari ma’lum qilgan.

Kiyev dastlab 22 - iyunda bayonotni imzolagan 40 mamlakat qatoriga qo‘shilgan edi. Ammo ikki kun o‘tib, Ukraina BMT Inson huquqlari kengashi bayonoti ostidan o‘z imzosini o‘chirishlarini so‘ragan. Bayonotda Pekin, turli manbalarga ko‘ra, bir million nafardan ortiq uyg‘ur, qozoq va boshqa tub xalqlar vakillarini saqlayotgan Shinjondagi “siyosiy tarbiya jamloqlari”ga mustaqil ekspertlar kirishiga darhol ruxsat berishga chaqirilgan edi.

Muxolifatdagi “Ovoz” partiyasi deputati, Oliy Radaning tashqi siyosat va parlamentlararo hamkorlik qo‘mitasi a’zosi bo‘lmish Andrey Sharaskin Ukraina Xitoyning kuchli diplomatik bosimi ta’sirida unga yon berishga majbur bo‘lganini aytadi.

“Xitoy TIV Ukraina uyg‘urlar borasidagi xalqaro bayonotdan o‘z imzosini qaytarib olishni talab qildi. Ularning bosimi to imzo o‘chirilguncha davom etdi”, deydi Sharaskin.

Bu talqinni ismi sir qolishini xohlagan yuqori martabali boshqa ukrain mulozimi ham Ozodlikka tasdiqladi. Unga aytishicha, dastlab Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Ukrainaga vaksina eksport qilinishiga doir hujjatlarni “muzlatib” qo‘ygan, Pekin rasmiylari esa rad etish “sabablariga shama qilganlar”. Kiyev imzosini qaytarib olishi bilan hujjatlar tayyor bo‘ldi va anchadan beri kutilayotgan “Sinovac” vaksinasi partiyasi Ukrainaga yetkazildi, deydi siyosatchi.

Ukrainaning uyg‘urlar taqdiriga doxil xalqaro tashabbusdan o‘zini tortishi qanday shart-sharoitda yuz bergani haqida “Yevropa birdamligi” partiyasidan saylangan deputat, Ukrainaning YeI va NATOga a’zo bo‘lishi masalalari bilan shug‘ullanuvchi qo‘mita raisi Mariya Ionova hamda muxolifatchi deputat, parlamentning Tashqi siyosat qo‘mitasi kotibi Solomiy Bobrovskayalar ham Ozodlikka taxminan shu mazmunda so‘zlab berdi.

Xitoyning ehtimoliy bosimi haqida ilk bor 25 - iyunda, G‘arbdagi diplomatik manbalariga tayangan holda “Associated Press” xabar bergan edi. Agentlikka ko‘ra, Pekin Ukrainaga, agar u xalqaro bayonotni dastaklashdan voz kechmasa, yetkazib berish avvalroq rejalashtirilgan kamida 500 ming dozadan iborat vaksina partiyasini to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid solgan.

Mazkur xabardan so‘ng Xitoy TIV vaksina yetkazib berishda biror siyosiy talab qo‘yilmasligini bildirdi. Kievning bayonotdan imzosini qaytarib olish qarorini olqishlar ekan, tashqi siyosat mahkamasi “Ukraina Xitoydan vaksinalar import qilishda duch kelgan muammolar”dan bexabarligini iddao qilgan.

Bobrovskaya Xitoy “imzodan kechish evaziga – vaksina”, deb shart qo‘yganini aytsa, Sharaskinning fikricha, Pekin savdoni cheklash bilan ham tahdid qilgan va, ayni chog‘da, agar Kiyev imzosini qaytarib olsa, Ukraina infratuzilmalariga katta sarmoya yotqizishni taklif qilgan.

Darhaqiqat, 30 - iyun kuni, ya’ni imzo qaytarilganidan so‘ng ko‘p o‘tmay Pekin va Kiyev o‘rtasida infratuzilmalarga oid bitim tuzildi, shuningdek, Xitoy Ukraina iqtisodiyotiga sarmoya kiritish hajmini oshirishga va mamlakatga ko‘proq shirkatlarini boshlab kelishga va’da berdi.

Mazkur voqealar rasmiy Kiyevning Xitoy bilan munosabatlarini chuqurlashtirishga intilishi manzarasida yuz berdi. Ukraina o‘zini Pekin hamda Vashington o‘rtasidagi tobora zabtiga olayotgan global raqobatda muvozanatni topa olgan mamlakat o‘laroq ko‘rsatadi.

Ukraina 2014 - yildan beri Rossiya qo‘llovidagi Donbass bo‘lginchilari bilan urush olib bormoqda. Shu bilan birga, YeI va NATO bilan integratsiyani davom ettirishga intilyapti.

Ayni chog‘da, Ukraina Pekin bilan ham mustahkam iqtisodiy aloqalar o‘rnatishga harakat qilmoqda, chunki mamlakat Rossiyadan mumkin qadar uzoqlashib, siyosiy yo‘nalishini o‘zgartirishni xohlaydi. Boz ustiga, so‘nggi paytlarda G‘arbning siyosiy choralaridan Kiyevning hafsalasi pir bo‘la boshladi. Xususan, AQSh va Germaniya Kiyevning noroziligiga qaramay “Shimoliy oqim-2” gaz quvuri qurilishini tugatishga qaror qilishi, Amerika uni o‘zida ishlab chiqarilgan vaksinalarga biylatmagani Ukrainani Xitoy bilan yaqinlashishga majbur qildi.

“Ukraina rahbarlari bizga ushbu pozitsiyani kollektiv G‘arb Ukrainaga ro‘yxushlik bermayotgani, shu bois boshqa tomonlar taqdim etayotgan imkoniyatdan foydalanish zarurligi bilan izohlashdi”, deydi Bobrovskaya.

Ukraina Xitoy bilan qanday inoqlashdi?

Xitoy va Ukrainaning murakkab aloqalari Donbassda urush chiqqanidan beri tanib bo‘lmas qadar o‘zgarib ketdi.

Xitoy Rossiyani chetga surib, Kiyevning eng yirik savdo hamkoriga aylandi: ayni paytda Pekin Ukraina importida 14.4 va eksportida 15.3 foiz ulushga ega. Pekin va Kiyev bir-biriga zimdan siyosiy dastak berib kelmoqda. Chunonchi, Xitoy hech qachon Qrimni Rossiyaning bir bo‘lagi deb tan olmagan, Ukraina esa Tayvanga Xitoyning bir qismi deb qaraydi.

Ammo joriy yil boshida Ukraina xitoylik sarmoyadorlarning “Motor Sich” aerokosmik shirkatini sotib olishiga taqiq qo‘ygach o‘rtaga sovuqlik tushdi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, o‘shanda Vashington, muhim harbiy texnologiyalar Xitoy qo‘liga tushishini istamay Kiyevga tazyiq o‘tkazgan ekan.

“Ukrainlar “Motor Sich”ni xitoylarga sotmay Qo‘shma Shtatlarga katta yaxshilik qilishdi”, dedi Ozodlikka AQShning Ukrainadagi sobiq elchisi Jon Hyorbst.

Kiyev xalqaro bayonotdan imzosini qaytarib olganidan so‘ng, 30 - iyunda tuzilgan bitimda aniq loyihalar ko‘zda tutilmagan bo‘lsa-da, Ukrainaning temir yo‘l, havo va dengiz yo‘llari hamda telekommunikatsiya infratuzilmalariga xitoy sarmoyasini jalb qilish bo‘yicha keng ko‘lamli hamkorlik chizgilari mavjud. Kiev Xitoyning ko‘p milliard qiymatli “Bir makon – bir yo‘l” tashabbusida o‘z mavqeini kuchaytirishga intilmoqda.

30 - avgust kuni Oq uyga tashrif buyurishga va AQSh prezidenti Jo Bayden bilan uchrashishga hozirlik ko‘rayotgan prezident Volodimir Zelenskiy fevral oyida “Axios” nashriga bergan intervyusida Xitoyni jiddiy geosiyosiy tahdid deb hisoblamasligini aytgandi. Va u Vashington bilan Pekin o‘rtasida raqobat shiddatli tus olayotgani haqida fikrlarga qo‘shilmasligini bildirgan.

“Ukraina jon-jahdi bilan o‘zini geosiyosiy sug‘urtalashga tirishmoqda. Ammo mamlakat yetarli miqdordagi teng huquqli aloqalarga ega emas. Mana shu – xalqaro tizimda ojiz davlatligi – unga xavf tug‘diradi”, deya mulohaza bildiradi “Xalqaro inqiroz guruhi”ning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha dasturi direktori Olga Oliker.

Sharq va G‘arb o‘rtasida

Kiyevning Vashington bilan aloqalari Ukraina uchun 2014 - yildan beri hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda, chunki AQSh va YeI mamlakatga Rossiya bilan kurashda iqtisodiy, siyosiy va harbiy yordam taklif qilgan.

Biroq so‘nggi yillarda Ukraina va Qo‘shma Shtatlar munosabatlari birmuncha zaiflashdi.

2019 - yilda Kiyev o‘zi xohlamagan holda AQSh ichki siyosatiga aralashib qoldi: o‘sha paytdagi prezident Donalьd Tramp saylovdagi raqibi Jo Baydenning o‘g‘li Xanter Baydenning Ukrainadagi faoliyati (Xanter Bayden korruptsiya mojarolariga aralashgan, degan taxmin o‘rtaga chiqqan edi – Tahr.) bo‘yicha tergov o‘tkazishni Kievdan iltimos qilgan va buning evaziga Ukrainaga juda zarur harbiy ko‘mak taklif etgan edi.

Boz ustiga, Ukrainaning G‘arbda ishlab chiqarilgan vaksinalarga biylatilmaganligi ham Zelenskiyga jiddiy boshog‘riq bo‘ldi. Prezident 44 million aholiga ega o‘z mamlakati uchun vaksina sotib olishda to‘siqlarga duch kelayotganini ochiq e’tirof etdi.

Shu tariqa, Kiyev vaktsina izlab va COVID-19 bilan bog‘liq vaziyat og‘irlashuvi manzarasida Pekinga murojaat qilib, 1.9 million doza “Sinovac” preparatiga buyurtma berdi.

Pekin xalqaro bayonotdan o‘z imzosini qaytarib olishga Kiyevni majbur etish uchun aynan vaktsina partiyasini to‘xtatib qo‘ygan edi.

Bobrovskaya, Ionova va Sharaskin Kiyevning Xitoy bosimiga tob bera olmay kelgusida yuz beradigan shunga o‘xshash holatlar uchun pretsedent yaratib berishi mumkinligidan xavotir bildirishdi. Uchala deputat Xitoyning Ukrainaga bosimiga oid boshqa ehtimoliy jihatlarni oxirigacha o‘rganish uchun parlament vakolatlaridan foydalanish niyatida.

“Xitoy Ukrainaga bir qator talablar qo‘yishi mumkin. Biroq ularni bajarish yoki bajarmaslik Ukrainaning haqqidir. Ukraina Pekinga yon berib, hujjatdan imzosini qaytarib olganidan afsusdaman”, deya urg‘ulaydi Bobrovskaya.

XS
SM
MD
LG