Valensiya viloyatining Payport shahrida toshqindan jabr ko‘rgan aholidan xabar olish uchun kelgan Ispaniya qiroli Filipp VI ga norozi olomon tomonidan loy va tosh otilga hamda haqorat yog‘dirilgan.
“Qotil”, deya qichqirishgan yig‘ilganlar Ispaniya qiroliga qarata. Haqoratdan shaharga kelgan hukumat amaldorlari ham benasib qolmadi. Odamlar ulardan nima uchun avvalroq kelishmaganini so‘rashgan. Bir muddat so‘ng olomonni tutib turish uchun politsiyachilar vaziyatga aralashishiga to‘g‘ri kelgan. Voqea joyidan olingan kadrlarda qo‘riqchilar Filipp VI ni soyabonlar yordamida to‘sishga urinayotgani aks etgan.
Payportda olingan suratlarda qirolicha Letitsiya yuzida ham loy izlarini ko‘rish mumkin.
Keyinroq mahalliy manbalar qirol va uning rafiqasi toshqindan jabrlangan boshqa bir aholi punkti - Chivaga safarini qoldirganlari haqida ma’lum qilishgan.
So‘nggi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, tinimsiz jala tufayli o‘tgan haftada yuzaga kelgan tabiiy ofat natijasida 217 kishi qurbon bo‘lgan, ularning aksariyati mamlakat sharqidagi Valensiya viloyati turg‘unlari bo‘lgan.
Toshqin chog‘ida ko‘plab odam bedarak ketgani aytilmoqda.Telefon va transport tarmog‘iga jiddiy shikast yetgani uchun yo‘qolgan odamlarning aniq sonini aytish qiyin bo‘lmoqda. Transport vaziri Oskar Puente El Pais nashriga bergan intervyusida tezkor xizmatlar ayrim uchastkalarga yana bir necha hafta mobaynida quruqlik yo‘li orqali bora olmasligi mumkinligini bildirgan.
Tabiiy ofat chog‘ida minglab odam uy-joylari va mol-mulklaridan ajragan. Toshqin ko‘priklarni vayron qilgan, qator shaharlarda ko‘chalar loy bilan to‘lgan. Bir necha aholi punkti elektr va suv ta’minotisiz qolgan, shuningdek, u joylarga oziq-ovqat yetkazib berish ham mushkullashgan.
Mahalliy aholi rasmiylarni jabrlanganlarga yordam va ularni qutqarish choralarida kechikkanlari uchun tanqid qilishmoqda. Ularning iddaosicha, rasmiylar tabiiy ofat haqida odamlarni o‘z vaqtida ogohlantirishmagan.