Линклар

Шошилинч хабар
02 декабр 2021, Тошкент вақти: 12:21

Van Yapin ochiq fazoga chiqqan ilk xitoylik fazogir ayol bo‘ldi


Xitoylik ayol fazogirlar, Van Yapin (o‘ngdan birinchi).

Xitoy kosmik stansiyasiga olti oylik missiyasi bilan borgan Van Yapin ochiq fazoga chiqqan birinchi xitoylik ayol fazogirga aylandi. Bu haqda The Associated Press agentligi xabar bermoqda.

Astronavt Chjay Chjigan yakshanba kuni kechqurun stansiyaning asosiy modulini tark etgan, keyinroq Van ham ochiq fazoga chiqqan. Xitoy Boshqariladigan kosmik agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, ikkala fazogir ochiq fazoda uskuna o‘rnatgan hamda stansiyaning robotlari bilan birga tajriba o‘tkazgan.

Fazogirlar dushanba kuni ertalabgacha ochiq fazoda qolgan.

Ekipajning uchinchi a’zosi Ye Guanfu stansiya ichida turib ularga yordam berib turgan.

41 yoshli Van va 55 yoshli Chjay Xitoyning o‘tmishdagi eksperimental kosmik stansiyalariga sayohat qilgan. Chjay 13 yil oldin ochiq fazoga chiqqan ilk xitoylik fazogir bo‘lgandi.

Van, Chjay va Ye Xitoyning doimiy stansiyaga yuborilgan ikkinchi ekipajidir. Ularning 16 - oktabrda boshlangan missiyasi olti oy davom etadi.

Stansiyaning Tianhe moduli kelgusi yilda Mengtian va Wentian nomli yana ikkita bo‘limga ulanadi. Stansiya qurib bitkazilganidan keyin, uning vazni 66 tonnaga yaqin bo‘ladi. Solishtirish uchun Xalqaro fazo stansiyasi og‘irligi 450 tonna atrofidadir.

Stansiyani kengaytirishga tayyorgarlik ko‘rish yo‘lida fazogirlar uch marta ochiq fazoga chiqadi. Shuningdek, ekipaj Tianhe modulidagi yashash sharoitini o‘rganadi hamda kosmik tibbiyot va boshqa sohalarda tajribalar o‘tkazadi.

Xitoy kelgusi ikki yil ichida stansiyani to‘liq ishga tushirish uchun unga bir nechta ekipaj yuborishni rejalashtirmoqda.

Sovet kosmonavti Svetlana Savitskaya 1984 - yilda ochiq fazoga chiqqan birinchi ayol bo‘lgandi. O‘sha yilning oxirida Ketrin Sallivan ochiq kosmosga chiqqan birinchi amerikalik ayol bo‘ldi.

2019 - yilda NASA astronavtlari Jessika Meir va Kristina Koch ochiq fazoga chiqqan ilk faqat ayollardan iborat ekipaj bo‘ldi. O‘shanda ikki fazogir yetti soatdan oshiq vaqt davomida Xalqaro kosmik stansiya tashqarisida ishdan chiqqan quvvat boshqarish blokini almashtirgandi.

XS
SM
MD
LG