Линклар

Шошилинч хабар
12 октябр 2024, Тошкент вақти: 09:00

Vazir va shahar hokimi bo‘lib ishlagan Soliyev 7 yilga qamaldi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

O‘zbekistonda 2017'-yildan 2021-yilgacha uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri, 2021-yildan 2023-yilgacha Nurafshon shahar hokimi lavozimida ishlagan Muzaffar Soliyev yetti yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Mahalliy nashrlar xabariga ko‘ra, sobiq vazir ishi shu yil mart oyida jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Sud hukmi bilan mamlakat Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) “a” va “v” bandlari, 209-modda (mansab soxtakorligi) 2-qismining “a”, “b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan Soliyev 7 yillik qamoq jazosiga tortilishi bilan birga 3 yil mobaynida moddiy javobgar shaxs lavozimida ishlash huquqidan ham mahrum etilgan. Sobiq vazir jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan.

Soliyev birinchi instansiya sudi hukmi ustidan yuqori instansiyaga shikoyat arizasi kiritgan. Sobiq vazir ishi shu yilning 30-iyulida Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilgan. Ammo Toshkent shahar sudi ham Shayxontohur tuman sudi hukmini o‘zgarishsiz qoldirgan.

Ozodlik avvalroq sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitovga oid ish joriy yilning 15-avgustidan jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida ko‘rila boshlashi haqida xabar qilgan edi. Mazkur ma’lumot keyinroq O‘zbekiston Oliy sudining jamoatchilik bilan aloqalar markazi rahbari Aziz Obidov tomonidan tasdiqlangan.

XS
SM
MD
LG