O‘zbekistonda kelgusi o‘quv yilida 100 dan ziyod maktab tashkil etilib, 257 ming o‘quvchi o‘rni ochiladi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri 24-dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga bergan axborotda qayd etilishicha, oxirgi yetti yilda 5 mingdan ziyod maktabda, bu yil esa 608 ta maktabda qurilish, ta’mirlash ishlari bajarildi.
Vazirlik kelgusi o‘quv yilida davlat ta’lim dasturini xalqaro standartlar talablariga muvofiqlashtirib, ikkinchi xorijiy til o‘qitiladigan maktablarni 420 taga, kasb-hunar o‘rgatiladiganlarini esa 400 taga yetkazishni rejalashtirgan.
Bu yil 1500 ta umumta’lim maktabida yangi baholash tizimi joriy etildi. Natijalar tahlilidan kelib chiqib, bu tajriba yana kengaytiriladi.
Vazirlik rejasiga ko‘ra, keyingi yil 162 ta maktabgacha ta’lim muassasasi quriladi, 100 ta xususiy va mingta oilaviy bog‘cha ochiladi. Bular orqali maktabgacha ta’lim qamrovi 78 foizga yetkaziladi.
Mamlakatda o‘quvchi o‘rinlari yetishmasligi ta’lim tizimining og‘riqli muammolaridan biri sanaladi. Ekspertlar yangi maktablar qurilishi aholi soni o‘sishiga mutanosib olib borilmasligi oqibatida o‘quvchilar ikki-uch smenada o‘qishga majbur bo‘layotganini aytib keladi.
Yuklamani xususiy ta’limni rivojlantirish orqali yengillashtirishga urinishni kuzatish mumkin. Ozodlik avvalroq mamlakatdagi nodavlat maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari 2030-yil 1- yanvariga qadar barcha turdagi soliq (bundan ijtimoiy soliq mustasno) va yig‘imlardan ozod qilingani haqida xabar qilgan edi.