Линклар

Шошилинч хабар
05 октябр 2024, Тошкент вақти: 09:08

"Vodafone O‘zbekiston uyali aloqa bozoriga kirmoqchi"


Vodafone shirkati logosi
Vodafone shirkati logosi

Jahondagi eng yirik uyali aloqa operatorlaridan biri bo‘lgan Vodafone kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalayapti. Bu haqda 20-avgust kuni Nukusda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda tadbirkor Farhod Mamajonov ma’lum qilgan.

Gazeta.uz nashri qaydicha, tadbirkor prezident avval bergan topshiriqlar asosida Britaniyaning Vodafone brendi mobil aloqasini ishga tushirish bo‘yicha 5G Standalone bilan ish boshlanganini bildirgan.

Hamkorimiz Britaniyaning Vodafone brendi bo‘ladi. Biz Perfectum korxonasini xususiylashtirib oldik… Xususiy tadbirkorga raqamlashtirish quyi bo‘g‘inda yetib borishi uchun internet kerak bo‘ldi, buni bank orasida ko‘rib chiqdik. Buning uchun Uzcard kompaniyasi bilan hamkorlikda inqilobiy rejaga qo‘l urdik — Vodafone kompaniyasi tashkil etiladi. Xudo xohlasa, yangi yilda ishga tushadi”, deya iqtibos keltirgan Farhod Mamajonov so‘zlaridan nashr.

1984-yilda tashkil etilgan Vodafone Group bugungi kunda 30 ta mamlakatda 434 million foydalanuvchisi bo‘lgan dunyodagi eng yirik telekommunikatsiya shirkatlari guruhlaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Vodafone Group 50 ta davlatda to‘liq nazoratga ega bo‘lmagan tarmoqning hamkori hamdir.

Farhod Mamajonov Nukusdagi yig‘ilishda loyihaning investitsiya qiymati 250 million yevroni tashkil etishini aytgan. Loyiha 2025-yilning birinchi choragida boshlanishi va 1000 ta ish o‘rni yaratilishi kutilyapti. Loyihada o‘z jihozlari bilan Finlyandiyaning Nokia kompaniyasi ham ishtirok etadi.

Ushbu texnologiyalar ishga qo‘yish uchun olib kelinyapti, o‘rnatish ishlari olib borilyapti. Bu loyihani amalga oshirish uchun „O‘zsanoatqurilishbank“ orqali Finlyandiya eksport agentligidan 100 million yevro investitsiya jalb qildik. Ta’sischilar — o‘zimiz 150 million yevro jalb qilyapmiz… Shu paytgacha xorijiy va davlat [mobil] korxonalari bo‘lgan, hozir esa milliy uyali aloqa operatorini tashkil qilyapmiz”, degan tadbirkor.

Mamajonovga ko‘ra, Vodafone bozorga kirishdan oldin “O‘zbekistondagi iqtisodiy va siyosiy o‘zgarishlarni sinchiklab tekshirgan”. Tadbirkor Birlashgan Arab Amirliklarining Emirates Telecommunications Group Company PJSC texnologik guruhi ham loyihada texnik hamkor sifatida ishtirok etishini qo‘shimcha qilgan.

XS
SM
MD
LG