Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:36

WSJ: AQSh O‘zbekiston va Tojikistonda o‘z harbiylarini joylashtirish imkonini ko‘rib chiqmoqda


Bishkek yaqinidagi Manas tranzit markazida AQSh havo kuchlari uchog‘iga harbiy yuklar ortilmoqda. 6 -mart, 2010
Bishkek yaqinidagi Manas tranzit markazida AQSh havo kuchlari uchog‘iga harbiy yuklar ortilmoqda. 6 -mart, 2010

Joriy yilning 11 - sentabriga qadar AQSh va Vashington ittifoqchilari qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etadi. Shu sababdan AQSh harbiy rejalashtiruvchilari qo‘shinlar va harbiy texnikani Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqda joylashtirish imkoniyatlarini o‘rganib chiqmoqda.

AQSh harbiy qo‘mondonlari Afg‘oniston hukumatini dastaklash, Tolibonni nazorat qilib turish va boshqa ekstremistlarni kuzatib borish uchun qo‘shinlar, dronlar, bombardimonchi samolyotlar va artilleriya uchun baza izlamoqda. The Wall Street Journal nashrining Oq uy va Pentagondagi manbalarga tayanib yozishicha, ko‘rib chiqilayotgan variantlar orasida qo‘shni mamlakatlardan tortib uzoqroqda, Fors ko‘rfazidagi amirliklari bor.

Ayrim armiya hamda Bayden ma’muriyati rasmiylariga ko‘ra, Vashington uchun Afg‘onistonga eng tez imkon beruvchi davlatlar qo‘shni O‘zbekiston va Tojikiston hisoblanadi. Ammo rasmiylarning aytishicha, Rossiyaning mintaqadagi roli, Xitoyning tobora kuchayib borayotgan armiyasi va ushbu ikki mamlakat va Vashington o‘rtasidagi ziddiyatlar Markaziy Osiyoda baza ochish rejalarini murakkablashtirmoqda.

AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod o‘tgan hafta O‘zbekiston va Tojikistonga xizmat safari bilan bordi. Safar davomida Xalilzod Afg‘onistonda jang qilayotgan taraflar o‘rtasida tinchlik o‘rnatishni muhokama qilgan. AQSh rasmiylari so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistondagi zo‘ravonlik O‘zbekiston va Tojikistonni tashvishga soladi, chunki bu ikki mamlakat to‘qnashuvlar o‘z hududiga tarqalishini istamaydi.

AQSh rasmiylari so‘zlariga ko‘ra, Pentagon hali Markaziy Osiyoda baza ochish to‘g‘risida tegishli mamlakatlarga rasmiy murojaat yo‘llamagan. Yangi baza ochish qarorini qabul qilishda Davlat departamenti va Oq uy ham ishtirok etadi.

O‘tgan oy prezident Jo Bayden sentabr oyiga qadar AQSh va Vashington yetakchiligidagi koalitsiya qo‘shinlari Afg‘onistondan olib chiqib ketilishini aytgandi.

Keyingi oylarda Afg‘onistondagi guruhlari o‘rtasidagi ziddiyatlar kuchaydi. AQSh, Afg‘oniston hukumati rasmiylari hamda boshqalar xorijiy qo‘shinlar olib chiqib ketilganidan keyin mamlakatda to‘laqonli urush boshlanib ketishidan xavotirda.

O‘tgan oy oxirida AQShning Afg‘onistondagi yuqori darajadagi qo‘mondoni, general Skott Miller va AQSh Markaziy qo‘mondonligi boshchisi general Frenk MakKenzi mudofaa vaziri Lloyd Ostinga Afg‘onistondan harbiylar va texnikani olib chiqish ketish bo‘yicha dastlabki rejani taqdim etgan.

Ushbu reja 25 – 30 ming harbiy, shu jumladan, NATO va Amerika qo‘shinlari va pudratchilarni Afg‘onistondan olib chiqib ketishni ko‘zlaydi. Davlat departamenti AQShning Kobuldagi yirik elchixonasida nechta harbiy olib qolmoqchi ekani hanuz noma’lum. Shunday bo‘lsa-da, AQSh rasmiylari elchixonada 1 000 ga yaqin harbiy qolishi mumkinligini aytishdi.

Shuningdek, rasmiylarning aytishicha, dastlabki rejalarda olib chiqib ketilgan AQSh qo‘shnilari qayerga yuborilishi belgilanmagan.

Bayden ma’muriyati qo‘shinlar, dronlar va boshqa tezkor yordam vositalari uchun Afg‘onistonda yaqin joyda baza ochishni istaydi, chunki Kobuldagi AQSh elchixonasiga hujum uyushtirilgan taqdirda yaqin orada joylashgan harbiy baza qo‘l keladi. O‘tgan oyda Bayden ma’muriyati qo‘shinlar olib chiqib ketilishni e’lon qilar ekan, agar al-Qoida Afg‘onistonda yana paydo bo‘lsa yoki «Islomiy davlat» singari boshqa guruhlar AQSh yoki uning manfaatlariga tahdid solsa, havo hujumlari amalga oshirilishi yoki kuzatuv missiyalari yo‘lga qo‘yilishini bildirdi.

Agar yaqin atrofdagi mamlakatlarda baza ochish imkoni topilmasa, AQSh rasmiylari hozirda bir nechta AQSh bazasiga mezbonlik qilayotgan arab davlatlarini ko‘rib chiqadi.

Bundan oldin Qirg‘iziston va O‘zbekiston AQSh harbiy bazalariga mezbonlik qilgan. O‘zbekistondagi baza 2005 - yilda, Qirg‘izistondagi baza esa oradan o‘n yil o‘tib yopildi.

Rossiya o‘z ta’sir doirasida bo‘lib kelayotgan sobiq sovet mamlakatlariga AQSh harbiylari safarbar qilinganiga boshidanoq e’tiroz bildirib keladi. Ayniqsa, Ukraina, Gruziya va Qirg‘izistonda Kremlga sodiq yetakchilar hokimiyatdan ag‘darilganidan keyin.

Bu orada AQShning Rossiya va Xitoy bilan munosabatlari yanada sovidi. Shunday bo‘lsa-da, ushbu uch mamlakat mintaqada tinchlik saqlanishi tarafdoridir. Qolaversa, AQSh rasmiylarining so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari Rossiya va Xitoy ta’siriga qarshi kuch bo‘lishini xohlaydi.

Qolaversa, Mozori Sharif orqali Pokistonga temir yo‘l yotqizayotgan O‘zbekiston Afg‘oniston tinch bo‘lishini xohlaydi.

O‘zbekiston rasmiylari so‘nggi haftalarda AQSh matbuotida bot-bot paydo bo‘layotgan xabarlarga rasmiy munosabat bildirganicha yo‘q. O‘zbekiston harbiy doktrinasi mamlakat hududida xorijiy davlatlarning harbiy bazalarini joylashtirishni taqiqlaydi. Rossiyaning RIA Novosti agentligiga gapirgan O‘zbekiston Mudofaa vazirligi vakili harbiy doktrinadan iqtibos keltirish bilan kifoyalangan.

XS
SM
MD
LG