Линклар

Шошилинч хабар
23 сентябр 2021, Тошкент вақти: 17:36

WSJ: O‘zbekiston AQShni Tolibondan qochgan afg‘on uchuvchilarini chiqarib yuborishi haqida ogohlantirgan


Afg‘on harbiy uchuvchilari. Illyustrativ surat.

O‘zbekiston hukumati Amerika tomonini shu oy o‘rtalarida O‘zbekiston chegarasini buzib kirgan afg‘on pilotlari va ularning oilalarini chiqarib yuborishni rejalayotgani haqida ogohlantirgan.

Wall Street Journal nashrining yozishicha, Tolibon AQSh tayyorlagan pilotlar uchib o‘tgan harbiy samolyot va vertolyotlarni Afg‘onistonga qaytarishni talab qilmoqda.

Shu oy boshlarida Tolibon Kobulni egallagach, yuzlab afg‘on harbiylari AQSh yetkazib bergan uchoq va vertolyotlarda oila va hamkasblari bilan birga O‘zbekistonga qochib o‘tgan.

O‘zbekiston AQShni afg‘on uchuvchilarini ular va Tolibon o‘rtasida to‘qnashuv oldini olish uchun boshqa davlatga ko‘chirishga undamoqda, deya Amerika rasmiylaridan iqtibos keltirmoqda “Wall Street Journal”.

Nashr O‘zbekiston hukumati Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olgan Tolibon bilan yaxshi aloqalar o‘rnatganini qayd etgan.

WSJ muxbiriga ko‘ra, O‘zbekistondagi AQSh o‘qitgan afg‘on uchuvchilari masalasi Kongress Vakillar palatasining Tashqi ishlar qo‘mitasi a’zosi, AQSh Harbiy havo kuchlari sobiq uchuvchisi Avgust Pflyuger tomonidan ko‘tarildi.

U Davlat kotibi Entoni Blinkendan vaziyatga aralashish va uchuvchilarni Tolibonning o‘ch olishi xavfidan himoya qilishni so‘ragan.

Davlat Kotibi kongressmenning savoliga javoban "uzoq muddatli xavfsiz joy topilgunga qadar afg‘onlarga mezbonlik qilib turgan o‘zbek hukumatiga minnatdorlik bildirishlari"ni ta’kidlagan.

Nashrning yozishicha, Davlat departamentining vaziyatga munosabatda sustkashlik qilgani o‘zbek hukumati hafsalasini pir qilgan.an.

Pflyugerga ko‘ra, O‘zbekistonning AQShdagi elchisi o‘tgan hafta Tolibonning o‘tkazayotgan bosimini nazarda tutib, uchuvchilar “uyiga yuborilmaydi, ammo O‘zbekistonda ham qololmaydi”, deb aytgan.

Xabar berilishicha, toliblar O‘zbekistonning Kobuldagi elchixonasiga uchuvchilarni ortga qaytarish yuzasidan bosim o‘tkazmoqda va agar ular qaytmasa, Afg‘onistondagi oila-a’zolari xavf ostida qolishi haqida ogohlantirgan.

Avvalroq Afg‘onistonning 22 ta harbiy samolyoti hamda 24 ta harbiy vertolyoti 14-15 avgust kunlari O‘zbekiston chegarasidan noqonuniy o‘tgani, mazkur harbiy texnika O‘zbekiston harbiylari tomonidan majburiy ravishda Termiz xalqaro aeroportiga qo‘ndirilgani to‘g‘risida Bosh prokuratura xabar bergandi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay Bosh prokuratura o‘zi tarqatgan bu xabarga o‘zi raddiya bergan.

“Tolibon uchuvchilarni o‘zining eng ashaddiy dushmani hisoblaydi, chunki ularga asosan havodan zarbalar berilgan va bu zarbalar natijasida katta talafotlar ko‘rilgan. Tolibon O‘zbekistondan uchuvchilardan tashqari samolyotlarni ham qaytarishni talab qilmoqda”,-deb yozdi The Wall Street Journal.

Ikki hafta muqaddam Tolibon Kobulni egallaganidan so‘ng boshlangan taloto‘p Amerika fuqarolari va hamkorlarini shoshilinch evakuatsiya qilishga sabab bo‘ldi.

AQSh Markaziy qo‘mondonligi Dengiz piyodalar korpusi generali Frenk Makkenzi so‘zlariga ko‘ra, AQSh 14 - avgustdan beri 79000dan ortiq tinch aholini, shu jumladan, 6000 amerikalikni olib chiqqan.

AQShning oxirgi evakuatsiya harbiy uchog‘i dushanba oqshomida parvoz qilgan va shu bilan AQSh tarixidagi eng uzun davom etgan urushga nuqta qo‘ygan.

XS
SM
MD
LG