Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 04:19

Xalqaro Amnistiya: Hukumatlar pandemiya bahonasida inson huquqlarini cheklamoqda


Tibbiy niqob taqqan Yo‘l-patrul xizmati xodimlari Toshkentdagi nazorat-o‘tish nuqtasida - 23 - iyul, 2020
Tibbiy niqob taqqan Yo‘l-patrul xizmati xodimlari Toshkentdagi nazorat-o‘tish nuqtasida - 23 - iyul, 2020

“Amnesty International”ning aytishicha, koronavirus pandemiyasiga qarshi ayrim tadbirlar Yevropa va Markaziy Osiyoda mavjud notenglik va suiiste’mollarni yanada kuchaytirgan, davlatlar ushbu inqirozdan hokimiyatni saqlab qolish, erkinliklarni cheklash va inson huquqlari bo‘yicha majburiyatlarga ko‘z yumish uchun bahona o‘laroq foydalanmoqda.

7 - aprel kuni e’lon qilingan yillik hisobotida Londonda joylashgan “Amnesty International” tashkiloti hukumatlarning COVID-19ga javobi “ijtimoiy yakkalanishning, notenglik va davlat aralashuvining insoniy zarari”ni namoyon qilgan.

“Dunyoda inson huquqlari ahvoli” deb nomlangan ushbu hisobotga ko‘ra, mintaqadagi davlatlarning yarmi COVID-19ga chora sifatida favqulodda holat joriy qilgan, harakatlanish, ifoda erkinligi va tinch yig‘ilishlar huquqi cheklangan.

Rossiya, Sharqiy Yevropaning “aksar” qismi va Markaziy Osiyoda odil sudlovga bo‘lgan huquq toptalishi davom etgan.

Karantin choralari va boshqa ijtimoiy cheklovlar jamiyatning zaif qatlamiga jiddiy zarba bergan.

Qochqinlar va boshpana izlovchilar Bolgariya, Kipr, Fransiya, Gretsiya, Vengriya, Rossiya, Serbiya va Slovakiyada kamsituvchi “majburiy karantin”larga olingan.

Huquq tartibot organlari Belgiya, Fransiya, Gruziya, Gretsiya, Italiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Polsha, Ruminiya va Ispaniyada me’yoridan ortiq kuch ishlatishlargacha borgan.

Ozarbayjonda siyosiy sabablarga ko‘ra ayblovlar “pandemiyani jilovlash” bahonasi bilan qo‘yilgan.

Shundoq ham erkinlik cheklangan davlatlarda o‘tgan yili yanada cheklovlar ko‘paygan.

Qozog‘iston va O‘zbekistonda yig‘ilishlarni cheklovchi yangi qonunlar qabul qilingan.



Belarusda saylov natijalarining soxtalashtirilishi da’vosi bilan ko‘chaga chiqqan namoyishchilarga qarshi politsiya “yalpi, misli ko‘rilmagan zo‘rlik, qiynoqlarni qo‘llagan”.

Mintaqa bo‘ylab Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, Bosniya va Gersegovina, Fransiya, Vengriya, Qozog‘iston, Polsha, Ruminiya, Rossiya, Serbiya, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston va O‘zbekiston “so‘z erkinligini cheklovchi mavjud va yangi qabul qilingan qonunlarni noto‘g‘ri qo‘llagan.”

Hukumatlar jurnalistlarni, sog‘liqni saqlash xodimlarini himoya qilish uchun yetarli chora ko‘rmagan, ba’zida hukumatning pandemiyaga qarshi choralarini tanqid qilganlarni nishonga olgan. Bu ayniqsa, Albaniya, Belarus, Bosniya, Vengriya, Qozog‘iston, Kosovo, Polsha, Rossiya, Serbiya, Turkiya, Ukraina va O‘zbekistonda kuzatilgan.

Sud hokimiyatining cheklanishi

“Amnesty International”ning aytishicha, Polsha, Vengriya va Turkiyada va boshqa davlatlarda hukumatlar 2020 - yilda ham sud hokimiyati mustaqilligiga rahna soluvchi qadamlarni tashlashda davom etgan. Bular sudyalarni intizomga o‘rgatish, ularning tayinlanishiga aralashishlar, jumladan, hukumat istagiga qarshi chiqadigan sudyalar tayinlanishiga qarshilik qilishdir.

Ziddiyat hududlarida inson huquqlarining ahvoli

“Amnesty International”ga ko‘ra, sobiq Sovet Ittifoqi hududidagi davlatlardagi ziddiyatlar insoniy rivojlanish va mintaqaviy hamkorliklarga to‘g‘anoq bo‘lgan.

Gruziya, Rossiya va bo‘lginchi hududlar Abxaziya va Janubiy Osetiyada odamlarning ko‘chib yurishiga cheklovlar davom etgan.

Moldovaning bo‘lginchi Dnestroldi hududi rasmiylari odamlarni o‘z nazoratlaridagi hududdan chiqishini cheklagan, bu esa mahalliy aholining tibbiy yordam olishini og‘irlashtirgan.

Ukrainada Ukraina kuchlari va Rossiya dastagidagi bo‘lginchilar odamlarga to‘qnashuv chizig‘i bo‘ylab o‘tishga cheklov qo‘ydi, natijada ko‘plab odamlar tibbiy yordam, pensiya olomay, ish joyiga qatnay olmay aziyat chekdi.

O‘tgan kuza Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi urush 5000 dan ortiq odamning yostig‘ini quritdi.
Ham Armaniston, ham Ozarbayjon kuchlari “urush jinoyatlarini, jumladan, sudsiz qatl qilish, asirlarni qiynoqqa solish, dushman tomon askarlari murdalarini toptashgacha bordi.”

Inson huquqlari himoyachilariga to‘siqlar

“Amnesty International” hisobotiga ko‘ra, Yevropa va Markaziy Osiyodagi ayrim hukumatlar inson huquqlari faollari va nodavlat tashkilotlarining faoliyatiga “turli cheklovchi qonunlar, haqoratli ritorikalar” bilan to‘siq qo‘yishni davom ettirdi.

Qozog‘iston va Rossiya hukumatlari nodavlat tashkilotlari ovozini turli tuhmat kampaniyalari uyushtirib o‘chirishga urindi.

Qozog‘iston rasmiylari o‘ndan ortiq nodavlat tashkilotni xorijdan mablag‘ olish shartlarini buzganlikda ayblab, faoliyatini to‘xtatish bilan tahdid qildi.

XS
SM
MD
LG