Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:55

“Xalqni muammolardan chalg‘itish”. Rossiyadagi migrantofobiyaning ildizi qayerda?


Rossiya politsiyasi Moskvaning "Sadovod" bozorida reyd o‘tkazmoqda - 7 - avgust, 2013
Rossiya politsiyasi Moskvaning "Sadovod" bozorida reyd o‘tkazmoqda - 7 - avgust, 2013

Ekspertlar Rossiya axborot makonida migrantlarga doir salbiy mazmunli xabarlar soni ortib borayotgani haqida gapirmoqda. Qator tahlilchilar buni yaqinlashib kelayotgan parlament saylovi bilan bog‘liq deydilar. Ularning taxminicha, hukumat migrantlar mavzusini aholini boshqa hayotiy muammolardan chalg‘itish uchun qo‘llamoqda.

“Qirg‘izistonlik migrant Sankt-Peterburgda 14 yoshli qizni zo‘rladi”, “Ommaviy mushtlashuvda qatnashgan migrantlarni Rossiyadan badarg‘a qilish taklif etildi”, “Qo‘lbola so‘yil va pichoqlar. Moskva viloyatida migrantlar o‘rtasida mushtlashuvlar ro‘y berdi”...

Iyul oyi boshidan beri Rossiya matbuotida shu kabi sarlavhalar tez-tez ko‘zga tashlanmoqda. Migrantlar orasidagi jinoyatchilik haqida avval ham gapirilgan, ammo ekspertlar ushbu mavzu so‘nggi kunlarda zo‘r berib “chaynalayotganini” ta’kidlashyapti.

Путин: Мигрантлар болаларининг мактабларда кўпайиши-катта муаммо!
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:36 0:00

Migrantlar huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi Valentina Chupik bu harakatlar qasddan qilinayotganiga ishonadi:

– Migrantofobiya propagandasi bor quvvati bilan ishlamoqda. Rossiyada hokimiyat xalqni boshqa muammolardan chalg‘itish uchun shunday qilyapti. Yana qanday chorasi bor uning? – deya savol qo‘yadi u.

Chupikka ko‘ra, ushbu vaziyat Rossiyada 17 - sentabrda bo‘lib o‘tadigan parlament saylovi bilan bog‘liq. Huquqbon hukumat aholi e’tiborini real muammolardan chetga tortish maqsadida shunday yo‘l tutmoqda, deb biladi. Uning taxminicha, migrantlarning ommaviy mushtlashuvini maxsus xizmatlar o‘zi uyushtirgan bo‘lishi ham mumkin:

– Hozirda kuniga bir necha ming migrant qo‘lga olinmoqda, ularning 80 foizi – qirg‘izistonliklar. Bular bari saylov bilan bog‘liq. Menga qolsa, ommaviy mushtlashuv ham uyushtirilgan. U o‘z-o‘zidan yuz bergani yo‘q. Maxsus xizmatlar Rossiya xalqi muhim ijtimoiy muammolardan chalg‘ib, shu bilan andarmon bo‘lsin, degan maqsadda mushtashuvni o‘zlari tashkil qilgan bo‘lsa ajab emas. Migrantlarni sun’iy ravishda dushmanga aylantirishmoqda.

Migrantlar siyosatchilar qo‘lida o‘yinchoq bo‘ldi

Migrantlarga qarshi fikrlar yaqinda Bishkekda sodir bo‘lgan voqeadan so‘ng kuchaydi. Savdo markazlaridan birida bir erkak qirg‘iz tilida xizmat ko‘rsatmagani uchun sotuvchi qizni kalkulyator bilan urgan edi. Bu haqda Rossiyada turli siyosatchi va siyosatshunoslar fikr bildira boshladi.

Millatchilikka moyil “Perviy russkiy” telekanalida “Barcha ruslarning yuziga tupurishdi” degan mavzuda muhkama ketdi. Munozarada qatnashgan LDPR partiyasidan Davlat dumasi deputati Leonid Nilov Rossiyada qirg‘izistonlik migrantlarga qirg‘iz guvohnomasi bilan avtomobil boshqarishga ruxsat berilganini eslatib, bu imtiyozni bekor qilishni taklif etdi:

– LDPR ko‘p yillar buni bekor qilish kerakligini aytib kelgan. Ammo qonun loyihasi muhokamaga qo‘yilmayapti. Qirg‘izistonliklarga bunaqa imtiyoz shuning uchun berilganki, u yerda rus tili maxsus maqomga ega. Agar bu bo‘lmasa, yana cheklovlar joriy etish kerak.

Bundan bir kun oldin LDPR yetakchisi Vladimir Jirinovskiy o‘z tarafdorlari bilan QRning Moskvadagi elchixonasi yonida miting o‘tkazib, qirg‘izistonlik migrantlarga qarshi chora ko‘rishni talab qilgan edi.

Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert Arkadiy Dubnov Davlat Dumasi deputatlarining mehnat migrantlariga qarshi ksenofobik mazmunidagi chiqishlaridan muddao elektoratning muayyan qismi ovozini olish, deb hisoblaydi.

Shuningdek, o‘sha kunlar Davlat Dumasidagi “Spravedlivaya Rossiya” fraksiyasi a’zosi Sergey Mironov “Facebook”dagi sahifasida janubiy qo‘shnilar bilan viza tartibini joriy etish Rossiya uchun migratsiya halokatidan saqlanishning yagona chorasi ekanini iddao qilgan edi.

Rossiyadagi qirg‘izistonlik faol To‘lqinboy Akmatovga ko‘ra, ushbu vaziyatda bir tomondan migrantlarning o‘zlari aybdor, ikkinchi tomondan esa, bu siyosiy populizm bilan bog‘liqdir:

– Qirg‘izlarda ruslarning “Hushyor odamning dilidagi gap mastning tilida bo‘ladi”, degan maqoliga o‘xshash ibora bor. Nazarimda, Rossiya hukumati o‘z fikrini Jirinovskiy orqali bildirmoqda. Ikkinchidan, Rossiyada qirg‘izlarni urish, o‘ldirish hollari ko‘p kuzatilyapti. Shunday bo‘laturib hech kim eslamaydigan kichik bir mamlakatda yuz bergan birgina voqea Rossiyada olamshumul muammoga aylantirildi. O‘zimizda ham ayb bor – begona mamlakatda yurish-turishni bilmaymiz, har qadamda janjal chiqaramiz. Aftidan, rossiyaliklar bizni haddidan oshgan hisoblab, o‘rnimizni bilib o‘tirishimiz haqida signal berishyapti. Bu saylovlar bilan ham bog‘liq, siyosatchilar o‘zlarini ko‘rsatish uchun shunaqa bayonotlar berishadi, – deydi u.

17 - sentabr kuni Rossiyada Davlat Dumasi va mahalliy parlamentlarga saylovlar bo‘lib o‘tadi. Yil boshida Rossiya shaharlarida muxolifat siyosatchisi Aleksey Navalniy qo‘lga olinishiga qarshi yirik namoyishlar o‘tkazilgan edi. Namoyishchilar mamlakatning hozirgi rahbariyati iste’fosini talab qilganlar.

Rasmiy qaydlarga ko‘ra, Rossiyada qirg‘izistonlik 600 mingdan ortiq mehnat migrantlari ishlaydi. Norasmiy manbalarda esa bu raqam bir million kishidan ortiqligi aytiladi.

XS
SM
MD
LG