Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:03

“Xitoy hukumati obro‘siga zarba”. Vashington nega Pekin Olimpiadasiga diplomatik boykot e’lon qildi


Xitoy xavfsizlik kuchlari patruli Qoshg‘ar shahridagi masjid oldidan o‘tib ketmoqda. Xitoy, Shinjon, 2017, 4 - noyabr
Xitoy xavfsizlik kuchlari patruli Qoshg‘ar shahridagi masjid oldidan o‘tib ketmoqda. Xitoy, Shinjon, 2017, 4 - noyabr

6 - dekabr, dushanba kuni Oq uy Pekin shahrida bo‘ladigan qishki Olimpiya o‘yinlariga “diplomatik boykot” e’lon qildi. Sabab Xitoy hukumatining uyg‘urlarga nisbatan genotsid siyosati va inson huquqlari poymol qilinayotganidir. AQSh Pekinga rasmiy vakillarini jo‘natmaslikka qaror qildiki, bunaqasi faqat bir marta – 1980 - yilgi Moskva Olimpiadasida bo‘lgan: o‘shanda amerikalik sportchilar ham Moskvaga yuborilmagan edi.

Bayden ma’muriyatining mazkur qaroriga Qo‘shma Shtatlarda turlicha munosabat bildirilmoqda. Ammo fikrlar bir nuqtada – bu chora yetarlimi yoki yo‘qmi, degan savol ustida farqlanmoqda xolos.

Xususan, Senatning xalqaro aloqalar qo‘mitasi raisi demokrat Robert Menendes boykotni “inson huquqlarini poymol etayotgan Xitoy hukumati qarshisida bizning inson huquqlari himoyasiga qat’iyan sodiqligimizni ko‘rsatuvchi zarur qadam”, deya ta’rifladi. Respublikachi senator Tom Kotton esa qarorni “nimchora” deb atadi. “Qo‘shma Shtatlar genotsid siyosatiga qorishiq Pekin Olimpiadasini to‘liq boykot qilishi lozim”, dedi u.

Avvalroq, “diplomatik boykot” haqida ma’lum qilgan Oq uy voizi Jen Psaki mazkur aktsiyani “Shinjondagi toqat qilib bo‘lmas haqsizlik va vahshiyliklar”ga qarshi norozilik belgisi o‘laroq qabul qilish zarurligini urg‘ulagan edi. “Biz to‘g‘ri pozitsiyada ekanimizga ishonamiz va Xitoyda va undan tashqarida inson huquqlarini himoya qilish uchun shu kabi aksiyalarni o‘tkazishda davom etamiz”, degan AQSh ma’muriyati vakilasi.

Pekinning Amerikadagi tanqidchilari, jumladan huquqbonlik tashkilotlari Olimpiya o‘yinlarini to‘liq boykot qilishga chaqirishdi, ular nazdida, to‘liq boykotgina XXR hukumatining fe’l-atvoriga jiddiyroq ta’sir etishi mumkin.

Jen Psaki Oq uyda Olimpiadani butkul boykot qilish masalasi muhokama qilinganmi-yo‘qligi haqidagi savolga javob berishdan bosh tortdi. Aytishicha, ma’muriyat amerikalik atletlarni jazolashni xohlamagan. Oq uy Pekinga AQSh rasmiylari delegatsiyasini yuborishdan bosh tortgani yetarlicha kuchli signal, deb hisoblamoqda.

Xitoy TIV rasmiy vakili Chjao Litszyan “Tvitter”dagi sahifasida dastlab diplomatik boykot “muhim sohalarda” Xitoy-Amerika munosabatlariga ta’sir qilishi mumkinligidan ogohlantirib, AQShga “keskin qarshi choralar” bilan do‘q qildi. Keyinroq esa tarmoqda shunday yozuv qoldirdi: “Qishki Olimpiadaga boykot e’lon qilgan siyosatchilarning Pekinga kelishi yoki kelmasligi aslida hech kimni tashvishga solmaydi”.

Xitoy bo‘yicha ekspert, Massachusetsdagi Endikott-kollej professori Vitaliy Koziryovga ko‘ra, hatto ushbu ramziy boykot ham Pekinga og‘ir botishi mumkin, chunki bu, jumladan, Xitoy Jo Bayden iqtidorga kelganidan so‘ng AQSh bilan aloqalar yaxshilanishidan bekorga xomtama bo‘lganini ko‘rsatadi.

“Xitoy rahbariyati, siyosiy doiralari o‘z maqomlarining tasdiqlanishini va hurmat qilinishini juda muhim deb biladi. Ular hatto ramziy harakatlarga ham g‘oyat e’tiborli, ayniqsa bu Qo‘shma Shtatlar tarafidan bo‘lsa. Chunki bu nafaqat xalqaro obro‘-e’tibor va AQSh bilan teng huquqli munosabatlarning tan olinishini belgilaydi, balki ichki siyosatda ham aks etadi. Hukumat o‘z xalqiga “mana, diplomatik yo‘llar bilan AQShdek superdavlatning bizni tan olishiga erishyapmiz”, deyishni istaydi. Shu bois, o‘ylaymanki, bu Xitoy hukumati obro‘siga og‘riqli zarba bo‘ladi, biroq Xitoyning AQShga nisbatan pozitsiyasi yumshashiga olib kelmaydi. Aksincha, bu mamlakatda aksilamerika kayfiyatini kuchaytirib yuboradi”, deydi ekspert.

Diplomatik boykot XXR rahbariyatiga og‘ir botishi sabablaridan biri shuki, yaqinda Pekin AQSh bilan strategik barqarorlik masalasini muhokama qilishga rozilik berish bilan ramziy jihatdan jiddiy yon bergan edi:

“Noyabrь oyi oxirida Si Szinpin Jo Bayden bilan uch yarim soat telefon orqali so‘zlashganida strategik barqarorlik bo‘yicha muzokaralarni boshlashga rozilik bergandi. Bu men uchun kutilmagan hol bo‘ldi, chunki Pekin shu paytga qadar strategik barqarorlik masalasida AQSh va Rossiya gaplashib olishi lozimligini ta’kidlab kelardi. Aftidan ular Vashington bunga javoban ayrim jabhalarda Xitoyga yon bosishiga umid qilishgan, lekin, ko‘rdikki, Bayden ma’muriyati bunday qilmoqchi emas”, xulosa qiladi Koziryov.

AQShning diplomatik boykoti, agar unga Qo‘shma Shtatlarning ittifoqchilari ham qo‘shilsa, Pekin uchun yanada alamli kechishi va katta siyosiy talafot yetkazishi mumkin. Oq uy o‘z qarorini ayrim ittifoqdoshlari bilan oldindan muhokama qilib olgani ma’lum.

XS
SM
MD
LG